Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yirik innovatsion ishlab chiqarish ob’ektlarini birlashtirgan ilg‘or majmua
12:41 / 2024-02-09

Mamlakatimizda turli yo‘nalishlarda yirik loyihalar ishga tushirilib, samarali faoliyat olib bormoqda. Ulardan biri poytaxtimizdagi “Texnopark” sanaladi.

 Ushbu sanoat majmuasiga davlatimiz rahbari tomonidan asos solinganiga besh yil bo‘ladi. Bugun bu yerda import o‘rnini bosuvchi sanoat mahsulotlari, maishiy texnikaning keng assortimentini ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyat olib bormoqda. Natijada 5 mingdan ortiq ish o‘rni yaratildi.  

Shu o‘rinda aniq raqamlarga to‘xtalish o‘rinli. O‘tgan davrda bu yerda 16 ta yirik loyiha yo‘lga qo‘yildi. Loyihalar doirasida elektron gaz hisoblagich, muzlatgich, sanoat konditsionerlari va sovitish tizimlari, lift va eskalatorlar, suv nasoslari, eshik-derazalar uchun aksessuarlar yasalmoqda.  

Shuningdek, o‘tgan yili qurilish materiallari, suv isitish sanoat qozonlari va “yashil energiya” manbalari qurilmalarini ishlab chiqarish korxonalari ishga tushirildi.  

Kuni kecha Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamrohligida mazkur majmuaga tashrif buyurdi.  

– Hozirgi kunda bir qancha Belarus korxonalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yganmiz, – deydi “Texnopark” tadqiqotlar va rivojlanish markazi rahbari  Zafar Izmailov. – Xususan, Belarusning “TeploEnergoSila” kompaniyasi bilan individual isitish punktlari bo‘yicha loyiha amalga oshirilgan. Bundan tashqari mutaxassislarimiz shu davlatdagi Standartizatsiya va sertifikatsiya institutidagi maxsus o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etib kelishdi. Bizda umuman olganda tajriba almashish jarayoni bor. Belarus rasmiy delegatsiyasi vakillari bizdagi ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishishdi. O‘ylaymizki tijoriy hamkorligimiz yanada yaxshilanadi.  

Mehmonlarga bu yerda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning turlari, sifat va narx mutanosibligi haqida ma’lumot berildi. Xorijiy mashhur brendlar nomida, ularning standartlari asosida tayyorlanayotgan mahsulotlarning xaridorgirligi ta’kidlandi.  

[gallery-15876]

Sifatli tovarning bozori chaqqon bo‘ladi. Shuning uchun ham sanoat majmuasida ishlab chiqarilgan mahsulotlar bozorga yaxshi kirib bordi. E’tiborlisi, tovarlar dunyoning o‘nta mamlakatiga eksport qilinmoqda.  

“Texnopark” bugun yirik innovatsion ishlab chiqarish ob’ektlarini birlashtirgan ilg‘or majmuaga aylandi. Yaqin istiqbolda bu yerda yirik logistika markazini tashkil etish rejalashtirilgan.  

Ikrom Avvalboyev, Otabek Mirsoatov (surat), O‘zA