Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yil sarhisobi: kasalliklar oqibati bilan emas, sabablari bilan kurashiladigan yangicha mexanizmlar joriy etishga e’tibor qaratildi
18:10 / 2024-12-20

Birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalari – sohaning yuragi

Birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalari – sohaning yuragi

Salomatlik – tiriklikning asosi. E’tibor qilgan bo‘lsangiz, bemor, xasta insonga hech narsa tatimaydi. Ko‘ngliga na bayram, na shodlik sig‘adi. Sog‘liqning qadri ham bosh yostiqqa tekkanda bilinadi. Inson bu paytda shifokorlardan najot kutadi, dardiga malham bo‘lishini istaydi. Tibbiyotning naqadar muhim soha ekanligini anglaydi. Ammo sog‘liqni borida qadrlagan, asragan kasallikni davolagandan ming chandon yaxshiroq. Buning uchun har birimizda tibbiy madaniyat, bilim va eng muhimi, o‘zimizda istak, harakat bo‘lishi lozim. Zero, salomatlik, avvalo, o‘zimizga kerak.

Mamlakatimizda joriy yilda sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilgan islohotlarning bosh maqsadi ham aynan shunday bo‘ldi. Poyoniga yetayotgan yilda bu yo‘nalishda kasalliklar oqibati bilan emas, ko‘proq sabablari bilan kurashiladigan yangicha mexanizmlarni joriy etishga kirishildi. 

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, davlatimiz rahbari topshirig‘iga ko‘ra, aholining ehtiyojmand qatlamiga yuqori malakali tibbiy yordam ko‘rsatishni mahallabay, manzilli va maqsadli ta’minlash bo‘yicha “Surxondaryo tajribasi” yo‘lga qo‘yilyapti. Namunaviy hudud sifatida tanlangan Angor tumanida tibbiyot brigadalari faoliyati tubdan takomillashtirilmoqda. 

Tahlillarga ko‘ra, agar birlamchi bo‘g‘inda tibbiy brigadalar samarali faoliyat ko‘rsatsa, ixtisoslashgan tibbiyot markazlari hamda statsionarlarga murojaatlar soni keskin kamayishiga erishiladi. Angorda bu amaliyot o‘z samarasini bermoqda. Buning natijasida qisqa muddatda tuman aholisi tomonidan tez tibbiy yordamga chaqiriqlar va surunkali kasalliklarga chaqiriqlar sezilarli kamaydi.

Sohada takomillashtirilgan tibbiy profilaktika va patronaj xizmatini joriy qilish tajribasi o‘zini to‘liq oqladi. Salomatlik va fiziologik holatidan kelib chiqib, aholi – tayanch, past xavf, o‘rta xavf, yuqori xavf guruhlariga bo‘lindi. 

Ularni guruh mansubligidan kelib chiqqan holda belgilangan muddatlarda tibbiy ko‘riklardan o‘tkazish va salomatligini davriy kuzatib borish mexanizmlari amaliyotga tatbiq qilindi. 

Ayni paytda birlamchi bo‘g‘inda 1264 ta oilaviy shifokorlik punkti, 1084 ta oilaviy poliklinika, 209 ta ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika va ana shu muassasalarning 1957 ta filiali faoliyat yuritmoqda.

Birlamchi tibbiyot muassasalari, ayniqsa, oilaviy poliklinikalarda shifokor qabuliga uzundan uzoq navbat kutish, bemorlarni eng ko‘p qiynaydigan masala edi. Bu holat, ayniqsa, yosh bolali ayollar, homiladorlar va og‘ir bemorlarga qiyinchilik tug‘dirishi bor gap. Bu muammoga oqilona yechim topish maqsadida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida avtomatlashtirilgan axborot tizimini joriy etishga kirishilgan. 

Xususan, Prezidentimizning tegishli qarorlariga asosan birlamchi bo‘g‘inda “Elektron poliklinika” axborot tizimining bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yilishi soha xodimlari va bemorlar uchun ayni muddao bo‘lmoqda. 

Tizimni raqamlashtirishdagi bunday yangiliklar mamlakatimizda davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari bosqichma-bosqich joriy etilishida qo‘l kelmoqda. Bunda Prezidentimiz tomonidan shu yil 5 sentyabrda imzolangan tegishli qarorga ko‘ra 2024 yil 1 oktyabrdan Toshkent shahri, Sirdaryo viloyati hamda 2025 yil 1 yanvardan Qoraqalpog‘iston Respublikasida davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarining amaliyotga tatbiq etilishi muhim ahamiyat kasb etmoqda. 

Ushbu hujjatga muvofiq, “Elektron poliklinika“ va “Elektron shifoxona“ axborot tizimlari joriy qilinmoqda. Tibbiyot xodimlari ulardan foydalanish yo‘nalishi bo‘yicha o‘qitilib, muassasalar zarur texnika va tarmoq qurilmalari bilan jihozlanyapti. 

“Allo, tez tibbiy yordam xizmatimi?”

Kutilmaganda sodir bo‘ladigan har qanday ko‘ngilsiz hodisa inson hayoti va salomatligiga jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin. Tabiiyki, bunday pallada eng birinchi bo‘lib “Tez yordam” xodimlari ko‘makka oshiqadi. Joriy yilda ham “103” xizmati faoliyatini takomillashtirish, soha amaliyotiga eng so‘nggi ilmiy-texnik vositalar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishga alohida e’tibor qaratildi.

Bunda davlatimiz rahbarining 2022 yil 16 iyundagi “Aholiga tez tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori muhim ahamiyat kasb etmoqda. Unga muvofiq, respublikamiz bo‘yicha tez tibbiy yordamning yagona vertikal boshqaruv tizimi yo‘lga qo‘yildi. 

Bunday yangilanishlar natijasida markazning 14 ta hududiy filiali, 167 ta stansiyasi, 63 ta podstansiyasi va 1 436 ta tayanch punkti tashkil etildi. Tez tibbiy yordam brigadalari soni 2 853 taga yetdi. 

Elektron avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi joriy etilishi natijasida chaqiruvni qabul qilish vaqti 6-8 daqiqadan 1-2 daqiqagacha, chaqiruvni tez tibbiy yordam brigadasiga uzatish vaqti Toshkent shahrida 10-20 daqiqadan 1-2 daqiqagacha, chaqiruvga yetib borish muddati poytaxtimizda 20-30 daqiqadan 10-15 daqiqagacha, hududlarda (olis, tog‘li va cho‘l zonalarni inobatga olgan holda) 10-40 daqiqagacha qisqardi. 

Toshkent shahri tajribasi asosida markazning hududiy filiallarida yagona “Call-markaz”lar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. 

Sohani raqamlashtirish jarayoni ham izchil davom ettirilmoqda. Joriy yilda axborot tizimida “Dorixona” moduli ishga tushirildi va hozir barcha hududlarda sinovdan o‘tkazilmoqda. Ushbu modul orqali barcha dori vositalarini qayd qilish, ularni tarqatish, hisobini yuritish va tez tibbiy yordam brigadalari tomonidan foydalanish jarayonlarini monitoring qilish imkoniyati bor. “Avtoxo‘jalik” moduli esa tez tibbiy yordam avtoparkidagi 3 mingdan ziyod avtomobil hisobini yuritish, ularni yoqilg‘i bilan ta’minlash, ehtiyot qismlarni ajratish hamda avtomashinalar holatini kuzatib borishda katta samara bermoqda. 

Oxirgi yillarda tizimda uzoq yillar foydalanib kelingan, eskirib qolgan va zarur tibbiy jihozlar bilan ta’minlanmagan avtotransport vositalari yangilanib, sohaga ming dona zamonaviy “Volkswagen Caddy” rusumli avtomobil yetkazib berildi va tizimdagi barcha avtotransport vositalari GPS-treker bilan ta’minlandi. 

Xalqqa yanada yaqinlashayotgan ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmat

Ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmat xalqqa yanada yaqinlashmoqda. Bir paytlar ilg‘or xorijiy mamlakatlar, keyinchalik asosan poytaxtda bajarilgan yuqori texnologik operatsiyalar, innovatsion diagnostika usullari endilikda hududlarda ham bosqichma-bosqich joriy etilyapti. 

Xususan, so‘nggi yillarda Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari soni – 10 tadan 25 taga, ularning hududiy filiallari 2 tadan qariyb 300 taga yetkazildi. 

Kasalliklarni davolash samaradorligini oshirish maqsadida 2017-2024 yillarda diagnostika usullari – 70 tadan qariyb 550 taga, davolash usullari – 60 tadan 800 taga ko‘paydi. 

Hududlarda yuqori texnologik operatsiyalar ulushi 61 foizga yetkazilib, poytaxtga kelib davolanish ko‘rsatkichi 24 foizga qisqardi. 

Jumladan, Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida donordan olingan suyak ko‘migi o‘zak hujayralari transplantatsiyasi yo‘lga qo‘yildi. 

Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazida yurak nuqsonidan aziyat chekuvchi bemorlarda 3D-endoskopik usulda murakkab jarrohlik amaliyoti o‘tkazish o‘zlashtirildi. 

Endi zamonaviy kardioxirurgik xizmat olis va chekka tumanlarga ham kirib boryapti. Shu maqsadda faoliyat boshlaganiga ko‘p bo‘lmagan Milliy tibbiyot markaziga Yevropadan zamonaviy ko‘chma kardiojarrohlik majmualari olib kelindi. 

Ushbu unikal texnika olis hududlarda istiqomat qiladigan, ayniqsa, nogironligi bor, kasallik sabab to‘shakka mixlanib qolgan og‘ir bemorlarni yashash joyining o‘zida ko‘rikdan o‘tkazish va ularda zarur operatsiyalarni bajarishga xizmat qilyapti. 

Bunday amaliy sa’y-harakatlar Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarining tumanlar darajasiga tushib ishlayotgani, ushbu muassasalar yetakchi shifokorlarining joylardagi tor soha mutaxassislari bilim ko‘nikmalarini oshirishga yaqindan ko‘maklashayotgani dalolatidir. 

Bu kabi yutuqlarimiz jahon miqyosida ham munosib e’tirof etilmoqda. 2024 yilda Bolalar milliy tibbiyot markazi xalqaro darajadagi JCI sertifikatini oldi. 

Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi ham xalqaro akkreditatsiyadan o‘tdi. 

Bundan tashqari, Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga ISO 9001:2015 va ISO 7101:2023 xalqaro sifat standartlari joriy etilganligi munosabati bilan maxsus sertifikatlar topshirildi.

O‘zbekiston 2026 yil oxiriga qadar OIV, sifilis va gepatit V ning onadan bolaga yuqishini yo‘q qilish bo‘yicha “yo‘l xaritasi“ni ishlab chiqib, gepatit V ga qarshi kurashish bo‘yicha oraliq maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish uchun salmoqli ishlar olib bordi. 

Natijada Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosi O‘zbekistonning gepatit V ga qarshi kurashish bo‘yicha mintaqaviy maqsadli ko‘rsatkichlarga erishganini tasdiqlovchi sertifikatni taqdim etdi. 

Aytish joizki, ayni paytda yurtimizdagi ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari va ularning filiallarida har yili o‘rtacha 100 ming nafar imtiyozli toifaga mansub bemorlar imtiyozli yo‘llanma asosida davolanmoqda. Bu orqali qanchadan-qancha bemorlar ortiqcha vaqt va mablag‘ sarflab, chet eldagi klinikalarga borish tashvishidan qutilyapti. Kelgusi yilda ham bu ko‘rsatkichlarni yanada yaxshilash uchun yuqori texnologik innovatsion diagnostika va ilg‘or davolash usullarini tumanlar darajasiga tushirish choralari ko‘riladi.

Mohigul Qosimova tayyorladi, O‘zA