Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2024-yil 14-mart kuni Sirdaryo viloyati, xususan Sayxunobod tumaniga tashrifi chog‘ida o‘tkazilgan yig‘ilishda qishloq xo‘jaligining muhim tarmog‘i bo‘lgan parrandachilik sohasini rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash yuzasidan aniq vazifalar belgilab berilgan edi.
Mazkur topshiriqlar ijrosi doirasida tumanning “O‘zbekiston” MFY hududiga qarashli 13 gektar yer maydonida “Qaynar” xususiy korxonasi tomonidan umumiy qiymati 5 million AQSH dollariga teng yirik parrandachilik loyihasini amalga oshirish ishlari boshlab yuborilgandi.
Ahamiyatli jihati shundaki, loyiha to‘liq ishga tushirilgandan so‘ng yiliga 28 million dona broyler jo‘ja va 30 million dona inkubatsion tuxum ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Bu ichki bozorni sifatli mahsulot bilan ta’minlash barobarida eksport salohiyatini ham oshirishga xizmat qiladi.

Ayni vaqtda investor tomonidan loyihaning birinchi bosqichi amalga oshirildi. Unga ko‘ra, har biri 8 750 bosh, jami 35 ming bosh naslli parrandaga mo‘ljallangan 4 ta zamonaviy bino qurilib, foydalanishga topshirildi. Barcha binolar xalqaro standartlar asosida jihozlangan bo‘lib, bioxavfsizlik tizimi, mikroklimat nazorati va avtomatlashtirilgan boshqaruv yo‘lga qo‘yilgan.
Kelgusida binolar soni 14 taga yetkazilib, 122,5 ming bosh naslli parranda parvarishlash imkoniyati yaratiladi. Bu ishlab chiqarish hajmini barqaror va uzluksiz ta’minlash, tuman ichki bozorida parranda go‘shti va tuxumiga bo‘lgan talabni to‘liq qondirish hamda eksport hajmini oshirish imkonini beradi.

Loyiha doirasida parrandachilik va chorvachilik uchun avtomatlashtirilgan oziqlantirish, ichimlik suvi tizimlari, havo almashinuvini nazorat qilish, iqlim boshqaruvi hamda boshqa ishlab chiqarish uskunalarini ishlab chiqaruvchi Xitoyning Big Herdsman kompaniyasidan 1,6 million dollarlik zamonaviy uskunalar olib kelinib, ishlab chiqarish jarayoniga joriy etildi. Ushbu texnologiyalar orqali oziqlantirish, suv bilan ta’minlash, harorat va namlikni nazorat qilish jarayonlari avtomatlashtirilgan. Bu inson omilini kamaytirish, mehnat unumdorligini oshirish va mahsulot sifatini barqaror darajada ta’minlash imkonini yaratadi.
Shuningdek, Vengriyaning dunyoda tan olingan Aviagen kompaniyasi bilan hamkorlik o‘rnatildi. Hamkorlik natijasida o‘tgan yil sentabr oyida 70 ming 200 bosh “Ross-308” nasliga mansub parranda olib kelingan bo‘lsa, joriy yilning 14-mart sanasida yana 51 ming bosh jo‘ja keltiriladi. Loyiha to‘liq ishga tushgach, ushbu turdagi parrandalar soni 5 million boshga yetkazilishi rejalashtirilgan.

Ayni paytda keltirilgan zotli parrandalar uch bosqichli yosh toifasida bo‘lib, birinchi bosqichdagi 24 ming bosh ona tovuq hisobidan kuniga o‘rtacha 15–16 ming dona tuxum olinmoqda. Yil oxiriga borib korxonaning kengayishi, yangi zotdor ona tovuqlar keltirilishi hamda ularning tuxumlari asosida inkubatsiya usulida ochiriladigan jo‘jalar hisobiga mazkur ko‘rsatkichni bir necha barobar oshirish rejalashtirilgan. Yuqori genetik salohiyatga ega nasllar ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, ozuqa sarfini qisqartirish va mahsulot sifatini xalqaro standartlarga moslashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
– Loyihani amalga oshirishdan oldin bozor kon’yunkturasi, talab va taklif mutanosibligi, iqtisodiy xavflar atroflicha tahlil qilindi, – deydi korxona rahbari Kamoliddin Boboxonov. – Bugungi kunda nafaqat jahonda, balki mamlakatimizda ham oqsilga boy oziq-ovqat mahsulotlariga, xususan tovuq go‘shti va tuxumiga talab izchil o‘sib bormoqda. Shu omillar, shuningdek, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlar mazkur loyihani amalga oshirishda muhim turtki bo‘ldi.

Yil yakuniga qadar oyiga 1 million bosh jo‘ja ishlab chiqarish quvvatiga ega zamonaviy inkubatoriyani ishga tushirish rejalashtirilgan. Bu naslli parrandadan tortib tayyor jo‘ja ishlab chiqarishgacha bo‘lgan to‘liq davrni shakllantirish, tashqi bozorga qaramlikni kamaytirish va import o‘rnini bosish imkonini beradi.
Ishlab chiqarish jarayonlari to‘liq raqamlashtirilgan. Har bir parrandaning holati, sog‘lig‘i va mahsuldorligi zamonaviy texnologiyalar orqali doimiy monitoring qilinadi. Avtomatlashtirilgan dasturlar orqali ozuqa va suv berish me’yorlari belgilab beriladi, mikroklimat barqaror saqlanadi. Bu ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish, yo‘qotishlarning oldini olish va yuqori natijadorlikka erishishga xizmat qilmoqda.

Parranda salomatligini ta’minlash maqsadida veterinariya mutaxassislari Ukrainadan jalb etilgan. Ular tomonidan profilaktika ishlari, vaksinatsiya va bioxavfsizlik choralari xalqaro standartlar asosida amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, ozuqa ta’minoti ham puxta yo‘lga qo‘yilgan: bug‘doy, soya, kungaboqar urug‘i va boshqa komponentlar asosida maxsus parrandabop omuxta yem ishlab chiqarilmoqda. Bu xarajatlarni qisqartirish bilan birga, qo‘shimcha daromad manbai yaratishga ham xizmat qilmoqda.
Loyiha doirasida hozirga qadar 32 ta yangi ish o‘rni yaratilgan bo‘lsa, korxona to‘liq ishga tushgach, ishchi-xizmatchilar soni 50–60 nafarga yetkaziladi. Ishchilar uchun munosib mehnat sharoitlari yaratilgan: dam olish va yuvinish xonalari mavjud, o‘rtacha oylik maosh 3,5 million so‘mni tashkil etadi, xodimlar kuniga uch mahal issiq ovqat bilan ta’minlanadi. Bu mahalliy aholi bandligini ta’minlash, daromadlarni oshirish va ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Shuningdek, tuman hokimligi tomonidan qo‘shimcha 7 gektar yer maydoni ajratish rejalashtirilgan bo‘lib, unda parrandalar uchun zarur ozuqa xomashyosini mustaqil yetishtirish ko‘zda tutilgan. Bu ishlab chiqarish tannarxini pasaytirish, tashqi bozor ta’sirini kamaytirish va barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Umuman olganda, Sirdaryo viloyati, xususan Sayxunobod tumanida amalga oshirilayotgan mazkur yirik parrandachilik loyihasi zamonaviy agrosanoat infratuzilmasini shakllantirish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, ichki bozorni sifatli mahsulot bilan ta’minlash hamda eksportbop ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishda muhim qadam bo‘lib xizmat qilmoqda. Loyihaning bosqichma-bosqich kengayishi esa uning uzoq muddatli va barqaror rivojlanishini ta’minlaydi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri