Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yog‘ingarchilikda va undan keyin o‘simliklarni parvarishlash choralari qanday?
18:20 / 2023-04-10

AOKAda o‘tkazilgan brifingda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi axborot xizmati rahbari Sabina Sadinova yog‘ingarchilikda va undan keyin o‘simliklarni parvarishlash choralari haqida ma’lumot berdi.

Hasharotlarning rivojlanishi va tarqalishining oldini olish uchun agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish, zararkunandaning xavf miqdorini aniqlash uchun feromon tutqichlardan va entomofaglar, ya’ni foydali hasharotlardan foydalanish, iqtisodiy zarar yuqori bo‘lganda kimyoviy preparatlarni qo‘llash tavsiya etiladi.

Biologik kurash choralarini keng joriy etish uchun Agentlik tomonidan biolaboratoriyalarni tashkil etishda amaliy yordam ko‘rsatib kelinmoqda. Xususan, bugungi kunda 640 ta biolaboratoriyaning faoliyati to‘liq yo‘lga qo‘yilgan. Alohida xonadonbay ishlash tizimi asosida 1844 ta xonadonda biolaboratoriya shoxobchalari tashkil etildi hamda 4420 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Mazkur biolaboratoriyalarda joriy yil mavsumi uchun 1 milliard 376 million dona oltinko‘z, 1 ming 498 kg. trixogramma va 265 milliard dona brakon entomofaglari ko‘paytirilib, 226 ming gektardan ortiq g‘alla va boshqa ekin maydonlariga tarqatildi.

Ta’kidlanishicha, mevali bog‘larda ham yog‘ingarchilik salbiy oqibatlarining oldini olish bo‘yicha choralarni ko‘rish zarur. Ommaviy va samarali kurash chorasi sifatida ekin maydonlari va bog‘larni zararli organizmlarning «ini» bo‘lgan begona o‘tlardan tozalash kerak.

Har bir kimyoviy preparatni qo‘llashdan oldin hududdagi agronom-inspektorlar tavsiyalariga qat’iy rioya qilish maqsadga muvofiqdir. Zarurat bo‘lmasa profilaktika chorasi sifatida kimyoviy vositalardan foydalanish tavsiya etilmaydi.

O‘zA