O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tashabbusi bilan tashkil etilgan “Yilning eng yaxshi yordamchi agenti” ko‘rik-tanlovining birinchi va ikkinchi bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Tanlov mahallalarda bank xizmatlarini targ‘ib qilish, aholining moliyaviy savodxonligini oshirish, shuningdek, yordamchi agentlar faoliyatini baholash va ularni rag‘batlantirish maqsadida o‘tkazilmoqda.
Mamlakatimizdagi mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholining iqtisodiy faolligini oshirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Xususan, “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash”, “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish”, “Mahalla loyihasi”, “Biznesga birinchi qadam” kabi bir qator davlat dasturlari doirasida yangi imkoniyatlar yaratilib, amaliyotga tatbiq etilmoqda. Banklarning hududlardagi bo‘linmalarida maxsus “mahallabay” ishlash bo‘limlari tashkil etilib, ularga tegishli “mahalla bankirlari” biriktirilgan. Shu bilan birga mahallada faoliyat yuritayotgan yordamchi agentlar ham jalb qilinib, aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot asosida tadbirkorlikka jalb qilish, moliyaviy xizmatlardan foydalanishni kengaytirish mexanizmlari joriy etildi.
Aynan shu faoliyatni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladigan “Yilning eng yaxshi yordamchi agenti” tanlovi doirasida ilk bosqichda Toshkent shahri bo‘yicha 585 ta mahallaning 100 nafar yordamchi agenti ishtirok etdi. Ular orasidan o‘z faoliyatida tashabbuskorligi hamda aholi bilan samarali ishlash qobiliyati bilan ajralib turgan 36 nafar ishtirokchi ikkinchi bosqichga yo‘llanma oldi. Tanlovning ikkinchi bosqichida esa 12 nafar saralangan ishtirokchi o‘z faoliyatini namoyon etuvchi videoroliklar orqali baholandi. Ular o‘tkazgan taqdimotlari orqali mahallada olib borayotgan ishlari, aholini tadbirkorlikka jalb qilish bo‘yicha ko‘rsatayotgan amaliy yordami, innovatsion yondashuvlari va tashabbuslarini namoyish etdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, “O‘zmilliybank” AJ hamda boshqa hamkor tashkilotlar vakillari bu kabi tanlovlar mahalladagi yordamchi agentlar faoliyatini rag‘batlantirish, ularning bilim va ko‘nikmalarini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlashdi.
Tadbir yakunida g‘oliblar tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Shuningdek, ular uchun kelgusida malaka oshirish kurslari hamda tajriba almashish imkoniyatlari yaratilishi ma’lum qilindi.
Ma’lumot o‘rnida, tanlovning uchinchi bosqichida ishtirok etayotgan va g‘olib deb topiladigan yordamchi agentlar endi respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi. Bu esa ularga nafaqat shaxsiy faoliyatini yanada takomillashtirish, balki o‘z hududida moliyaviy xizmatlardan foydalanish darajasini yanada oshirishda muhim motivatsiya bo‘lib xizmat qiladi.
“O‘zmilliybank” AJ
Matbuot xizmati