Markaziy bank Navoiy viloyati bosh boshqarmasida “Yilning eng yaxshi yordamchi-agenti – 2025” tanlovining 3-bosqichi o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2025 yil 12 avgustdagi farmoyishiga asosan mahallalarda bank xizmatlarini targ‘ib qilish va ommalashtirish, aholining moliyaviy savodxonligini oshirishda yordamchi-agentlar faoliyatini baholash va rag‘batlantirish yuzasidan joriy yilning avgust-dekabr oylarida “Yilning eng yaxshi yordamchi-agenti – 2025” tanlovini amalga oshirish belgilangan edi.

Tanlovning 1-bosqichida viloyat bo‘yicha 233 nafar mahalla yordamchi-agentlari ishtirok etib, ularning 33 nafari o‘zlarining olib borgan targ‘ibot ishlari natijalarini hududiy hakamlar hay’ati a’zolari tomonidan belgilangan texnik shartlar asosida baholanishi natijasida tanlovning 2-bosqichiga o‘tishga muvaffaq bo‘lgan edi.

Tanlovning 2-bosqichida esa yordamchi-agentlar tomonidan biznesga yo‘naltirilgan bank mahsulotlari, firibgarlardan ogohlikka chaqirish va omonatlar bo‘yicha targ‘ibot olib borish kabi 3 ta shart bo‘yicha noan’anaviy foto va video lavhalari tayyorlanib, o‘z targ‘ibotlarini ijtimoiy tarmoqlarda yoritishdi. Natijada ular orasidan 11 nafar yordamchi-agentlar 3-bosqichda ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.

Tanlovning 3-bosqichida ham ishtirokchilar o‘z mahoratlarini namoyish etdi va har bir jarayon hakamlar hay’ati a’zolari tomonidan baholanib borildi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, 1-o‘ringa “Turonbank” ATB Navoiy bank xizmatlari markazining Navbahor tumanidagi Oq oltin mahallasi yordamchi-agenti Shahlo Sayitova, 2-o‘ringa “Agrobank” ATB Navoiy viloyati boshqarmasining Nurota tumani Mustaqillik mahallasi yordamchi-agenti Dilorom Islomova, 3-o‘ringa esa AT “Aloqabank” Navoiy hududiy kompleks xizmatlar ko‘rsatish markazining Navoiy shahar Matonat mahallasi yordamchi-agenti Muhayyo Toshimova loyiq deb topildi hamda tanlovning respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.

Tanlov yakunida g‘olib va sovrindorlar, shuningdek, faol ishtirokchilar tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri