Toshkentda “Yilning eng yaxshi tarbiyachisi - 2023” kasbiy ko‘rik - tanlovining respublika bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tanlov “Eng yaxshi metodist”, “Eng yaxshi fidokor tarbiyachi”, “Eng yaxshi ijodkor - ixtirochi tarbiyachi”, “Innovatsion va axborot texnologiyalarini qo‘llaydigan eng yaxshi tarbiyachi”, “Eng yaxshi eko - targ‘ibotchi tarbiyachi”, “Eng yaxshi ma’naviy kamolotga yetaklovchi tarbiyachi” nominatsiyalari bo‘yicha o‘tkazildi.
Avgust oyida ko‘rik - tanlovning tuman (shahar) bosqichi o‘tkazilgan. Unda jami 9 ming 146 nafar davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan yuqori malakali metodist va tarbiyachilar ishtirok etib, ularning 912 nafari viloyat bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan.
Hududiy bosqichdan o‘tgan 82 nafar qatnashchi 20 - 21 sentyabr kunlari tanlovning respublika bosqichida ishtirok etib, g‘oliblik uchun o‘zaro bellashdi.
[gallery-13662]
Birinchi shartda ishtirokchilarning loyiha taqdimotlari baholangan bo‘lsa, ikkinchi shartga ko‘ra, qatnashchilar mashg‘ulot ishlanmasini tayyorladi. Uchinchi shartda test savollariga javob berdi.
Shundan, 6 ta nominatsiya bo‘yicha 18 nafar ishtirokchi faxrli o‘rinlarni egalladi. Ushbu g‘oliblarga Maktabgacha ta’lim agentligining diplom va qimmatbaho sovg‘alari hamda pul mukofotlari topshirildi.
Shuningdek, “Eng yaxshi ijodkor - ixtirochi tarbiyachi”, “Innovatsion va axborot texnologiyalarini qo‘llaydigan eng yaxshi tarbiyachi”, “Eng yaxshi eko - targ‘ibotchi tarbiyachi”, “Eng yaxshi ma’naviy kamolotga yetaklovchi tarbiyachi” nominatsiyalarida faxrli o‘rinlarni egallagan ishtirokchilarga davlat granti asosida oliy ta’lim muassasalarida tahsil olish uchun yo‘llanma berildi. Ushbu yo‘llanma egalari maktabgacha ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha respublikaning xohlagan oliy ta’lim muassasasida tahsil olish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Tanlovning qolgan ishtirokchilariga Maktabgacha ta’lim agentligining faxriy yorliqlari va qimmatbaho sovg‘alari topshirildi.
Mohigul Qosimova,
Murodxon Xo‘jayev (surat), O‘zA