Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
2020-yilgacha “O‘zbekoziqovqatxolding” kompaniyasi tizimida 180 yirik loyiha amalga oshiriladi
16:19 / 2016-08-23

Milliy matbuot markazida “O‘zbekoziqovqatxolding” kompaniyasi tomonidan mustaqillik yillarida aholini sifatli oziq-ovqat bilan ta’minlash borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar, oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish va uni takomillashtirish borasida erishilgan yutuqlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Milliy matbuot markazida “O‘zbekoziqovqatxolding” kompaniyasi tomonidan mustaqillik yillarida aholini sifatli oziq-ovqat bilan ta’minlash borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar, oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish va uni takomillashtirish borasida erishilgan yutuqlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

“O‘zbekoziqovqatxolding” kompaniyasi raisi o‘rinbosari A.Qambarov va boshqalar istiqlol yillarida oziq-ovqat sanoati rivojlangani, aholi jon boshiga nisbatan asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari – g‘alla, go‘sht, sut, tuxum va meva-sabzavotlarning miqdori va qayta ishlash hajmlari keskin oshgani, buning samarasida oziq-ovqat mustaqilligi va xavfsizligiga erishilganini ta’kidladi.

Bugungi kunda yaratilgan qulay ishbilarmonlik va investitsiya muhiti oziq-ovqat sanoati rivojida muhim omil bo‘lmoqda. Iqtisodiyotimizga jalb etilayotgan investitsiyalarning asosiy qismi ishlab chiqarish obyektlarini qurish, ularni eng ilg‘or uskunalar bilan jihozlashga yo‘naltirilmoqda.

Soha korxonalari Germaniya, Polsha, Janubiy Koreya, Xitoy kabi 20 dan ortiq xorijiy mamlakatning zamonaviy texnologik uskunalari bilan jihozlangan. “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” yorlig‘i tushirilgan mahsulotlar dunyoning 80 dan ortiq davlatiga sotilmoqda. Oxirgi o‘n yilda meva sharbatlari eksporti 2, boshqa oziq-ovqat mahsulotlari eksporti o‘rtacha 1,5 barobar ko‘paygan.

2016-yilning o‘tgan davrida sohaga tegishli ko‘plab hujjatlar qabul qilindi. Natijada dala va bog‘ ne’matlari yetishtirishdan tortib, uni sifatli saqlash, qayta ishlash hamda eksport qilish bo‘yicha o‘ziga xos tizim yaratildi. Joriy yilning hosilidan boshlab meva-sabzavot, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzum xarid qilish bo‘yicha davlat buyurtmasi joriy qilindi.

“O‘zbekoziqovqatxolding” kompaniyasi tarkibidagi korxonalar tomonidan joriy yilning birinchi yarmida taqqoslama narxlarda 2 trillion 177,4 milliard so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi. 3,1 milliard so‘mlik yangi turdagi mahsulotlar tayyorlash o‘zlashtirildi. So‘nggi yillarda ishga tushirilgan “Angren shakar”, “Mehnat malt”, “Famili grup”, “Siyob shavkat orzu” kabi korxonalarning o‘rni beqiyosdir.

Anjumanda hozir mingdan ortiq investitsiyaviy loyiha hayotga tatbiq etilayotgani, joriy yilda hududiy manzilli investitsiya dasturlariga asosan 43 loyiha bo‘yicha 53 million dollar jalb qilingani qayd etildi. 2020-yilga qadar 596 million dollarlik 180 yirik loyiha amalga oshiriladi. Bunda asosiy e’tibor meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash va qayta ishlashga mo‘ljallangan loyihalarga qaratilgan.

“O‘zbekoziqovqatxolding” kompaniyasi tizimidagi yangi va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilishga ixtisoslashtirilgan “O‘zagroeksport” tashqi savdo kompaniyasi ham bir qator ishlarni amalga oshirdi. Joriy yilning 12-16-iyul kunlari o‘tkazilgan I Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasida AQSh, Xitoy, Angliya, Rossiya, Germaniya, BAA, Yaponiya, Hindiston kabi ko‘plab davlatlarning kompaniyalari va savdo tashkilotlari bilan umumiy qiymati 2 milliard dollarlik shartnoma imzolandi. Eksport qilinadigan meva-sabzavot mahsulotlarining umumiy hajmi 2,4 million tonnani tashkil etdi.

Tadbir yakunida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.