Nukusda tadbirkorlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi Ijroiya qo‘mitasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Majlisda partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, shahar va tuman Kengashlari tomonidan 2025 yil davomida amalga oshirilgan ishlar muhokama qilinib, 2026 yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Ta’kidlanganidek, partiya faoliyatining asosiy maqsadi — aholi bilan ochiq muloqot qilish, fuqarolarni o‘ylantirayotgan muammolarga amaliy yechim topishdan iborat. Shu nuqtai nazardan, 2025 yil Qoraqalpog‘istonda partiya uchun samarali yil bo‘ldi.

Bugungi kunda partiyadan Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 3 nafar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengashida 22 nafar, shahar va tuman Kengashlarida esa 120 nafardan ortiq deputat faoliyat olib bormoqda. Ular nafaqat sessiyalarda ishtirok etishmoqda, balki o‘z saylov okruglarida aholini qiynayotgan masalalarni hal etishga alohida e’tibor qaratishmoqda.

2025 yil davomida joylardagi muammolarni bartaraf etish maqsadida 400 nafardan ortiq deputatlik so‘rovi yuborildi. Mahalliy Kengashlar sessiyalariga 119 ta, doimiy komissiyalarga esa 48 ta taklif va tashabbus kiritildi. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengashi va mahalliy Kengashlarda mas’ul rahbarlarning hisobotlari tinglanib, ijro intizomi va javobgarlikni oshirishga erishildi.
Aholi bilan ishlashda “Deputat mahallada”, “Bir deputat — yuz ayolga yordamchi” kabi loyihalar muhim ahamiyat kasb etdi. Ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlar bilan ishlash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida aniq amaliy natijalarga erishildi. Minglab fuqarolarning murojaatlari joyida hal etildi.

Shu bilan birga, partiya saflari izchil kengayib bormoqda. Joriy yilda 1 ming 850 nafardan ortiq yangi a’zo qabul qilinib, 12 ta yangi boshlang‘ich partiya tashkiloti faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Hozirgi kunda partiya a’zolari soni 138 ming nafardan oshdi. Bu aholining partiyaga bo‘lgan ishonchi oshib borayotganidan dalolat beradi.
Majlisda 2026 yil uchun belgilangan vazifalarga ham alohida e’tibor qaratildi. Prezident Murojaatnomasida belgilab berilgan ustuvor yo‘nalishlardan kelib chiqqan holda, deputatlar mas’uliyatini yanada oshirish, joylarda ochiqlik va javobgarlikni kuchaytirish, yoshlar, xotin-qizlar hamda tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash ishlarini tizimli davom ettirish belgilandi.
Majlis yakunida partiya faoliyatini yanada samarali tashkil etish, xalq ishonchiga munosib xizmat qilishga qaratilgan aniq vazifalar belgilandi. Shuningdek 2025 yil davomida partiya faoliyatida faollik ko‘rsatib, tashabbuskorligi va samarali mehnati bilan ajralib turgan partiya xodimlari rag‘batlantirilib, ularga tashakkurnomalar hamda bayram sovg‘alari topshirildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri