Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yod etingiz kamtarin Chustiyni ham...
19:51 / 2022-01-28

Shoir Chustiy g‘azallari g‘oyat dilbarligi, beg‘ubor va sof tuyg‘ularga, go‘zallikka oshno ekani bilan qadrlidir. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida Chustiy xotirasiga bag‘ishlangan “Yod etingiz kamtarin Chustiyni ham...” kitobi taqdimotida shu haqda so‘z bordi.

Manbalarda keltirilishicha, shoir Chustiy mumtoz adabiyotimiz bilan yangi davr adabiyoti oralig‘idagi ko‘prikni yaratgan va aruznavislik san’ati an’analarini rivojlantirgan adiblar sirasiga kiradi. Shunga ko‘ra u Habibiy, Sobir Abdulla, Charxiy kabi g‘azalnavis va qo‘shiqchi shoirlar qatoridan munosib o‘rin egallaydi. Chustiy shoirning adabiy taxallusi bo‘lib, u Namanganning Chust tumanida tavallud topgan. Asl ismi sharifi Nabixon (Nabixo‘ja) Nurillaxo‘ja o‘g‘li bo‘lib, u 1904 yilning 20 fevral kuni to‘quvchi-hunarmand oilasida dunyoga kelgan.

Taqdimot marosimida so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ma’naviyat va davlat tilini rivojlantirish departamenti yetakchi mutaxassisi Rustam Mirvohid, adabiyotshunos Sultonmurod Olim, Yozuvchilar uyushmasining Namangan viloyati bo‘limi rahbari Ziyovuddin Mansur, shoir va olim Muxtor Xudoyqulov mamlakatimizda milliy adabiyotimizni ravnaq toptirish borasidagi ibratli ishlar xususida batafsil so‘z yuritdilar.

[gallery-5594]

Ta’kidlanganidek, har qanday shoir ijodi haqida yozish uchun, avvalo, uning shaxsini, ko‘ngil ruhiyatini anglash kerak. Uning ruhiyati satrlar qa’riga yashirilgan so‘z ostidagi ma’no va ma’no zamiridagi mohiyatni ilg‘ash kerak bo‘ladi. Ana shu jihatni ustoz Chustiy she’riyatida anglash mumkin. Shoir o‘z hayoti davomida yuz berayotgan qatag‘onlar uning qalbi, ruhiga zid she’rlar bitishga ham majbur kiladi. Dushmanlarning tazyiqlari qanchalar zo‘raymasin, u ijodda tinim bilmaydi, matbuot yo‘li bekilgan bo‘lsa-da, u she’ru g‘azallar, dostonlar yozishdan to‘xtamaydi. Ruhiyatidagi katta ishonch va umid uni yiqilishga qo‘ymaydi. Unga kuch bergan yana bir jihat, bu xalqning unga bo‘lgan mehr-muhabbati, nazari edi. Chustiy ijodida bu davr besamar ketmadi. U asarlar yaratish barobarida Alisher Navoiyning “Devoni Foniy” kitobiga kirgan g‘azallarni, Sa’diy, Hofiz, Xisrav Dehlaviy, Sobir Termiziy, Ali Sardor Ja’fariy, Mirzoda Ishqiy, Mirzo G‘olib asarlarini tarjima qildi.

Yozuvchilar uyushmasi axborot xizmati taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, Chustiy 1942 yildan 1970 yilgacha bo‘lgan davrda she’riyat muxlislariga “Qo‘zg‘ol”, “Shamshir”, “Lolazor”, “Hayot zavqi”, “G‘azallar”, “Gul mavsumi”, “Sadoqat gullari” to‘plamlarini hadya etdi. Keyinchalik “Hayotnoma”, “Ko‘ngil tilagi”, “Ko‘rguncha xayr endi”, “Muhabbatnoma” devonlari nashr etildi. Shuningdek, adib “Zafarnoma”, “Tirik jannatga kirgan kampir”, “Kiyiknoma”, “Bog‘i Eram” singari dostonlarini yozdi.

U qo‘shiqchi shoir sifatida, ayniqsa, mashhur edi. Shoirning o‘nlab ko‘shiqlari hozirgi kunda ham xonandalarimiz sozi va ovozida baralla yangramoqda.

Taqdimot so‘nggida yig‘ilganlarga kitob tuhfa etildi.

N.USMONOVA, O‘zA muxbiri