Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yodlangan osh tuzi ishlab chiqarish hajmi yanada ortadi
13:55 / 2022-01-13

“Qo‘ng‘irot soda zavodi” mas’uliyati cheklangan jamiyati qo‘shma korxonasi tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotning tannarxini arzonlashtirish, uning atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Korxonada tashkil etilgan maydalangan osh tuzi ishlab chiqarish sexida o‘rnatilgan uskunalarning yaroqsiz holga kelib qolishi natijasida faoliyati to‘xtatilgan edi. Ko‘p yillik tanaffusdan so‘ng korxona rahbarlarining sa’y- harakatlari bilan ishlab chiqarish uskunalari mukammal ta’mirlanib, sex  qayta ishga tushirildi. 12 kishi ish bilan ta’minlandi.  

Hozirda bu yerda oyiga 850 tonna osh tuzi ishlab chiqarilmoqda. Bundan tashqari, mutaxassislar tomonidan quritish uskunalari o‘rnatilmoqda. “O‘zbekgidrogeologiya” davlat unitar korxonasi bilan hamkorlikda texnik sodani yuvish uskunalarini o‘rnatish maqsadida qazish ishlari olib borildi. Jumladan, amalga oshirilgan ishlar doirasida 70 metr teranlikda 219 mm diametrdagi quvurlarda suv chiqaruvchi nasoslar o‘rnatildi. Osh tuzi uchun zarur xomashyo korxonadan 21 kilometr uzoqliqda joylashgan “Qarao‘imbet” tuz konidan avtomashinalarda yetkazib beriladi. Ushbu tuzni qayta ishlash orqali oyiga 148 million so‘mlik qo‘shimcha mahsulot ishlab chiqariladi. Joriy yilda sex negizida quvvati yiliga 20 ming tonna yodlangan osh tuzi ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Loyihaning taxminiy qiymati 200 ming AQSH dollarini tashkil etadi. Uning ishga tushishi bilan yiliga 8 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqariladi va 16 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. 

O‘tgan yil zavodda olib borilgan kapital ta’mirlash ishlari natijasida magistral gaz tarmog‘ida quvurlar tamirlandi. Natijada tabiiy gazning o‘zidan oyiga 140 million so‘m mablag‘ iqtisod qilinmoqda. 

 

Dovud Abibullayev, O‘zA