Yangiyo‘l tumanida “Yilning eng yaxshi ijtimoiy xodimi” ko‘rik-tanlovining Toshkent viloyati bosqichi o‘tkazildi.
Mazkur tanlov davlatimiz rahbarining 2018 yil 20 iyundagi “Protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalarini ishlab chiqarishni rivojlantirish hamda tibbiy-ijtimoiy muassasalarining moddiy-texnika bazasini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan har ikki yilda bir marta o‘tkaziladi.
Hozir viloyat bo‘yicha ro‘yhatga olingan 1 ming 562 nafar o‘zgalar parvarishiga muhtoj yakka-yolg‘iz yashovchilar ro‘yhatiga olingan. Ulardan 439 nafari davlatimiz tomonidan 19 turdagi oziq-ovqat va gigenik tovarlari bilan oyma oy bepul ta’minlanib keladi. Bu toifadagi insonlarga viloyat bo‘yicha jami 199 nafar uyida tibbiy-ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar xizmat ko‘rsatadi. Joriy yil Respublika tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi tasarrufidagi sanatoriylarda 1945-1945 yillardagi urush qatnashchilari va mehnat fronti faxriylarining 88 nafari, yoshga doir va nogironligi bor shaxslarning 1 ming 818 nafari bepul sog‘lashtirildi.

Mazkur ko‘rik tanlovdan ko‘zlangan maqsad ijtimoiy xodimlarning bilim darajasini baholash, ular o‘rtasida o‘zaro madaniy do‘stlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va ijtimoiy faoliyatida tajriba almashishdan iborat. Unda tuman-shahar bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 8 nafar ishtirokchi uchta shart bo‘yicha o‘zining bilim, ko‘nikmalari va mahoratlarini sinovdan o‘tkazdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, Parkent tuman tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish bo‘limi ijtimoiy xodimasi Matluba Shamshiyeva g‘olib topilib, respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Shuningdek, ijtimoiy xodimalar orasida Yangiyo‘l tumanidan Manzura Hasanova va Angren shahridan Qumri Esanovalar munosib ravishda ikkinchi va uchinchi o‘rinni egalladilar.
G‘olib va sovrindorlar Toshkent viloyati tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish boshqarmasining fahriy yorliq hamda esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Abdulaziz Musayev, Abror Esonov (surat), O‘zA