Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoʻqotilgan 16 yil “qaytarildi”
17:25 / 2020-07-14

Hujjatdagi birgina imlo xato kishining bir necha yillik mehnat faoliyatini yoʻqqa chiqarishi mumkin.


Hujjatdagi birgina imlo xato kishining bir necha yillik mehnat faoliyatini yoʻqqa chiqarishi mumkin. Xatirchilik Gulnora Rajabova ham ana shunday vaziyatga duch kelgani uchun tuman adliya boʻlimiga murojaat qildi. Unga Byudjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasi Xatirchi tuman boʻlimi tomonidan 16 yillik ish staji pensiya hisoblashda inobatga olinmasligi maʼlum qilingan. Bunga ish haqi toʻgʻrisida arxivdan olingan maʼlumotlar sabab edi.

Aniqlanishicha, G.Rajabova 1983-yilda Xatirchi tumanidagi sobiq “Kommunizm” kolxoziga ishga kirgan. Ayni paytda mazkur kolxoz A.Temur nomidagi shirkat xoʻjaligi deb yuritiladi. Murojaatchining 1983-yildan 1998-yilgacha ishlagan davri uchun ish haqi toʻgʻrisida berilgan maʼlumotnomada familiyasi “Rajabova” emas, “Rajanova” deb notoʻgʻri yozib ketilgan. Familiya mazkur yillarda yuritilgan ish haqi toʻgʻrisidagi kitoblarda ham shu shaklda, notoʻgʻri ifodalangan.

“Davlat pensiyalarini tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomning 80-bandi talabiga koʻra, agar ish stajini tasdiqlaydigan hujjatda koʻrsatilgan ismi, otasining ismi yoki familiyasi pasport yoki tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma boʻyicha ismi, otasining ismi yoki familiyasi bilan mos boʻlmasa, ushbu hujjatning mazkur shaxsga tegishliligi holati faqat mehnat daftarchasini yoki ish staji toʻgʻrisidagi boshqa hujjatni birinchi marta bergan tashkilot tomonidan tasdiqlanishi mumkinligi, boshqa barcha hollarda hujjatlarning taalluqliligi sud tomonidan belgilanishi shart ekanligi koʻrsatilgan.

Oʻrganish jarayonida aniqlangan holatlar yuzasidan adliya boʻlimi tomonidan fuqaro G.Rajabova manfaatida fuqarolik ishlari boʻyicha tumanlararo sudga “Yuridik ahamiyatga ega boʻlgan faktni belgilash haqida” kiritilgan ariza qanoatlantirildi.

Sherzod Abdurahmonov,

Xatirchi tuman adliya boʻlimi boshligʻi