Ma’lumki, O‘zbekistonga qimmatbaho toshlardan va metallardan yasalgan zargarlik buyumlarini chegara bojxona postlari orqali olib kirish va undan olib chiqish bevosita amaldagi qonunchilikda belgilangan me’yorlar asosida tartibga solinadi.
Xususan, jismoniy shaxslar mamlakatimiz hududiga o‘z ehtiyojlari uchun 65 grammgacha bo‘lgan zargarlik buyumlarini olib kirishlari mumkin. 65 grammdan ko‘p bo‘lgan zargarlik buyumlarini olib kirish esa, bevosita bojxona to‘lovlarini to‘lagan holda amalga oshiriladi. Bojxona to‘lovlari miqdori qonunchilikda qayd qilingan asosda belgilanadi. To‘lovlar miqdori olib kirilayotgan zargarlik buyumlari turi va vazniga ko‘ra o‘zgaradi.

Misol uchun, jismoniy shaxs tomonidan O‘zbekiston hududiga og‘irligi 100 gr bo‘lgan zargarlik buyumi olib kirilayotgan bo‘lsa, 100 grammning 65 grammiga imtiyoz qo‘llaniladi, ya’ni hech qanday bojxona to‘lovi undirilmaydi, qolgan 35 gramm zargarlik buyumi uchun me’yoriy hujjatlarda belgilangan tartibda bojxona to‘lovi undiriladi.
Bunda boj miqdori olib kirilayotgan zargarlik buyumining qanday qiymatdagi metalldan yasalgani, undagi tosh qiymati inobatga olingan holda belgilanadi. Tijorat maqsadlarida zargarlik buyumlarini olib kirish bevosita bojxona yuk deklaratsiyasini rasmiylashtirgan holda amalga oshiriladi.
Biroq, ba’zi yurtdoshlarimiz tomonidan qimmatbaho zargarlik buyumlarini chegara bojxona postlari orqali O‘zbekistonga olib kirish va undan olib chiqishda amaldagi me’yorlarga rioya etilmayotgani uchrab turibdi.

Bu borada “Toshkent xalqaro aeroporti” bojxonachilari tomonidan yirik qonunbuzilish holatlarining oldi olinmoqda.
Xususan, “Toshkent-AERO” IBK tezkor tuzilmalari tomonidan oldindan olingan tezkor ma’lumotlarga asosan, Dubay-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha birgalikda uchib kelgan uch nafar fuqaroni belgilangan tartibda bojxona nazoratidan o‘tkazish jarayonida mazkur fuqarolar tomonidan yashirilgan, bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovida ma’lum qilinmagan zargarlik buyumlari borligi fosh bo‘ldi.
Aniqlangan zargarlik buyumlarining umumiy og‘irligi 781 grammni, taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra qiymati esa salkam 970 million so‘mni tashkil etmoqda.
Hozirda ushbu zargarlik buyumlari ashyoviy dalil sifatida saqlovga olinib, holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA