English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoʻl-transport hodisasiga qanday omillar sabab boʻlmoqda?
19:43 / 2019-11-18

Termizda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining Surxondaryo viloyati boshqarmasi hamda viloyat IIB yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi hamkorligida oʻtkazilgan matbuot anjumanida shu haqida soʻz bordi.

Termizda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining Surxondaryo viloyati boshqarmasi hamda viloyat IIB yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi hamkorligida oʻtkazilgan matbuot anjumanida shu haqida soʻz bordi.

Viloyat IIB yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasining joriy yil oʻtgan davrida amalga oshirgan ishlari, sohada yuz bergan oʻzgarish va yangiliklar xususida atroflicha fikr almashildi.

Oʻzbekiston IIV Akademiyasi yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash kafedrasi boshligʻi oʻrinbosari, mayor A.Qahharov, viloyat IIB yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi matbuot guruhi katta inspektori, leytenant A.Choriyev soʻnggi yillarda barcha sohalar qatori mazkur tizimda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar joylarda yoʻl harakati xavfsizligi va jamoat tartibini saqlash, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishda muhim omil boʻlayotganini taʼkidladi.

Bu jarayonda fuqarolar orasida yoʻl harakati ishtirokchilarining yoʻl harakati qoidalariga rioya qilish madaniyatini oshirish uchun aholi orasida targʻibot-tashviqot ishlarining shakl va usullari kengaytirilib, takomillashtirilmoqda. Yoʻl harakati ishtirokchilarining huquqlariga soʻzsiz rioya etilishini, ularning shaʼni va qadr-qimmati hurmat qilinishini, xizmatni oʻtash vaqtida muomala madaniyati va odob-axloq qoidalariga qatʼiy amal etilishiga eʼtibor kuchaytirilayotir. Yoʻl-patrul xizmati xodimlarining xizmat vazifalarini lozim darajada bajarishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatilib, kadrlarni tanlash, kasbiy tayyorlash va qayta tayyorlashning taʼsirchan mexanizmlari joriy qilinmoqda. Yoʻl harakati qoidalariga oʻzgartirishlar kiritilib, haydovchi va inspektorlar oʻrtasida shaffoflik taʼminlanayotir. Yoʻl-patrul xizmati xodimlarini bodikameralar bilan taʼminlab, videokuzatuv yordamida xizmat koʻrsatishning joriy etilayotgani ham ana shu maqsadga yoʻnaltirilgan. Xodimlar yangi metodik qoʻllanmalar bilan taʼminlanmoqda.

– Sohada olib borilayotgan bu ishlar yoʻl transport hodisalari bilan bogʻliq koʻngilsiz holatlarning oldini olishga xizmat qilmoqda, – deydi viloyat IIB yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi boʻlimi boshligʻi, katta leytenant F.Muhiddinov. – Jumladan, oʻtgan yilning shu davriga nisbatan joriy yilning oʻtgan davrida yoʻl transport hodisalari 42 taga kamaydi yoki 364 holat qayd etildi. Hodisalar tufayli halok boʻlganlar 14 taga, tan jarohati olganlar 77 taga kamaygani kuzatildi.

Anjumanda qayd etilganidek, ayrim hududlarda yoʻllarning talabga javob bermasligi, transport vositalari sonining oʻsib borayotgani va yetarli malakaga ega boʻlmagan haydovchilarning transport vositasini boshqarayotgani ham turli yoʻl-transport hodisalarini keltirib chiqarmoqda. Qoidabuzarliklar sodir etilishiga sabab boʻlayotir. Xususan, yilning oʻtgan davrida 279 ming 641 qoidabuzarga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Ularning 140 ming 885 tasi qoʻpol qoidabuzarliklar, 28 ming 178 tasi tezlikni oshirgani, 2 ming 168 tasi mast holatda transportni boshqargani uchun tegishli chora koʻrilgan.

Tadbirda piyodalar yoʻlakchalarida tartib buzarliklarning, yoʻllardagi tirbandliklarning oldini olish, aholi gavjum hududlarda transport vositalari noqonuniy toʻxtash holatlariga chek qoʻyish, xodimning ahloq-odob qoidalari va haydovchilar bilan oʻzaro munosabatlarida xushmuomalalikni taʼminlash kabi masalalar ham atroflicha muhokama etilib, tegishli taklif va tavsiyalar bildirildi.