Navoiy viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i Azizbek Do‘styorov boshchiligidagi ishchi guruhi Navoiy erkin iqtisodiy zonasida tashkil etilayotgan loyiha doirasida amalga oshirilayotgan qurilish ishlari bilan tanishdi.
2023 yil 5 oktyabrda O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi Mintaqalararo hamkorlik forumi doirasidagi Navoiy viloyatida “Master Navoiy” maxsus sanoat parkini tashkil etish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolangan edi.
Hozirda ushbu bitim doirasida qiymati 178,9 million AQSH dollarini tashkil etadigan “Master Navoiy” maxsus sanoat parki loyihasining qurilish ishlari boshlab yuborilgan.
Loyiha 64,4 gektar yerga qurilayotgan bo‘lib, asosan mashina texnikasi va metallni qayta ishlab chiqish, qurilish materiallari, elektrotexnika hamda kimyo sanoati tarmoqlarini o‘z ichiga oladi.
Mazkur loyiha ishga tushirilishi natijasida yiliga 210 million AQSH dollari miqdorida mahsulotlar ishlab chiqariladi va yillik eksport hajmi 100 million AQSH dollarini tashkil etadi. Natijada 1600 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Uchrashuvda korxona mas’ullariga qurilish va montaj ishlarini o‘z muddatida yakunlash, xorijdan import asosida olib kelinayotgan hamda tezkorlik bilan bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazib berilayotgan uskuna va jihozlarni qisqa muddatlarda o‘rnatish yuzasidan tavsiyalar berildi.
Yakunda faoliyatda uchrashi mumkin bo‘lgan muammolarni bartaraf etish yuzasidan chora-tadbirlar belgilab olindi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri