English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yil yakunlari sarhisob qilindi
17:47 / 2026-01-07

Ichki ishlar vazirligi ishchi guruhi tomonidan Andijon viloyatida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish va jamoat xavfsizligini ta’minlash borasida  amalga oshirilgan, shuningdek, viloyatdagi kriminogen vaziyat og‘ir bo‘lgan mahallalarda mas’ullar tomonidan olib borilgan ishlar o‘rganildi.

Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Aziz Toshpo‘latov boshchiligidagi respublika Ishchi guruhi dastlab Baliqchi tumani ichki ishlar bo‘limi tomonidan amalga oshirilayotgan profilaktik ishlar bilan tanishildi. O‘rganish davomida kriminogen vaziyat barqarorligini ta’minlash, mahallalarda jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar natijalari atroflicha tahlil etildi. 

Xususan, yoshlar va voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyatchilikka sabab bo‘layotgan omillarga alohida e’tibor qaratildi. Ularning muammolarini o‘rganish, bandligini ta’minlash hamda jinoyatchilikning ildizlarini aniqlash bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.

Ishchi guruh viloyatning qo‘shni Qirg‘iz Respublikasi bilan bog‘lab turgan “Do‘stlik” chegara bojxona posti faoliyatini ham o‘rgandi. Davlat chegarasi xavfsizligini ta’minlash, ichki ishlar, bojxona organlari hamkorligida xizmat samaradorligini oshirish, fuqarolar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha mas’ul rahbarlarning taqdimotlari bilan tanishdi. O‘rganish davomida chegara nazoratini kuchaytirish, qonunbuzarliklarning oldini olish va zamonaviy texnik vositalardan samarali foydalanish yuzasidan aniq vazifalar belgilab olindi.

Shuningdek, Ichki ishlar vaziri xizmat burchini ado etish chog‘ida halok bo‘lgan Xo‘jaobod tumani IIB profilaktika inspektori, katta leytenant Abdurasul Abduvaliyevning oila a’zolari bilan uchrashdi. Uchrashuvda marhumning jasorati va fidoiy xizmati yuksak baholanib, xodimning oilasi hamda farzandlarini doimiy qo‘llab-quvvatlash davlat va ichki ishlar organlarining doimiy e’tiborida ekani alohida ta’kidlandi.

Shundan so‘ng, Ishchi guruh Qo‘rg‘ontepa tumani “Markaziy dehqon bozori” faoliyati bilan tanishdi. Bozor hududida jamoat tartibi, savdo jarayonlarining qonuniyligi va narx-navo barqarorligi o‘rganilib, aholi uchun xavfsiz hamda shaffof savdo muhitini yaratish bo‘yicha idoralararo hamkorlikni kuchaytirish zarurligi qayd etildi.

Ishchi guruh tomonidan Xonobod shahrining Qirg‘iz Respublikasi bilan chegaradosh hududlaridagi xavfsizlik masalalariga ham e’tibor qaratildi, mas’ul rahbar va xodimlarga chegaraoldi mahallalarida jinoyatchilik hamda huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish, xavfsiz ijtimoiy muhitni shakllantirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Tahlil jarayonida viloyat IIB Jamoat tartibini saqlash xizmati faoliyati ham ko‘zdan kechirildi. Jarayonda jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish samaradorligini oshirishga qaratilgan ishlar, shuningdek, kinologiya markazi xizmat itlari hamda otliq xizmatning tayyorgarlik darajasi baholandi. Yakunda esa mavjud kamchiliklarni bartaraf etish va xizmat faoliyatini yanada takomillashtirish yuzasidan tegishli topshiriq, taklif va tavsiyalar berildi.

Respublika ishchi guruhi a’zolari ishtirokida Andijon viloyati ichki ishlar organlari faoliyatining yil yakunlariga bag‘ishlangan tahliliy-tanqidiy yig‘ilishi ham bo‘lib o‘tdi. 

Ichki ishlar vaziri, vazirlik sohaviy xizmat rahbarlari, viloyat, tuman va shahar ichki ishlar organlari rahbarlari hamda shaxsiy tarkibi ishtirok etgan yig‘ilishda viloyat ichki ishlar organlari xizmatining yil davomidagi faoliyati samaradorligi, shaxsiy tarkibning kasbiy tayyorgarligi, xizmat intizomi va jamoat xavfsizligini ta’minlash borasidagi ishlar atroflicha tahlil qilindi.

Yig‘ilish davomida mas’ul shaxslarning axborotlari tinglandi, takliflar ko‘rib chiqildi va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab olindi.

Shuningdek, tadbirda xizmat faoliyati davomida samarali natijalarga erishgan, namunali faoliyati bilan aholi hamda safdoshlari e’tirofiga sazovor bo‘lgan bir guruh xodimlar munosib rag‘batlantirildi.

F. Ubaydullayev, 
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari