Bugun mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, ularga zarur sharoitlarni yaratish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Xususan, Xorazm viloyati tuman (shahar) FHDYO bo‘limlari tomonidan «Mahallabay» ishlash tamoyili orqali fuqarolarni qiynab kelayotgan muammolar o‘rganilib, murojaatlar tez fursatda ko‘rib chiqilmoqda.
Asli turkmanistonlik, taqdir taqozosi bilan O‘zbekistonga kelin bo‘lib kelgan Sayyora Toliyevaning shu kunga qadar hech qanday shaxsini tasdiqlovchi hujjati mavjud bo‘lmagan. Shu bois uy sharoitida dunyoga kelgan 4 nafar farzandi ham rasmiy hujjatlarsiz ulg‘aygan.
Tuman FHDYO bo‘limi xodimlarining amaliy ko‘magi bilan Sayyora Toliyevaga «1993 yildagi Fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar bo‘yicha huquqiy yordam va huquqiy munosabatlar to‘g‘risida»gi Minsk Konvensiyasi orqali Turkmaniston Respublikasiga yuborilgan so‘rovnomaning javobiga asosan tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma rasmiylashtirib berildi.
Darhaqiqat, u shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarga nisbatan e’tiborsizlik va farzandlariga tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma rasmiylashtirish bo‘yicha o‘z vaqtida murojaat qilmagan.bugungi kunda o‘zi va 2002 yilda tug‘ilgan Surayyo, undan 2 yil keyin tug‘ilgan Zarifa (2004 yil) va 2013 yilda tug‘ilgan egizak farzandlari Hasanboy va Husanboylar hujjatga ega bo‘lishdi.
Endilikda bu oila a’zolari boshqalar kabi o‘z huquqlaridan foydalanishlari mumkin. Hozirda S.Toliyeva va uning turmush o‘rtog‘ini qonuniy nikohdan o‘tkazish choralari ham ko‘rilmoqda.
O‘zA