Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Yil tanlovi – 2020” da birinchi o‘rin sohiblari kimlar edi?
10:00 / 2021-01-09

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zAning “Yil tanlovi – 2020” tadbirida, “Yil Qahramoni”, “Yil odami”, “Xorijiy nashrlarda eng ko‘p e’tirof etilgan shaxs” kabi yo‘nalishlarga loyiq yurtdoshlarimiz ovoz berish yo‘li bilan aniqlandi.

Shuningdek, 2020 yilda eng faol, shaffof ishlagan, sohaga innovatsiyalar joriy qilgan vazirlik, tashkilot va tijorat banklari g‘olib bo‘ldi.

Jumladan, “2020 YILNING ENG NAMUNALI VAZIRLIGI” yo‘nalishida jamoatchilikka ochiq e’lon qilingan so‘rovnoma natijasiga ko‘ra, Adliya vazirligi birinchi o‘rin sohibi bo‘ldi.

Vazirlikning g‘olibligi bejiz emas, albatta. Adliya vazirligi 2020 yilda har qachongidan ham faol ish olib bordi. Pandemiya sharoitida fuqarolarni qiynayotgan savollarga onlayn javob berildi. Aholiga bepul huquqiy maslahat berish ko‘lami kengaydi.

Shu maqsadda beshta huquqiy portal (advice.uz – e-maslahat.uz, Milliy huquqiy internet portali, bolahuquqlari.uz, test.adliya.uz, hudud24.uz) ishga tushirildi.

Umuman, zamonaviy axborot texnologiyalari, ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatidan foydalanish bir necha o‘n barobarga kengaytirildi. “Huquqiy axborot” telegram kanali orqali 12, 5 ming axborot tarqatildi.

60 ta tuman (shahar)da faoliyat olib borayotgan “Madad” byurolari tomonidan 12 mingga yaqin fuqaroga xizmat ko‘rsatildi. “Advice.uz” huquqiy axborot portali orqali 60 mingdan ortiq savollarga onlayn rejimida javob berildi.

“Yil tanlovi-2020”da “2020 YILNING ENG NAMUNALI DAVLAT TASHKILOTI” yo‘nalishi bo‘yicha birinchi o‘rin - Davlat xizmatlari agentligiga nasib qildi.

Qayd etish joizki, Davlat xizmatlari markazlari aholi uchun muhim va kerak bo‘lgan davlat xizmatlarini olishi mumkin bo‘lgan joyga aylanishga ulgurdi. Mamlakatimizning har bir tumanida DXM tashkil etilgani, bu yerdan inson kundalik hayotida zarur bo‘lgan 150 turdagi davlat xizmatlarini ortiqcha ovoragarchiliksiz va eng muhimi, yashash joyidan qat’iy nazar eksterritorial tamoyili asosida olishi ko‘pchilikni mushkulini oson qilmoqda. Jahon bankining e’lon qilingan “Biznesni yuritish 2020” reytingining Davlat xizmatlari agentligi mas’ul bo‘lgan “Biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish” indikatorida O‘zbekiston Respublikasi 190 ta davlatlar ichida 8-o‘rinni egalladi. Davlat idoralari ichida birinchilardan bo‘lib, agentlik “mobil”, ya’ni sayyor davlat xizmatlarini yo‘lga qo‘ygan edi.

O‘zA o‘tkazgan tanlovda viloyat va hududlar kesimidagi eng faol hokimlik ham e’tiborga olingan edi. Ikki bosqichli ovoz berish natijasida “2020 YILNING ENG NAMUNALI HUDUDI” yo‘nalishida Samarqand viloyati vakillari g‘olibi bo‘ldi.

Tan olish kerak, viloyatdagi sayyor qabullarda haqiqatan ham muhtojlar, og‘ir holatga tushib qolgan odamlar bilan yuzma-yuz muloqotlar o‘tkazilib, bu jarayonida tom ma’noda odamlarning muammolariga yechim topilmoqda. Davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, davlat idoralari xalqni eshityapti. Kimgadir yoqar, kimgadir yoqmas, ammo bu uchrashuvlar odamlarning yodida qolyapti.

Gap ijtimoiy rivojlanish ustida boradigan bo‘lsa, aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash borasida ham katta loyihalar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, bugungi pandemiya sharoitida Sog‘liqni saqlash tizimiga alohida e’tibor qaratilib, Samarqanddagi deyarli barcha ixtisoslashgan shifoxonalar eng zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta’minlandi.

Misol uchun, viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga sun’iy qon aylantirish uskunasi olib kelindi. Natijada yurakda ochiq turdagi eng murakkab operatsiyalar amalga oshirilyapti. Buning uchun Moskvada ishlayotgan iqtidorli yurtdoshlarimiz markazga ishga taklif etildi.

Ushbu markazda angiografiya bo‘limi ham ochildi. Buning uchun 5 milliard so‘mlik angiograf uskunasi keltirildi. Natijada, vazni 10 kilogramdan kam bo‘lgan chaqaloqlardagi ochiq yurak operatsiyasi shu yerda o‘tkazilayapti. Kattaqo‘rg‘on shahrida 5 ta gemodealiz uskunasi o‘rnatildi. Xususiy tibbiy markazlar ham o‘nlab eng zamonaviy diagnostika uskunalari xarid qilishdi.

Mazkur viloyatda sanoat, qishloq xo‘jaligi, tibbiyot kabi barcha sohalarda o‘ziga xos yutuqlarni ko‘rish mumkin. Bu esa aholining farovonligi va viloyatning yanada yuksalishiga xizmat qilmoqda.

O‘zA