Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yo‘l qurmoq – savob, yo‘l yurmoq – rohat
12:21 / 2015-07-21

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samarasida hayotimizda yuz bergan olamshumul o‘zgarishlarni uzog‘imizni yaqin qiladigan transport vositalariyu ravon yo‘llar misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samarasida hayotimizda yuz bergan olamshumul o‘zgarishlarni uzog‘imizni yaqin qiladigan transport vositalariyu ravon yo‘llar misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin. Endilikda uchqur poyezdu avtomobillarda manzilga birpasda yetib olish, nainki yurtimiz shaharlari, balki uzoq xorij o‘lkalariga ham borib-kelish odatiy holga aylandi. Shularni o‘ylar ekanmiz, beixtiyor yaqin o‘tmish ko‘z oldimizda gavdalanadi. Bundan chorak asr muqaddam safar xaltani orqalagancha vokzallarda, avtostansiyalarda uzzukun ulov kutgan, «yo‘l azobi – go‘r azobi» deya o‘z-o‘ziga tasalli bergan yo‘lovchilar sizu biz emasmidik?!

Oltin ko‘prik

Asrlar mobaynida Sharq va G‘arb o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni ta’minlab kelgan Buyuk ipak yo‘lida O‘zbekistonning tutgan o‘rni tarixiy solnomalarda qayd etilgan. Bugun dunyo iqtisodiyotidagi global o‘zgarishlar, xususan, jahon bozorlariga tovarlarni yetkazib berishda yangi yo‘nalishlarning paydo bo‘lishi natijasida Buyuk ipak yo‘li an’analari qayta tiklanar ekan, O‘zbekiston nafaqat Sharq va G‘arb, balki Shimol va Janubni ham bog‘laydigan «oltin ko‘prik»ka aylandi.

Mamlakatimizda yigirmata xalqaro transport yo‘nalishi mavjud bo‘lib, ular orasida “E-40” va “E-60” xalqaro avtomobil yo‘llari G‘arbiy Yevropa mamlakatlarini Sharqiy Osiyo davlatlari bilan bog‘lashda strategik ahamiyatga ega avtomobil yo‘llari hisoblanadi.

Ayni chog‘da qurilishi jadal davom etayotgan O‘zbek milliy magistrali ham katta xalqaro ahamiyatga ega. Qo‘ng‘irot orqali Rossiya va Sharqiy Yevropa mamlakatlariga borish uchun yaqin va qulay yo‘lga milliy magistral sharqda O‘sh-Qashqar avtoyo‘li bilan bog‘lanib, Xitoyda Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab qurilayotgan tezyurar avtomobil yo‘liga tutashadi. G‘arb va janubda Hind yarim oroli, Janubiy Osiyo va Yaqin Sharq, G‘arbiy Yevropa mamlakatlarini bog‘lab turuvchi mavjud yo‘llar hamda kelajakda qurilajak yo‘llar bilan bog‘lanadi.

Avtomobil yo‘llarining mahalliy ahamiyati ham salmoqli o‘rin tutadi.

Milliy iqtisodiyotning jadal rivojlanishi tufayli avtomobil yo‘llariga bo‘lgan ehtiyoj tobora ortmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, iqtisodiy o‘sish yiliga 8 foizni tashkil etgan taqdirda avtomobil transporti orqali yuk tashish hajmi yiliga 9,4 foizga oshib boradi. Natijada avtomobil yo‘llari orqali tashiladigan yuklar 2030-yilga borib 4,6 marotaba oshadi.

Ravon yo‘llar

Mahallamizdagi Ziyovuddin aka Buxoroga borib kelib, yo‘l tassurotlari haqida so‘zlab berdi:

– “Matiz”da otlanayotganimni eshitib, ba’zi tanishlarim “Yo‘l uzoq, qiynalmaysizmi?” dedi. Lekin safar davomida yo‘llarimizning ravonligini ko‘rib, havasim ortdi. Yo‘lni qo‘yaturing, yo‘l chetlaridagi belgilar tartib bilan o‘rnatilgani, avtomobilga yonilg‘i quyish, dam olish, ovqatlanish uchun sharoitlar yaxshilanib borayotganini ko‘rib quvonchim ichimga sig‘madi. Bugungi yo‘llarimizni ko‘rib, odamning har kuni safarga chiqqisi, istiqlol sharofati bilan kun sayin chiroy ochib borayotgan shaharlarimizni ziyorat qilgisi keladi.

12c.jpg
Darhaqiqat, keng va ravon yo‘llar yurtimizda yo‘lsozlik tobora rivojlanayotgani, yo‘l qurilishi borasida eng zamonaviy talablar asosida ish tutilayotganidan dalolatdir. Bugungi kunda O‘zbekistondagi mavjud 183 ming kilometrdan ziyod avtomobil yo‘lining 42,6 ming kilometri xalqaro, mamlakat va viloyat ahamiyatiga molik umumiy foydalaniladigan avtomobil yo‘llari ekani yo‘lsozlik ko‘lami nechog‘li kengligidan dalolatdir.

– Muhandislik g‘oyasi, loyiha yechimi bilan boshlanadigan va millionlab kubmetr tuproqni ko‘chirish, minglab tonna qum, shag‘al, asfalt, bitum yotqizish bilan yakunlanadigan, muhimi, har kuni minglab odamlar, avtomashinalarning uzog‘ini yaqin qiladigan yo‘llar qurilishi juda katta mehnat va xarajat talab qiladi, – deydi “O‘zavtoyo‘l” davlat aksiyadorlik kompaniyasi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Qahramon Hakimov. – Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan istiqlolning dastlabki yillaridanoq ushbu masala oqilona hal etilgani bugun o‘z samaralarini berayotir. Yo‘l xo‘jaligini boshqarish tuzilmasida avval mavjud bo‘lgan ko‘plab yo‘l jamg‘armalari o‘rniga Moliya vazirligi huzurida Respublika yo‘l jamg‘armasi tashkil qilingani umumiy foydalaniladigan avtomobil yo‘llari tarmog‘ini rivojlantirish hamda takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Mamlakatimiz yo‘lsozlari ko‘p qatorli transport harakati uchun mo‘ljallangan yirik ko‘priklar, zamonaviy avtomagistrallarni qurish tajribasini mukammal o‘zlashtirdi. Yo‘l qurilishida “Katerpiller”, “Virtgen”, “Libxerr”, “Xamm”, “Fogele”, “ABG”, “Daynapak”, “Nitachi”, “Komatsu”, “Kato”, “Nissan" singari xorijiy kompaniyalarning zamonaviy yo‘l qurish texnikasi hamda uskunalaridan foydalanilmoqda.

O‘tgan yillar mobaynida Toshkent-Andijon-O‘sh, Toshkent-Samarqand-Buxoro, Toshkent-Chimyon-Chorvoq avtomobil yo‘llari rekonstruksiya qilinib, birinchi toifaga o‘tkazildi. Serqatnov yo‘nalishlardan hisoblangan Samarqand-Qarshi-Termiz va Buxoro-Nukus-Qo‘ng‘irot-Beynov yo‘llari kengaytirilib, birinchi va ikkinchi toifa talablari asosida ta’mirlandi.

Ko‘plab yo‘l o‘tkazgich va estakadalarga ega 6-8 polosali 32 kilometrlik Toshkent kichik xalqa yo‘lining barpo etilishi poytaxt ko‘chalarida tirbandlikni bartaraf etishda muhim yechim bo‘ldi. Mazkur yo‘lning Olmazor va Shayxontohur tumanlari hududidan o‘tgan qismida, Beruniy va Osiyo ko‘chalarini bog‘laydigan, Forobiy, Qorasaroy, Sag‘bon, Sebzor va Labzak ko‘chalarini o‘zaro tutashtirgan 5,1 kilometr uzunlikdagi yangi Nurafshon ko‘chasi bunyod etilgani shahar aholisi va mehmonlariga qo‘shimcha qulayliklar yaratdi. Ayniqsa, poytaxtimizning Sebzor va Abdulla Qodiriy ko‘chalari kesishadigan joyda qurilgan eni 26, uzunligi 500 metrli yangi ko‘prik mamlakatimizda yo‘lsozlik va ko‘priksozlik tajribasi to‘la shakllanganidan dalolat beradi.

Farg‘ona vodiysini mamlakatimizning boshqa hududlari bilan bog‘laydigan Toshkent-Qo‘qon yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar nafaqat yo‘lsozlar, balki butun yurtimiz ahlining faxriga aylandi. Toshkentdan Qo‘qon orqali Andijonga, undan so‘ng O‘sh va Xitoyga olib boruvchi ushbu yo‘l bir vaqtlar so‘qmoq yo‘ldek tor, xavfli edi. Hozirgi yo‘lga razm sola turib beixtiyor quruvchilarga balli, deysan kishi.

– Xizmat safari bilan tez-tez vodiyga qatnayman, – deydi poytaxtlik xususiy tadbirkor A’zamjon Qodirov. – Ilgarilari tik tog‘ yo‘llarida ko‘tarilish uchun ko‘p kuch va vaqt sarflanar, ustiga-ustak o‘nqir-cho‘nqirlar mashina texnik holatiga zarar yetkazib, haydovchi va yo‘lovchilarning asabini charchatardi. “Qamchiq” va “Rezak” tunnellarining qurilishi, dovon bo‘ylab yo‘llarning kengaytirilishi hamda ta’mirlanishi natijasida bu ko‘ngilsizliklar go‘yo tushga aylandi.

Mamlakatimiz, jumladan, Farg‘ona vodiysida ishlab chiqarish jadal rivojlanayotgani inobatga olinib, bugungi kunda bu yo‘l zamonaviy talablar asosida qayta barpo etilmoqda. Dovonda amalga oshirilayotgan yo‘l-qurilish ishlarida sementbeton qoplama ishlatilmoqda.

Asfaltbeton qoplamali yo‘llarga nisbatan 2,5 barobar kamroq yemiriladigan, ikki barobar uzoq foydalaniladigan sementbeton qoplamali yo‘llarni barpo etish birmuncha arzon tushadi. Janubiy Koreya, Germaniya, AQSh, Avstraliya singari mamlakatlarning avtomobil yo‘llari asosiy qismini shunday yo‘llar tashkil qiladi. Bunday yo‘llarni qurishda mamlakatimizning o‘zida zarur xomashyo bazasi mavjud. O‘zbek milliy magistralining 350 kilometri shunday qoplama asosida bunyod etilmoqda.

Ufqqa tutashgan magistral

Jizzax va Samarqand viloyatlari chegarasida joylashgan Yuqori nuqta manzilida to‘xtab yo‘llarga razm solsangiz, xuddi ufq bilan tutashib ketgandek taassurot uyg‘otadi. Mazkur yo‘l O‘zbekistonning barcha hududini bir-biriga bog‘laydigan, ko‘plab xalqaro tranzit yo‘llari kesishuvida joylashgan O‘zbek milliy magistralining muhim qismi hisoblanadi.

15c.jpg
Hozirgi kunda mamlakatimizda shimoli-g‘arbiy tomondan Beynov orqali, janubi-g‘arbiy tomondan Olot orqali, janub tomondan Termiz orqali va sharq tomondan Andijon orqali qo‘shni davlatlarga chiqadigan O‘zbek milliy avtomagistrali 4 yo‘nalishdan iborat bo‘lib, uning uzunligi 2 755 kilometrni tashkil qiladi.

2009-yildan buyon qurilishi davom etayotgan O‘zbek milliy magistrali 2019-yilga borib to‘liq yakunlanadi. Natijada Andijondan Qo‘ng‘irotgacha, Samarqanddan Termizgacha bo‘lgan avtomobil yo‘llari jahon standartlari talablariga mos darajada yangilanib, mamlakatimizning bir chetidan boshqa chetiga 10-12 soatda yetib borish mumkin bo‘ladi.

Mazkur magistral investitsiya muhitining yaxshilanishi, davlatning eksport, import va tranzit yuk tashish imkoniyati, chet el investorlari va sayyohlarining O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishi oshishiga xizmat qiladi.

Ha, integratsiyalashish jarayoni yangi mingyillikning asosiy belgisiga aylangan bir davrda zamonaviy transport infratuzilmasini barpo etishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlarning amalga oshirilishi samarasida O‘zbekiston yana qadimgi Buyuk ipak yo‘lining muhim chorrahasiga aylandi. Mustaqillikning ilk yillaridayoq Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan ishlab chiqilgan rivojlanishning «o‘zbek modeli» tufayli bu bunyodkorlik ishlari xalqimiz farovonligining oshishini va iqtisodiyotimizning barqaror sur’atlarda taraqqiy etishini ta’minlamoqda.