English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yiliga 100 million so‘m daromad topayotgan o‘quvchi kelajakda kim bo‘lmoqchi?
10:59 / 2022-05-04

Navoiy viloyati, Navbahor tumanidagi Suparkent qishlog‘ida yashovchi Jo‘rabek Amonovni hudud aholisi yaxshi taniydi. U hali yosh bo‘lishiga qaramasdan allaqachon “asalarichi bola”, deya nom chiqarishga ulgurgan.

Jo‘rabek qishloqdagi 29-umumta’lim maktabi 10-sinf o‘quvchisi. Yurish-turishidan oddiy qishloq bolalariga o‘xshasa-da, ularga o‘xshamaydigan tomonlari ham bor. O‘z tengi o‘rtoqlaridan farqli o‘laroq, u yiligi kamida 100 million so‘mdan ziyodroq daromad topayotgan yosh tadbirkorlardan biri.

Otasi Hamza Toshmatov ham asalarichilik bilan shug‘ullangan. Hozir garchi “Karim Husen bobo” fermer xo‘jaligida suvchi bo‘lib ishlasa-da, bo‘sh vaqtlarida o‘g‘liga yordamlashadi, kerakli maslahatlar berib turadi. Uning ta’kidlashicha, “o‘g‘li asalarilar bilan birga ulg‘ayib, tili ham asalari bilan birga chiqqan.

– Esimni tanibmanki, asalarichilik bilan shug‘ullanaman, – deydi Hamza aka. – Buni otamdan o‘rgandim, bugun farzandlarim ham bobomeros kasbini davom ettirmoqda. O‘g‘lim darsdan bo‘sh vaqtlarida yonimda yurib asalarichilikka mehr qo‘ydi. Ularni parvarishlash, ko‘paytirish va asal yig‘ish sir-sinoatlarini qunt bilan o‘rgandi. bugungi kunda o‘zi mustaqil ravishda bu bilan shug‘ullanmoqda.

[gallery-6938]

Jo‘rabek oilada ikkinchi farzand. Opasi Navoiy davlat pedagogika instituti talabasi bo‘lsa, ukasi 7-sinf o‘quvchisi. Aslo tinib-tinchimaydi. Tong otar-otmas mehnatga sho‘ng‘iydi. 8 sotixlik hovlida ro‘zg‘or uchun sarimsoqpiyoz, kartoshka, pomidor, sabzi, piyoz ekilgan. Ota-onasiga ularning parvarishiga yordam beradi, chopiq qiladi. Begona o‘t-o‘lanlardan tozalaydi. Qolaversa, yana 3 ta sog‘in sigir bor. Ularga daladan o‘t o‘rib kelish ham uning zimmasida. Shuningdek, darsdan keyin haftasiga 4 kun Navoiy shahriga repititorga borib, ingliz tilidan qo‘shimcha dars olmoqda.

– Hozirda ingliz tilini o‘rganayapman, – deydi Jo‘rabek. – Kelgusida INXA universitetida o‘qimoqchiman. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yoki logistika yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassis bo‘lmoqchiman. Orzuimni amalga oshirishim uchun esa hozirdan qunt bilan bilim olishim zarur.

Qunt bilan bilim olish uchun ko‘proq o‘qish kerak. Unda asalarichilik nima bo‘ladi, deya so‘raymiz undan.

“Bu kasb qiziqishim. Bolaligimdan buyon asalarichilikka qiziqaman. Hozirda 80 ta asalari uyasini parvarishlayapman. Yiliga 2 tonnaga yaqin asal olaman. Shuningdek, asalari oilasini ko‘paytirib sotaman. Bu ham qo‘shimcha daromad”, – deydi u.

Darvoqe, asalning xaridorlari ham tayyor. Mahsulot qishloqdan ortmaydi. Uydan o‘zlari kelib olib ketishadi.

bugungi kunda Suparkent qishlog‘ida 305 ta oila istiqomat qiladi. Ilgari o‘quvchilar qishloqdan 4-5 kilometr olisdagi maktablarga qatnardi. 2019 yilda esa qishloqda yangi maktab qurilib foydalanishga topshirildi. Hozirda ta’lim maskanida 222 nafar o‘quvchiga 30 nafar o‘qituvchi saboq berib kelmoqda.

– Bu yilda maktabimizni 18 nafar o‘quvchi bitiradi, – deydi maktab amaliyotchi psixologi Xurshid Hikmatov. – Ularning 13 nafari axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, 5 nafari haydovchilik bo‘yicha kurslarda qatnashib, tegishli guvohnomalarga ega bo‘ldi. Maktabimizda Jo‘rabek kabi darsdan ajralmagan holda mustaqil ravishda daromad topayotgan o‘quvchilarimiz 8 nafarni tashkil etadi. Ular soni yil sayin oshib bormoqda.

Bugun daromad topaman, tadbirkorlik bilan shug‘ullanaman, deydigan yurtdoshlarimiz uchun davlatimiz tomonidan barcha sharoit va imkoniyatlar yaratilmoqda. Bu imkoniyatlardan garcha maktab o‘quvchisi bo‘lsa-da Jo‘rabek Amonov singari yoshlar oqilona foydalangan holda oilasiga qo‘shimcha daromad olib kelmoqda.

Abduvali Bo‘riyev. Siroj Aslonov (surat), O‘zA