"Reuters" yozishicha, Italiya Adliya vazirligi mamlakatdagi qamoqxonalar yukini kamaytirish maqsadida 10 000 ga yaqin mahkumni ozod qilish masalasini ko‘rib chiqyapti. Bu jazo o‘tayotganlarning taxminan 15 foizi, degani.
Bayonotga ko‘ra, 10 105 nafar mahkum uy qamog‘i yoki sinov muddati kabi muqobil jazo choralariga “ehtimoliy ravishda mos” deb topilgan. Ular orasida jazo muddati tugashiga ikki yildan kam qolgan, apellyatsiya jarayoni yakunlangan va so‘nggi 12 oyda intizomiy jazo olmagan shaxslar bor.
Terrorizm, uyushgan jinoyatchilik, zo‘rlash, odam savdosi yoki o‘g‘irligi kabi og‘ir jinoyatlar uchun jazo o‘tayotganlar ayni ro‘yxatga kiritilmaydi.
“World Prison Brief” ma’lumotiga ko‘ra, Italiya Yevropada eng zich qamoqxona tizimiga ega davlatlardan biri bo‘lib, bandlik darajasi 122 foizni tashkil etadi.
So‘nggi vaqt qamoqxonalarda o‘z joniga qasd qilish holati ortgani, issiq havoda sharoit yomonlashgani tez-tez tilga olinyapti. Shunga qaramay, Adliya vazirligi bu qaror siyosiy jihatdan sezgir masalaligini tan olib, ozodlikka chiqarish bosqichma-bosqich amalga oshirilishini bildirdi.
Jarayonni muvofiqlashtirish uchun tuzilgan ishchi guruh har hafta yig‘ilib, sentyabrga qadar faoliyati yuzasidan hisobot beradi.
Musulmon Ziyo, O‘zA