Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yilning dastlabki ish haftasi ko‘tarinki ruhda boshlandi
13:51 / 2026-01-06

Yangi yil bayrami arafasida Orolbo‘yi hududida foydalanishga topshirilgan bir qator sanoat korxonalarida yilning dastlabki ish haftasi ko‘tarinki ruhda boshlandi.

Nukus shahrida bazalt mineralidan issiqlik saqlovchi materiallar ishlab chiqaradigan zamonaviy “Karakalpak bazaltwool” korxonasining umumiy qiymati 50 million dollarni tashkil etadi. Korxona to‘liq quvvatda ishga tushishi bilan yiliga 40 ming tonnagacha mahsulot ishlab chiqarish imkoni yaratiladi hamda 200 nafarga yaqin fuqaro doimiy ish bilan ta’minlanadi. Shu bilan birga, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ichki bozor bilan bir qatorda eksportga ham yo‘naltirilib, valyuta tushumini oshirishga xizmat qiladi.

Nukus shahrida foydalanishga topshirilgan yana bir muhim sanoat ob’ekti — “Osten Technologies» korxonasida yaratilayotgan imkoniyatlar iqtisodiyot barqarorligini ta’minlash, aholi daromadlarini oshirish va yangi ish o‘rinlari yaratishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Loyiha qiymati 23,5 million dollar bo‘lgan mazkur korxona to‘liq ishga tushgach, yiliga 640 ming metr radiator mahsulotlari ishlab chiqariladi. Natijada 300 taga yaqin yangi ish o‘rni yaratiladi.

Nukus shahrining “Jana bazar” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida foydalanishga topshirilgan “Nukus SSP Texnopark” mas’uliyati cheklangan jamiyatida ham yangi yilning dastlabki ish haftasi katta umidlar bilan boshlandi.  

Davlatimiz rahbarining 2023 yil 8 avgustdagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlarga qulay sharoitlar yaratishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash doirasida tashkil etilgan korxona 17  ming 300 tonna aralash ip kalava, 17 million metr mato gazlama ishlab chiqarish quvvatiga ega.

Bankdan olingan imtiyozli kredit hisobidan Germaniya, Yaponiya, Turkiya, Shveysariya, Hindiston mamlakatlarining kompaniyalaridan sharnoma asosida zamonaviy uskunalar olib kelib o‘rnatildi. Hozir korxonada 150 nafar fuqaroning bandligi ta’minlangan. Bu yerda ishlab chiqarilgan mahsulotlar Rossiya va Belorus davlatlariga eksport qilinadi.

Qoraqalpog‘istonda bunday bunyodkorlik ishlari nafaqat shaharlarda, balki tumanlarda ham izchil davom etmoqda. Xususan, Taxtako‘pir tumanida “Kausar Tegirmon”  mas’uliyati cheklangan jamiyatining zamonaviy un ishlab chiqarish korxonasi aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, shuningdek, yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, Prezidentimizning tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan farmon va qarorlari ijrosi doirasida jamiyat tomonidan 2024 yilda “Agrobank” ning imtiyozli krediti asosida umumiy qiymati 32 milliard so‘mlik chorvachilikni rivojlantirish va sutni qayta ishlash loyihasi amalga oshirildi.

Loyiha doirasida xorijdan 120 bosh naslli qoramol olib kelinib, chorvachilik salohiyati mustahkamlandi. Shuningdek, qiymati 500 million so‘m bo‘lgan sutni qayta ishlash korxonasi ishga tushirilib, 7 nafar fuqaro doimiy ish bilan ta’minlandi.

Yangi yil arafasida foydalanishga topshirilgan yangi korxonalar yurtimiz taraqqiyotiga, aholining tinch va farovon hayotiga xizmat qilmoqda. 

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri