Qadimiy ipakchilik shahri – Marg‘ilonda o‘z mahsulotlari bilan jahon bozorlariga chiqayotgan hunarmandlarning safi keng.
Ipak mahsulotlari tayyorlashga ixtisoslashgan “Yodgorlik” korxonasi 1924 yilda atele shaklida tashkil etilib, keyinchalik “Xon atlas” nomi bilan o‘z mahsulotlarini bozorga chiqargan. 1991 yili ushbu korxona xalqaro YUNESKO tashkiloti tomonidan turizm yo‘nalishida alohida e’tirof etilgan.
Bugungi kunda korxonada milliy va zamonaviy yo‘nalishlarda mahsulotlar tayyorlanadi hamda mato turi va uning yaratilish jarayoni faqat qo‘l mehnati asosida amalga oshiriladi. Shu sababli ip va jundan tayyorlangan sholchalar, adras, atlas, tabiiy bo‘yoqlar ishlatilgan matolar, ulardan tikilgan liboslarga xorijda ham qiziquvchilar ko‘p. Bu yerda hatto ipak qoldiqlaridan ham samarali foydalangan holda nafis gilamlar to‘qiladi.
Ayni paytda korxonada 40 nafar mohir hunarmand faoliyat ko‘rsatadi. Korxonada chet ellik hamkorlar bilan yaqin aloqalar o‘rnatilib, sanoat turizmini rivojlantirishga jiddiy e’tibor qaratilyapti. Chunki jahon bozorida yuz foiz tabiiy matolar ishlab chiqaruvchi, shu bilan bir qatorda pilla qurtidan ipak oluvchi korxona mahsulotlariga bo‘lgan qiziqish tobora ortib bormoqda.
[gallery-22447]
Bu yerda, shuningdek, sayyohlar uchun mehmonxona, moda ko‘rgazmalari o‘tkazish binosi, milliy hunarmandchilik mahsulotlari bilan to‘ldirilgan muzey hamda korxona mahsulotlarining shorumi tashkil etilgan.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/9SdjF20H2vk" title="“Yodgorlik” – qadimiy ipakchilik shahrining mashhur korxonasi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Korxonaga yil davomida o‘rtacha o‘n ming nafar sayyoh tashrif buyurib, milliy hunarmandchilik san’ati namunalaridan bahramand bo‘ladilar.
Muqimjon QODIROV (surat, video), O‘zA