Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Yoʻl yomonligidan bemorlar shifoxonaga borolmaydi...”
18:28 / 2020-08-08

Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanidagi Obod va Chorshanbe mahalla fuqarolar yigʻinlari aholisini uzoq yillardan buyon ichimlik suvi va yoʻl bilan bogʻliq muammolar qiynab keladi.

Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanidagi Obod va Chorshanbe mahalla fuqarolar yigʻinlari aholisini uzoq yillardan buyon ichimlik suvi va yoʻl bilan bogʻliq muammolar qiynab keladi. 

Ikkita mahallani “Chorshanbe” daryosi ajratib turadi. Avval Obod mahallasi haqida toʻxtalsak. Ushbu mahalla eski Qutchi qishlogʻi deb yuritiladi. Unga “Chorshanbe” daryosi boʻyidan oʻtgan yoʻl orqali kiriladi. Shu yerlik aholining taʼkidlashicha, 25-30 yildan buyon yoʻlning ahvoli achinarli. Xoʻsh, buning sababi nima?

Mahalla odamlari har yili baholiqudrat hashar yoʻli bilan ushbu yoʻlga qum-shagʻal toʻkdiradi. Baʼzan bu amaliy ishlarga tuman hokimligi ham yordam qiladi. Ammo erta bahorda daryodan kelgan sel suvlari qilingan mashaqqatli mehnatni bir pulga chiqarib ketadi. Yoʻl yana qaytadan buziladi. Shagʻallari yuvilib ketib, loyi chiqib qoladi. Bu esa, u yerdan qatnovchilar uchun noqulayliklar tugʻdirmoqda.

- Bu koʻcha ilgari chuqurlikda joylashgandi, - deydi qishloq faxriysi Ismoil Ibodov. - Oʻzimiz qum toʻktirib, mehnatimiz bilan yoʻl qilganmiz. Lekin baribir sel kelgan vaqtida toshqin toshib oʻtib boʻlmay qoladi. Oʻsha yoʻlda ikkita nishablik bor. Ayniqsa oʻsha joylarni asfaltlashga tuman hokimligi yordam qilmasa boʻlmaydi. Qish kunlarida mashina chiqa olmaydi. Tez yordam mashinasi kelolmaydi. Keksalar masjidga shu yoʻldan oʻtadi. Nechtasi yiqilib, jarohat oldi. Oʻtishga esa boshqa yoʻl yoʻq. Kasallarni shifoxonaga olib borishga qiynalamiz. Yozni kuni ham doʻng chuqur. Hozir mana koʻrayapsiz umuman yurib boʻlmay qoladi. Bizni kuchimiz yetmaydi.

photo_2020-08-08_18-15-51.jpg

Rost, Qutchi qishlogʻi yoʻllari boʻylab yurar ekanmiz, balandliklardan piyoda bazoʻr chiqdik. Katta-katta toshlar yigʻilib qolgan yoʻldan agar oyogʻingiz sirpanib ketsa, bir pastda momataloq holda oʻzingizni pastda koʻrasiz.

- Qishlogʻimiz aslida juda qadimiy. Bu yerga odamlar kelib yashayotganiga 70 yildan oshdi, - deydi yana bir qishloq faxriysi Norbobo Sayfuddinov. - Mana shuncha yildan beri daryoning boʻyidan oʻtib, qatnab yurardik. Hozir mana salgina suv kelsa, yoʻlga chiqib ketadi. Hozir mana yoʻlni koʻrib turibsizlar na undan piyoda yurishga imkon bor, na mashinada. Endi yozni kunida nari beri oʻtib qaytish mumkin.

Qishda umuman iloj yoʻq. Shu yoʻl boʻylab, kamida 40 xoʻjalik yashaydi. Ularning har birida 5-10 tadan odam boʻlsa ham kamida 200-300 jon bor. Ularning farzandlari shu yoʻldan qatnaydi. Ogʻiroyoq ayollarimiz, qizlarimiz, kelinlarimiz bor. Mana shular bozorga boradi, keladi. Yoʻlni yomonligidan birorta mashina bu yerga oʻtib qaytishini iloji yoʻq. Masjidlarga bora olmaymiz, keksayib qolganmiz. Yoʻlga borib kelishimiz azob. Murojaat qilgan bilan hech kim tinglamaydi.

Xoʻsh bunga tuman mutasaddilari nima deydi?

photo_2020-08-08_18-16-09.jpg

- Bu muammo boʻyicha fuqarolar tuman hokimligiga borgan edi, - deydi Shahrisabz tuman obodonlashtirish boshqarmasi mutaxassisi Hazrat Botirov. - Ishchi guruhi bilan birga oʻrganganmiz. Haqiqatdan koʻchalar loy va tor, daraxtlar toʻsib qolgan. Bu yoʻl yaqinda paydo boʻlgan. Yangi uchastkalar koʻpaygan, aholi koʻpaygan.

Yoʻl yoʻq edi bu yerda daryoning oʻrni edi bu. Oldin yuqoridan yoʻl bor edi yopilib ketdi. Keyin tuman hokimligi yordam qildi. Yoqilgʻi qilib berdi tekislab, shagʻal toʻkib berganmiz hozircha. Endi qonuniy qilish uchun davlat dasturiga kirsa, kiyin qilib bersak boʻladi.

Bu yoʻldagi ikkita nishablikni bilamiz. Uni ham nasib boʻlsa, mablagʻ ajratilsa, qilib beramiz. Hozir karantin shu bois ishlar toʻxtab turibdi. Nasib boʻlsa ikkinchi yarim yillikka ishlar boshlansa, shuni orasida qilib yuboriladi. Bu yil davlat dasturiga tumanimiz boʻyicha 14 kilometr yoʻl qoʻyilgan.

Hali 2020-yil uchun ishlar amalga oshgani yoʻq. Bu yoʻl ham dasturga qoʻyilgan qilib beramiz. 1,5 kilometr Qutchiga qoʻyilgan, 500 metr Chorshanbega qoʻyilgan. Oʻshani hisobidan bu yoʻlni ham taʼmirlaymiz.

photo_2020-08-08_18-15-45.jpg

Mutasaddi bir ushbu yoʻl dasturga kiritilsa, qilamiz desa, bir dasturga kiritilgan endi qilamiz, deydi. Xullas javobda mantiq yoʻq. Nima boʻlganda ham bundan keyingi dastur asosida qilinadigan ishlar mantiqsiz boʻlmasa boʻlgani. Yoʻqsa, qutchiliklar hali uzoq yillar bahorni qoʻrqib oʻtkazishiga toʻgʻri keladi.

Bundan tashqari ushbu hudud aholisini ichimlik suvi taʼminoti bilan bogʻliq muammo ham anchadan buyon qiynab keladi. Aholining bir necha yillik murojaatlariga javoban tuman mutasaddilari qishloqqa ichimlik suv quvurlari tortib keldi. Lekin bu ishlar daryodan tepada turadigan aholigacha keldi. Pastdagilar esa, endi yuqoridan tashib kelishga majbur.

- Mana shu ichimlik suvi boʻyicha mutasaddini chaqirdik. Sizlarga umuman bu yerga sharoit yoʻq dedi, - deydi Chorshanbe mahallasilik Sevara Safarova. - Oborib berolmaymiz bu yerdan suv dedi. Tepa tomonlarga hamma joyga oʻtgan. Shu yerga bitta olib kelib qoʻyib beringlar degandik buni iloji yoʻqligini aytishdi. 400-500 metrdan chelakda koʻtarib olib kelamiz, xomilador ayollarimiz bor, keksalarimiz bor qiynalishmoqda. Yogʻingarchilik mahallari juda qiynalayapmiz. Yoʻllarni ahvolini koʻrib turibsizlar. Olib kelish qiyin.

Xullas muammolar koʻp, eʼtibor esa kam. Shahrisabz tuman mutasaddilaridan keltirilgan ushbu masalalar boʻyicha ijobiy yangiliklarni kutib qolamiz.

Mavzuga hali qaytamiz.