French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yirik korxonalarning davlat ulushi sotilmoqda
16:10 / 2020-11-02

Mazkur hujjat yurtimiz iqtisodiyotini rivojlantirish, tadbirkorlar faoliyatini yana-da ragʻbatlantirishda koʻplab qulayliklar yaratadi.


Mamlakatimizda davlat ishtirokidagi korxonalarda isteʼmolchiga yoʻnaltirilgan zamonaviy boshqaruv usullari, ochiqlik, shaffoflik va bozor tamoyillarini jadal joriy etish, islohotlar jarayonida xususiy kapital ishtiroki uchun kengroq imkoniyatlar yaratish, iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va raqobat muhitini yana-da yaxshilash borasida amaliy ishlarga kirishildi.

Prezidentimizning joriy yil 27-oktyabrdagi “Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni bunda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Mazkur hujjat yurtimiz iqtisodiyotini rivojlantirish, tadbirkorlar faoliyatini yana-da ragʻbatlantirishda koʻplab qulayliklar yaratadi. Muxbirimiz Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Fargʻona viloyati hududiy boshqarmasi boshligʻi Habibullo Sirojiddinov bilan viloyatda farmon ijrosini taʼminlash borasidagi ishlar haqida suhbatlashdi.

– Farmonda samarasiz ishlayotgan yoki faoliyat koʻrsatmayotgan davlat korxonalarini isloh qilish koʻzda tutilgan, – deydi H.Sirojiddinov. –Uning 7 ta ilovasi boʻlib, unga muvofiq Moliya vazirligi tomonidan isloh qilinadigan 31 ta yirik korxonalarning viloyatimizga tegishli qismi boʻyicha oʻrganish ishlari olib borilyapti. Ikkinchi ilovaga koʻra, xususiylashtirilishi rejalashtirilgan 23 ta korxonalarning roʻyxati shakllantirilgan. Bu roʻyxatda viloyatdan Fargʻona neftni qayta ishlash zavodi bor. 

Xususiylashtirishdan oldin har birini alohida tayyorlash va investitsiyaviy jozibardorligini oshirish orqali sotish maqsadida respublikamiz miqyosida 60 ta davlat ulushi boʻlgan korxonalar roʻyxati shakllantirildi. Viloyatda mazkur roʻyxatga 4 ta yirik korxona kiritildi. “Kvars”, “Fargʻonaazot”, “Qoʻqon neft-gaz parmalash ishlari”, “Qoʻqon mexanika zavodi” aksiyadorlik jamiyatlarining davlat ulushini ommaviy savdolarda sotish belgilandi.

Korxonalar sotishdan oldin boshqarma mutaxassislari tomonidan ommaviy savdolarga tayyorlash uchun chuqur tahlil qilinadi, salohiyati oʻrganiladi. Chunki viloyat iqtisodiyotida muhim ahamiyatga ega boʻlgan ushbu korxonalarda minglab hamyurtlarimiz mehnat qiladi. Bugungi kunda bu korxonalarda 11 ming nafarga yaqin ishchi-xizmatchilar faoliyat olib bormoqda. Joriy yilning 9 oyida mazkur korxonalar tomonidan 1,5 trillion soʻmlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi. 

Hisobot davrida oʻtgan yilning mos davriga nisbatan oʻsish 107,1 foizni, sof daromad 331,7 milliard soʻmni tashkil etdi. Korxonalar tomonidan 230 milliard soʻm soliq toʻlandi, bu viloyat yalpi soliq tushumining 13,1 foiziga teng. Demak, korxonalarni sotishdan oldin ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, soliq qarzdorligini kamaytirish, kerak boʻlsa, buning uchun xorijdan tajribali mutaxassis va ekspertlar jalb etish choralari koʻriladi. Ayni kunlarda bu borada “yoʻl xaritalari” ishlab chiqilmoqda.

“Kvars” aksiyadorlik jamiyatida bugungi kunda 70 million dollarlik loyiha amalga oshirilyapti. Loyiha natijasida respublikamizning chetdan oyna mahsulotlari import qilishga boʻlgan ehtiyoji toʻliq oʻzimizda qoplanadi hamda korxonada 500 ta yangi ish oʻrni yaratiladi. “Fargʻonaazot” aksiyadorlik jamiyatida 671 million dollarlik 6 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish va 1000 ta yangi ish oʻrni yaratish rejalashtirilgan.

Shu oʻrinda hamyurtlarimizda ommaviy sotuvga chiqarilayotgan korxonalarda bunday loyihalarni amalga oshirish shartmi? – degan savol tugʻilishi tabiiy. Savdolar jarayonida korxonalarning kreditlari, soliq qarzdorligi, davlat aktivlari bilan bogʻliq barcha jihatlar hisobga olinadi. Agar korxonaning umumiy qiymati 100 million soʻmdan oshmasa, u toʻgʻridan-toʻgʻri savdoga chiqariladi. Ulush ushbu summadan ortib ketsa, baholash korxonalari tomonidan baholatilganidan keyin savdoga qoʻyiladi.

Davlatimiz rahbari farmon ijrosiga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida Fargʻona viloyatida 68 ta koʻchmas mulk uzoq yillar mobaynida sotilmay kelayotganini taʼkidladi. Buning asosiy sababi investitsiya majburiyatlari baland qoʻyilgani, mahalliy hokimliklar tomonidan bozor qiymati yetarli darajada inobatga olinmagani bilan bogʻliq.

Farmon asosida endilikda tadbirkorlarga erkinlik yaratish maqsadida mulklar bozor qiymatidan 20-30 foiz arzon narxda sotuvga chiqariladi. Agar mulk uch oy davomida sotilmasa, agentlik bilan kelishilgan holda 1 soʻm qiymatida yana ommaviy savdolar davom ettiriladi. Prezidentning Fargʻona viloyatiga tashrifi chogʻida tadbirkorlarning taklifi asosida boʻsh turgan binolar ommaviy savdoga qoʻyilgani ham ularning qiziqishiga sabab boʻlmoqda. Masalan, Buvayda tumanida boʻsh turgan binolardan biri 150 million soʻm qiymatida savdoga chiqarilib, kim oshdi tartibida salkam 3 milliard soʻmga sotildi.

Viloyat hokimligi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Tadbirkorlar uyi”da farmon talablari asosida barcha shart-sharoitlar yaratiladi. “Maslahat klinika”sini ham shu yerda tashkil etish koʻzda tutilmoqda. Har qanday tadbirkor tegishli soha mutaxassislaridan maslahat olib, ishini bir zumda bitirish imkoniga ega boʻladi. Davlat aktivlari va xususiylashtirilayotgan korxonalar boʻyicha barcha maʼlumotlar jamlanadi.