Yiliga 216 million dona shpris va 26 million dona infuziya sistemasi ishlab chiqariladi
Sirdaryoda “Guliston medtexnika” mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi O‘zbekiston – Buyuk Britaniya qo‘shma korxonasi ish boshladi.
Sirdaryoda “Guliston medtexnika” mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi O‘zbekiston – Buyuk Britaniya qo‘shma korxonasi ish boshladi.Mamlakatimizda izchil amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi barcha sohalar, ayniqsa, iqtisodiyotda xususiy mulkning o‘rni va rolini tubdan oshirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi to‘siq va cheklovlarni bartaraf etish, yalpi ichki mahsulotda xususiy mulk, jumladan, chet el kapitali ishtirokidagi ulushini izchil oshirishda yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Birinchi Prezidentimizning 2015-yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.
Loyiha qiymati 7,3 million dollar bo‘lgan ushbu korxona “Bek stroy” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan barpo etildi. Loyihada belgilangan mablag‘ning 6,5 million dollarini xorij investitsiyasi, 5 milliard so‘mini “Asakabank” viloyat filialidan olingan kredit mablag‘lari tashkil etadi.
Salkam 2 gektarlik maydonni egallagan korxonaning ishlab chiqarish, quyuv, qadoqlash, infuziya sistemasini terish sexlari, laboratoriya, tayyor mahsulotlar ombori hamda 80 o‘rinli oshxona, 20 o‘rinli yotoqxonasi va ma’muriy binolarida barcha sharoit yaratilgan.
Janubiy Koreyada ishlab chiqarilgan zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan korxonada ikki smenada ish tashkil etilib, yiliga 216 million dona shpris va 26 million dona infuziya sistemasi ishlab chiqariladi. Ushbu mahsulotlarni ichki bozorda sotishdan tashqari, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkmanistonga eksport qilish rejalashtirilmoqda. Bu yerda doimiy ish o‘rni bilan ta’minlangan 210 ishchining yarmi kasb-hunar kollejlarini bitirgan yoshlardir.
– Viloyatlarda bunday korxonalar tashkil etilishi, ayniqsa, biz, yoshlarning bandligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi Guliston tibbiyot kollejini shu yil bitirgan Mehruza Donisheva. –Toshkent viloyatida faoliyat yuritayotgan “ASIA TRADE” qo‘shma korxonasining malakali mutaxassislari bizga ish o‘rgatdi. Endi har birimiz mustaqil ravishda ish yurita olamiz. Biz mana shunday zamonaviy korxonada ishlayotganimizdan xursandmiz.
Korxona ishchilari maxsus kiyim va issiq ovqat bilan ta’minlangan. Tibbiyot xonasi va boshqa turli tadbirlar o‘tkazishga mo‘ljallangan xonalar mavjud. Zamonaviy sport majmuasi barpo etish rejalashtirilmoqda.
– Hozircha xomashyoni asosan xorijdan keltirmoqdamiz, – deydi “Guliston medtexnika” qo‘shma korxonasi ijrochi direktori Ma’mur Boboyev. – Ustyurt gaz-kimyo majmuasi to‘liq faoliyat boshlagach, xomashyoni shu yerdan olamiz. Shpris ignalari ham hozircha tayyor holda keltirilmoqda. Korxonada igna ishlab chiqarish sexini tashkil etish rejalashtirilgan. Mahsulot turi va hajmini yanada oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish loyihaning ikkinchi bosqichida ko‘zda tutilgan.