Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yil sarhisobi
15:11 / 2024-12-27

Buxoro viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasida 2024 yilda amalga oshirilgan ishlar, erishilayotgan natijalar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari vakillari, respublika hamda viloyat vaqtli matbuotining xodimlari, blogerlar va jurnalistlar ishtirok etdi.

Tadbirda boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari Baxtiyor To‘yev va Hidoyat Jumayeva tomonidan keng qamrovli faoliyat, viloyat shahar va tumanlaridagi ta’lim dargohlari moddiy-texnik imkoniyatlari, o‘qitish uslubi, qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berildi.

Jumladan, maktabgacha ta’lim tarmog‘ini olsak, ayni paytda viloyatdagi mavjud 2 143 ta maktabgacha ta’lim tashkilotidan 492 tasi davlat, 1517 tasi oilaviy, 113 tasi davlat xususiy sheriklik asosidagi va 21 tasi xususiy ta’lim tashkiloti hisoblanadi. Joriy yilda joylarda aholi talab va ehtiyojidan kelib chiqib davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti soni 17 taga, oilaviy MTT soni 265 taga, DXSH asosidagi ta’lim tashkiloti soni 16 taga, xususiy MTT soni esa 3 taga oshgani quvonarli, albatta.

Mazkur maktabgacha ta’lim tashkilotlariga viloyatimiz aholisining 3-7 yoshdagi jami 156 ming 695 nafar jajji farzandidan ayni kunda umumiy hisobda 135 mingdan oshig‘i, ya’ni 86 foizi qamrab olinmoqda. Joriy yilda chekka mahalla va qishloqlarimizda bog‘cha yoshidagi jajji o‘g‘il-qiz uchun qo‘shimcha 7 ming 683 nafar bola o‘rni yaratildi. Umumiy qiymati 44 milliard 700 million so‘m mablag‘ evaziga amalga oshirilgan mazkur loyihalar natijasida 1 ming 170 nafar tarbiyalanuvchi doimiy bandligi ta’minlanmoqda. Yangidan tashkil etilgan nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 4 ming 966 nafar qo‘shimcha bola o‘rni yaratildi.

[gallery-21062]

Bugunga kelib viloyatdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida jami 11 ming 383 nafar pedagog-tarbiyachi faoliyat yuritayotgan bo‘lib, ularning 4 ming 955 nafari oliy, 6 ming 428 nafari o‘rta maxsus ma’lumotli pedagoglardan iborat.

Joriy yilda maktab ta’limi tizimida erishilgan natijalar ham ancha salmoqli. Ayni kunda viloyatda 546 ta davlat va 32 ta nodavlat umumta’lim maktabi faoliyat yuritayotgan bo‘lib, ularda jami 333 ming 284 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Viloyatimiz umumta’lim muassasalaridagi pedagoglar soni 30 ming 645 nafarni tashkil etib, ularning 5 ming 742 nafari oliy, 8 ming nafari birinchi toifali kadrlar hisoblanadi.

Ta’lim sifatini oshirishda o‘qituvchilarning malakasini yuksaltirish muhim ahamiyatga ega. Maktablarda xorijiy tillarni o‘rgatishda ham bu jihatga alohida e’tibor qaratilgan. Ayni paytda mavjud xorijiy til o‘qituvchilarining 2 225 nafari xalqaro hamda milliy sertifikatga ega. Tizimda ilg‘or xalqaro tajribalardan samarali foydalanish, yangi zamonaviy ta’lim metodikalarni joriy etish maqsadida joriy yilda Koreya, Rossiya va AQSH davlatlaridan 10 nafar xorijiy pedagog ta’lim jarayoniga jalb qilindi. Shuningdek, 29 nafar mahalliy pedagog va 5 nafar rahbar xodim Germaniya, Fransiya, Koreya davlatlarida malaka oshirib qaytdi.

O‘quvchilarning sifatli ta’lim-tarbiya olishi uchun qulay va zamonaviy shart-sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Joriy yil Investitsiya dasturi asosida viloyatdagi 39 ta maktabda qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan bo‘lib, bu jarayonda 1 ta yangi maktab qurilib, 34 tasida rekonstruksiya, 4 tasida mukammal ta’mirlash ishlari bajarilgan. Bu loyihalarni amalga oshirish natijasida 9 ming 880 o‘quvchi o‘rniga mo‘ljallangan yangi o‘quv binolari, 8 ta sport zali va 222 o‘rinli yotoqxona foydalanishga topshirildi. Buning uchun 244 milliard 400 million so‘m mablag‘ ajratilgan. 

Matbuot anjumanidan so‘ng ishtirokchilar mas’ullar hamrohligida viloyat markazidagi 11- va 76-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida, shuningdek, 2-sonli umumta’lim maktabida press-turda qatnashdi. Jurnalist va blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari