Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yogʻ, shakar, tuxumning narxi oshganligi sabablari oʻrganildi
08:24 / 2020-10-03

Ichki bozordagi asosiy turdagi isteʼmol tovarlarining chakana narxlari doimiy ravishda monitoring qilib borilmoqda.

Tahlil

Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi tomonidan ichki bozordagi asosiy turdagi isteʼmol tovarlarining chakana narxlari doimiy ravishda monitoring qilib borilmoqda.

Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi matbuot xizmati maʼlum qilishicha, sentyabr oyining oxirgi oʻn kunligida ichki bozorlardagi ayrim turdagi isteʼmol tovarlari narxlarining oshishi kuzatildi.

Xususan, kungaboqar yogʻining chakana narxi sentyabr oyining boshiga nisbatan 11 500 soʻmdan 15 000 soʻmga (oʻsish 30 foiz),

shakar mahsulotining narxi 6 000 soʻmdan 7 000 soʻmga (oʻsish 15 foiz) hamda parranda tuxumi narxi 1000 soʻmdan 1300 soʻmga (oʻsish 30 foiz) oshgan.

Ushbu isteʼmol tovarlari narxlari oshishi sabablari quyidagicha izohlanadi.

a) Kungaboqar yogʻi boʻyicha:

Respublikada bugungi kunda 40 dan ortiq kungaboqar yogʻi ishlab chiqaruvchi korxona mavjud. Shu bilan birga, joriy yilning 9 oyi davomida 177 ming tonna kungaboqar yogʻi import qilingan boʻlib, bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 13 foizga koʻp.

Kungaboqar yetishtiruvchi asosiy yirik davlatlardan biri va respublikaga import qilinadigan mahsulotning asosiy qismi keladigan Rossiya Federatsiyasida kungaboqar hosili joriy yilda oʻtgan yilga nisbatan 12 foizga kam boʻlishi kutilmoqda. Rossiyada 2019-yilda 15,3 mln tonna kungaboqar yetishtirilgan boʻlib, 2020-yilda ushbu koʻrsatkich 13,5 mln tonna atrofida prognoz qilinmoqda.

Bu esa, oʻz navbatida, mahsulotning narxlariga taʼsir etdi, xususan, Rossiya bozorida avgust oyida bir tonna kungaboqar yogʻi

750-800 dollarni tashkil etgan boʻlsa, oʻtgan haftada narxlar 985-1050 dollarni tashkil etib, narxlar oʻrtacha 30 foizga oshgan.

Bundan tashqari, Rossiya ichki bozorida mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun kungaboqarning yetishmasligi sababli, mahsulot eksportining 4 yilga cheklanishi masalasining koʻrib chiqilishi ham mahsulot narxlarining shakllanishiga taʼsir qilgan.

b) Tuxum boʻyicha:

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-iyundagi farmoniga muvofiq, chetdan keltiriladigan parranda ozuqasi va ozuqa qoʻshimchalari, veterinariya preparatlari uchun joriy yilning 1-oktyabridan qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlanishi koʻzda tutilmoqda, bu esa ushbu mahsulotlar narxlarining 15 foiz oshishiga olib keladi.Chunki bozor ishtirokchilari oʻzgarishlarni hisobga olgan holda narx belgilamoqda.

Parranda ozuqa bazasining asosiy qismini bugʻdoy, soya shroti va makkajoʻxori xom ashyosi tashkil etib, ushbu mahsulotlarning narxlari yil boshidan oʻrtacha 10 foizga oshgan.Masalan, yuqoridagi mahsulotlar ichida soya shroti asosan import mahsulot hisoblanib, yil boshida 1 kg narxi 0,47 dollarni tashkil etgan boʻlsa, bugungi kunda 0,51 dollarni tashkil qilmoqda.

Joriy yil iyun-iyul oylari mobaynida 14 dan ortiq yirik parrandachilik korxonalarida boqilayotgan 1,8 mln. bosh qari tovuqlar yangi joʻjalarga almashtirilganligi mahsulot ishlab qiqarish hajmi keskin kamayishiga olib kelgan.

Bundan tashqari, valyuta kursining yil boshidan 8,5 foizga koʻtarilishi ham import kungaboqar va soya shroti hamda boshqa ozuqaviy qoʻshimchalar narxining oshishiga taʼsir qilgan.

Shuningdek, “Parrandasanoat” uyushmasi tomonidan oʻtkazilgan ijtimoiy soʻrovlar natijalari joriy yilda aholining isteʼmol savatida tuxumga boʻlgan talab 12 foizga oshganligini koʻrsatmoqda.

v) Shakar boʻyicha:

Bugungi kunda respublikada 2 ta korxona shakar ishlab chiqarish bilan shugʻullanib keladi, ularning yillik ishlab chiqarish quvvati 690 ming tonnani tashkil qiladi, bunda ishlab chiqarishda asosan import asosida olib kelinadigan shakar xom ashyosidan foydalaniladi.

Bundan tashqari, 100 dan ortiq yuridik shaxslar tomonidan shakar mahsuloti muntazam import qilinib kelinmoqda. Xususan, oʻtgan yilning 9 oyi davomida 82 ming tonna shakar import qilingan boʻlsa, joriy yilning mos davrida ushbu koʻrsatkich 288 ming tonnani tashkil etdi.

Shu bilan birga, qoʻshni davlatlardagi noqulay ob-havoning shakar yetishtirish uchun zarur boʻlgan qand lavlagi xom-ashyosi sifatiga keskin taʼsiri tufayli bu yilgi hosilning past boʻlishi kutilmoqda.

Natijada avgust oyining boshida 1 kg shakarning narxi oʻrtacha 29 rublni tashkil etgan boʻlsa, bugungi kunda 39 rublni tashkil etmoqda (oʻsish 34 foiz). Yaʼni shakar narxining oshishiga importdan keltirilayotgan shakarning narxi koʻtarilishi sabab boʻlgan.

Bugungi kunda, “Xorazm shakar” MCHJ va “Angren shakar” MCHJlarda 40 ming tonna tayyor shakar zaxiralari mavjud boʻlib, muntazam ravishda birja orqali sotilmoqda. Joriy yilning avgust oyida mahalliy shakarning ulgurji narxi birja savdolarida oʻrtacha 5840 soʻm boʻlgan va hozirgi kunda 6585 soʻmni tashkil qilmoqda.