French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoʻldoshlar – qoʻldoshlar, qardoshlar – qurdoshlar
20:01 / 2019-11-01

Qozogʻistonda Oʻzbekiston yili!

Oʻzbekistonda Qozogʻiston yili

Qozogʻistonda Oʻzbekiston yili! Oʻzbekistonda Qozogʻiston yili! Bunday tantanalarning nishonlanishi uch yil oldin hatto tasavvurga ham sigʻmas edi. Ana shu qisqa vaqt ichidagi ulkan evrilishlardan soʻng 2018-yil Qozogʻistonda Oʻzbekiston yili muvaffaqiyatli kechdi. Bu yil esa Oʻzbekistonda Qozogʻiston yili ham barakali, samarali oʻtmoqda.

Yangi tarix debochasi

Darvoqe, oʻzaro munosabatlar qaytadan va tubdan yangilanishining debochasi yaqin va yangi tarixga borib bogʻlanadi. 2018-yil 15-mart. Ha, aynan shu sana Qozogʻiston va Oʻzbekiston davlatlari tarixiga yangi hamda unutilmas sahifa boʻlib muhrlandi. Chunki chorak asr davomida ushbu ikka qardosh mamlakat oʻrtasidagi oʻzaro aloqalar deyarli uzilib qolgan edi. Endilikda yondosh hamda zabondosh yurtlarning qondosh, jondosh xalqlariga butun boshli yillar bagʻishlanayapti.

Oʻshanda Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston va Qozogʻistonning oʻzaro koʻp yillik samarali hamkorligi tarixida birinchi marta boʻlib oʻtayotgan Qozogʻistonda Oʻzbekiston yilining ochilishi ikki xalq oʻrtasidagi haqiqiy yoʻldoshlik – qoʻldoshlik va qardoshlik – qurdoshlik munosabatlarining yorqin ifodasi ekanligiga alohida urgʻu berib, jumladan, shunday dedi: “–Yaratganning oʻzi bizlarga qoʻshni boʻlishdek bebaho neʼmatni ato etgandir. Oʻzimizning donishmand ota-bobolarimiz: “Hovli olma – qoʻshni ol!” – deya bejiz aytishmagan. Bizlar azal-azaldan bitta zaminda, bir quyosh ostida yashab kelmoqdamiz, bizlarning ildizlarimiz bittadir.

...Aynan ana shu nuqtayi nazardan qaraganda, keyingi paytlarda siyosiy irodamiz va oʻzaro intilishlarimiz tufayli doʻstlik-birodarlik hamda yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik aloqalarini yanada mustahkamlash yoʻlida hamkorligimizning barcha yoʻnalishlari boʻyicha, haqiqatan ham, beqiyos natijalarga erishdik».

Qozogʻiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev ham Qozogʻistonda Oʻzbekiston yilining tantanali ochilishi marosimidagi nutqida yuqoridagi ijobiy jihatlarni alohida eʼtirof etdi. Shuningdek, Shavkat Mirziyoyevning mintaqalararo doʻstlik aloqalari yaxshilanishidagi ichzil saʼy-harakatlarini yuksak baholadi. Bunday ezgu intilishga hurmat, ehtirom sifatida uni Qozogʻiston Respublikasining oliy davlat nishonlaridan sanalgan birinchi darajali “Doʻstlik” ordeni bilan mukofotladi.

Mana shu tarixiy voqea arafasida Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti “Buyuk qozoq shoiri va mutafakkiri Abay Qoʻnanboyev ijodiy merosini keng oʻrganish va targʻib qilish toʻgʻrisida”gi qarorni imzolagani oʻzbek hamda qozoq millatlarining adabiyoti doʻstligini yanada mustahkamladi. Bunday yuksak eʼtiborga javoban Qozogʻiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev Oʻzbekistonda Abay haykali boʻlgani kabi Ostonada (hozirgi Nur-Sulton) ham buyuk oʻzbek mutafakkiri Alisher Navoiy haykalining oʻrnatilishi va 2019-yilda Oʻzbekistonda Qozogʻiston yili oʻtkazilishini maʼlum qildi.

Qozogʻistonda Oʻzbekiston yilining nishonlanishi munosabati bilan koʻplab madaniy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etildi. Masalan, Olmaota shahrida oʻzbek adabiyoti kunlari oʻtkazildi. Oʻzbek Milliy akademik drama teatri ijodkorlari Chimkent shahriga safar qildi. Ostona shahrida oʻzbek ayollarining milliy liboslari va xalq amaliy sanʼati namoyishi, kitoblar koʻrgazmasi boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston folklor jamoalarining Turkiston shahriga, shuningdek, Respublika yosh tomoshabinlar teatri jamoasining Almati shahriga ijodiy safarlari uyushtirildi. Taroz, Chimkent, Qiziloʻrda, Turkiston shaharlarida oʻzbek kinosi kunlari, badiiy jamoalar va estrada ijodkorlari ishtirokida “Osh festivali” nishonlandi. Bularning bari xalqlarimiz birligi, madaniy yaqinligini yana bir bor isbotladi.

2019-yil 15-aprel

Shu kuni Toshkent shahridagi “Oʻzbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida Qozogʻiston Respublikasining Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev hamda Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Oʻzbekistonda Qozogʻiston yili nishonlanishining ochilishiga bagʻishlangan tantana boʻlib oʻtdi. Unda Qozogʻiston davlati rahbarining quyidagi fikrlari har ikki davlat vakillarini toʻlqinlantirib yubordi: “– Bizlarni yagona ildizga ega boʻlgan til, bitta din, umumiy tarix hamda tutash taqdirlar jipslashtirgandir. Ayni boisdan, oʻzimizning xalqlarimiz qadim va buyuk Markaziy Osiyo tamaddunining vorislari boʻlib hisoblanishadi. Bizlar birgalikda bisyor murakkab va qiyin sinovlardan oʻtganimiz holda, ajdodlarimizning anʼanalari, qadriyatlari hamda milliy-maʼnaviy meroslarini asrab qolishga erishdik”.

Ha, haqiqatdan ham shunday. Eng muhimi, Qozogʻiston va Oʻzbekiston hamjihatlikda, hamkorlikda ana shu yoʻlda yanada dadil, yanada qatʼiy davom etayapti. Oʻzbekistonda Qozogʻiston yilining oʻtkazilishi bilan bogʻliq dasturlar siyosiy, savdo-iqtisodiy hamda madaniy-gumanitar hamkorliklar boʻyicha turli yoʻnalishlardagi 85 ta ommaviy tadbirlarni qamrab olgani ham fikrimizni tasdiqlaydi. Shu paytgacha ularning aksariyati amalga oshirildi. Masalan, Qozogʻiston Respublikasi Madaniyat va sport vazirligi huzuridagi qoʻlyozmalar hamda noyob kitoblar markazi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi sharqshunoslik instituti va Islom akademiyasi oʻrtasida oʻzaro hamkorlik hamda tajribalar almashish toʻgʻrisidagi memorandum imzolandi. Qozogʻiston Respublikasi Milliy kutubxonasi hamda Qozogʻiston Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasidagi elchixonasi shafeligida “Qozogʻiston – Oʻzbekiston: hamkorlikning yangi ufqlari” kitoblar koʻrgazmasi ochildi. Qozogʻiston Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasidagi elchixonasi qoʻllab-quvvatlovi bilan qozogʻistonlik taniqli rassomlarning badiiy koʻrgazmalari tashkil qilindi.

Ayni kunlarda ham Oʻzbekistonda Qozogʻiston yili qizgʻin davom etmoqda. Ikki tomonlama hamkorlik, hamdamlik, birdamlik, doʻstlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilayotgan bunday yaqin munosabatlar shu bilan tugamaydi. Chunki oʻrtadagi azaliy doʻstlik, ishonch rishtalari abadiy bogʻlangan.

Berdiyor JUMAYEV,
xalqaro jurnalist