Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yod moddasining inson salomatligidagi o‘rni qanchalik muhim? (+video)
09:40 / 2023-10-11

Yod mikroelementi inson salomatligida muhim o‘rin tutadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, yer yuzining qariyb 2 milliarddan ortiq aholisi aynan yod yetishmasligi oqibatida kelib chiqadigan kasalliklar bilan aziyat chekadi. Asosan, okeandan, dengizdan 200 kilometrgacha uzoqlikda joylashgan hududlar aholisida yod yetishmasligi kuzatilar ekan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti o‘tkir global tibbiy-ijtimoiy va demografik muammo sifatida baholayotgan ushbu xastalik 130 dan ortiq mamlakatda uchraydi.

Jumladan, O‘zbekiston ham yod tanqisligi kasalliklari keng tarqalgan mintaqalar sirasiga kiradi. Xo‘sh, yod yetishmasligi qanday oqibatlarga olib keladi?

Bu borada asli kasbi shifokor bo‘lgan Qonunchilik palatasi deputati Qizilgul Qosimova quyidagilarni ta’kidladi:

– Yod yetishmovchiligi eng birinchi navbatda qalqonsimon bezning funksiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ya’ni, qalqonsimon bezda ishlab chiqariladigan gormonlar kamayib ketadi. Bu gepoterioz degan kasallikka olib keladi. Qalqonsimon bez barcha ichki sekretsiya bezlarini nazoratda ushlab turuvchi bez hisoblanadi. Uning faoliyati o‘zgarishi barcha endokrin ichki sekretsiya bezlarining buzilishiga olib keladi. Masalan, tuxumdonlar, oshqozon osti bezi, buyrak usti bezi kabilarda buzilishga sabab bo‘ladi.

Eng yomoni, yod tanqisligi oqibatida qalqonsimon bezning to‘liq ishlamasligi, hatto, saraton kasalligining kelib chiqishiga ham ta’sir qiladi. Bolalarda aqliy jihatdan orqada qolish, soch to‘kilishi, ko‘p terlash, tirnoqlarning mo‘rtlashishi yuzaga keladi. Yod yetishmasligining eng oddiy kuchsiz holatida ham bolalarda IQ darajasi 10-15 foizga kam bo‘lar ekan, – deydi Qizilgul Qosimova.

Ma’lumotlarga ko‘ra, yodga bo‘lgan ehtiyoj chaqaloqlarda kuniga 50 mikrogramm, 1 yoshdan 6 yoshgacha bo‘lgan bolalarda 90 mikrogramm, 7 yoshdan 10 yoshgacha bo‘lganlar uchun 120 mikrogramm, o‘smirlar va kattalarda esa 150 mikrogrammni tashkil qiladi. Ayollarda esa homiladorlik va emizikli davrida yodga bo‘lgan ehtiyoj kuniga 200-300 mikrogrammgacha ortib ketadi.

– Yod yetishmaydigan hududlarda aholini zarur miqdorda yod bilan ta’minlashni yo‘lga qo‘yish o‘zining genofondini, millati kelajagini o‘ylaydigan mamlakatlarda alohida davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/keGSWmjP_9Y" title="Yod moddasining inson salomatligidagi o‘rni qanchalik muhim?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

O‘zbekistonda ham aholini yod bilan ta’minlash masalasi yo‘lga qo‘yilgan. 2007 yilda “Yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi to‘g‘risida"gi qonun qabul qilinib, aholini yod bilan ta’minlashning usullari nazarda tutilgan. Jumladan, ommaviy yodlash, guruhlar va individual yod bilan ta’minlash masalasi ko‘zda tutilgan.

Ommaviy yod bilan ta’minlash borasida asosiy turdagi kundalik oziq-ovqat mahsulotlari, jumladan, osh tuzini yodlash orqali profilaktika qilish yo‘lga qo‘yilgan. Osh tuzini yodlashda 1 tonna osh tuziga 25 gramm yod qo‘shilar ekan. U iste’molchiga yetkazib berilguncha yod miqdorining 20 foizini, ovqatga solinganda qaynash davomida yana 20 foizini yo‘qotar ekan. Ammo shunga qaramasdan birgina osh tuzining yodlanishi aholi uchun qator ijobiy natijalarga olib keladi. 

Guruhlar deganda bolalar, homilador va emizikli ayollarning yodga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash maqsadida ularga yod preparatlarini berish yo‘lga qo‘yiladi. Ayniqsa, homiladorlar har kuni yod preparatini qabul qilishi ham ona uchun, ham bola uchun zarur. Agar onaga yod yetishmasa, bola tug‘ma bo‘qoq kasalligi bilan tug‘iladi, — deydi suhbatdoshimiz.

Demak, bundan ko‘rinadiki, yodning inson hayoti va salomatligidagi o‘rni muhim. Shunday ekan, yod tanqisligining oldini olishga, bu preparatlarni zarur miqdorda qabul qilishga e’tibor qaratish zarur.

Muhtarama Komilova, Nishon Abduvoitov (video), O‘zA