Yirik miqdordagi kontrabanda tovarlari aniqlandi
Olingan tezkor ma’lumotlar asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi hamda “Qoraqalpog‘iston” temir yo‘l chegara bojxona posti va chegara qo‘shinlari xodimlari bilan hamkorlikda olib borilgan tezkor tadbir natijasida “Volgagrad-Toshkent” yo‘nalishidagi yo‘lovchi poyezdining 7-sonli vagonining tepa (ventilyatsiya) qismiga tish davolashda foydalaniladigan implant va asbob uskunalari, shuningdek, 12-sonli vagonining shaxta qismlarida xufiyona tarizda yashirilgan tibbiyot buyumlari borligi aniqlandi.

Ekspertiza hulosasiga ko‘ra, jami 3 ming 606 dona har hil turdagi tish davolashda foydalaniladigan implant va tibbiyot buyumlari qiymati 1 milliard 839 million 592,3 ming so‘mga tengligi tasdiqlandi. Ushbu buyumlarga muvofiqlik sertifikatlari rasmiylashtirilmaganligi sababli tibbiyot amaliyotida qo‘llanilganida inson hayoti va sog‘lig‘i uchun xavf tug‘dirishi mumkinligi ma’lum qilingan hamda saqlash, sotish, tashish va tibbiyot amaliyotida qo‘llash ta’qiqlanganligi ko‘rsatilgan.
Mazkur holat yuzasidan fuqaroga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri