Bolalarda yod yetishmasligi juda ko‘p kuzatilayotgan holatdir. Bu bolada aqliy qobiliyatni, jismoniy rivojlanishni, qolaversa bo‘qoq, qalqonsimon bezi bilan bog‘liq kasalliklarni ko‘payishiga sabab bo‘ladi. Davlatimiz bu masalaga ham alohida e’tibor qaratib, 6-23 oylik bolalarni mikronutriyent kukunlari, 2-10 yoshdagi bolalarni gelmintoz, 3-15 yoshdagi bolalarni esa yod preparatlari bilan bepul ta’minlashda ham amaliy ishlar olib bormoqda.
Ishlarning ijrosi sifatida “Chorshanba – yod preparatlarini ichirish kuni” tadbirlari respublikamizning boshqa viloyatlarida bo‘lgani kabi Sirdaryo viloyatida ham boshlangan. Shu maqsadda, Sirdaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi tibbiyot xodimlari Sirdaryo viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda shahardagi 4-umumta’lim maktabi, 8-davlat maktabgacha ta’lim muassasasi va shahardagi boshqa, shu turdagi muassasalarda targ‘ibot tadbirlari tashkil etildi.


– Bu boradagi ishlar nafaqat bir kun, yil davomida uzluksiz davom ettiriladi, – deydi Sirdaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining onalik va bolalikni muhofaza etish bo‘yicha o‘rinbosari Fayzulla Mavlonov. – Muhimi bu kabi tadbirlar yod tanqisligi sabab kelib chiqayotgan sog‘liq bilan bog‘liq ko‘pgina muammolarni oldini olishga, qolaversa bolajonlarni aqlan teran, jismonan baquvvat, sog‘lom kamolga yetishiga katta yordam beradi. O‘ylab ko‘rib, aytadigan bo‘lsak, hamma vaqt ham ota-onalar o‘z farzandlariga yod preparatlarini xarid qilib uni o‘z vaqtida berolmaydi. Yod preparatlari bilan bepul va uzliksiz ta’minlash, bolalarda uchrayotgan aqliy qobiliyatni buzilishi, jismoniy rivojlanish, qolaversa bo‘qoq, qalqonsimon bezi bilan bog‘liq kasalliklarni oldini olish maqsadida tashlangan muhim qadamlardan biri bo‘ldi.


Shuhrat Suyarov, O‘zA muxbiri.