English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yil sarhisobi: Bu yilgi mavsumda sportda qo‘lga kiritilgan yutuqlar barchani ruhlantirdi
12:27 / 2024-12-29

2025 yil kirib kelishiga sanoqli kunlar qoldi. Bu esa har bir sohada o‘tayotgan yildagi muvaffaqiyatlarni sarhisob qilishga undaydi. Ayniqsa, bu yilgi mavsumda sportda qo‘lga kiritilgan yutuqlar barchani ruhlantiradi.

Mazkur g‘alabalarning qo‘lga kiritilishida davlatimiz rahbarining “2024 yil Parij shahrida (Fransiya) bo‘lib o‘tadigan XXXIII yozgi Olimpiya va XVII Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash to‘g‘risida”gi qarori muhim dasturilamal bo‘ldi.   

Qarorga muvofiq, O‘zbekistondagi sport federatsiya va assotsiatsiyalar o‘zlariga qarashli bo‘lgan hududiy bo‘linmalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, mashg‘ulot va musobaqalarni zamonaviy talablar darajasida tashkil etish uchun sharoit yaratish, mahoratli sportchilarni saralab borish tizimini takomillashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirdi.  

 

Shuningdek, O‘zbekiston sportchilari xalqaro musobaqalarga tayyorgarlikni bir qator xorijiy davlatlarda o‘tkazdi va unda jismoniy, texnik va taktik tayyorgarlik mashqlarida yanada toblandi. Shuni ta’kidlash lozimki, sportchilarimiz uchun har bir nufuzli musobaqalar oldidan xalqaro o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlari O‘zbekiston sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, federatsiya va assotsiatsiyalar tomonidan hech bir kamchiliksiz tashkil etildi.   

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda sport sohasi bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar samarasida sport yoshlarimiz hayotining ajralmas qismiga aylanmoqda. Ular orasidan iste’dodli sportchilar kamol topib, nufuzli musobaqalarda O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘klarda ko‘tarayotir.   

Jumladan, sportning og‘ir atletika, sport kurashlari va eshkak eshish turlari bo‘yicha joriy yilgi mavsumda sportchilarimiz ko‘plab nufuzli musobaqalarda yuqori natijalarga erishdi.   

Aniqroq aytadigan bo‘lsak, og‘ir atletika bo‘yicha “Parij-2024” Olimpiya o‘yinlarida 1 ta kumush, Toshkentda o‘tgan Osiyo chempionatida 8 ta oltin, 12 ta kumush va 5 ta bronza medallari qo‘lga kiritildi. Bahrayn mezbonligida kattalar o‘rtasida o‘tgan jahon chempionatida 3 ta oltin, 1 ta kumush, 2 ta bronza medali delegatsiyamiz hisobiga qo‘shildi. Lima davlatida o‘tgan o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida 2 oltin, 6 kumush hamda 4 bronza medali jamg‘arildi.   

Sport kurashlari bo‘yicha esa XXXIII yozgi Olimpiadada bittadan oltin va bronza medaliga ega chiqqan polvonlarimiz Qirg‘izistonning Bishkek shahrida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida 2 ta kumush va 5 ta bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Iordaniyada o‘smirlar o‘rtasida tashkil etilgan jahon chempionatida 1 tadan oltin va kumush hamda 5 bronza, U23 yosh toifasida Albaniyada o‘tgan dunyo birinchiligida yagona oltin qo‘lga kiritildi.   

Eshkak eshish turlari bo‘yicha o‘tgan bu yilgi musobaqalarda ham sportchilarimiz munosib ishtirok etdi. Dastlab, Samarqand mezbonligida akademik eshkak eshish bo‘yicha Osiyo chempionatida 5 ta oltin, 4 ta kumush, 3 ta bronza, slalom yo‘nalishidagi qit’a birinchiligida 3 tadan oltin va kumush hamda 2 bronza, baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha Bolgariyada o‘tkazilgan U23 yosh toifasidagi jahon chempionatida 1 ta oltin, 2 bronza, Yaponiyadagi Osiyo chempionatida 3 oltin, 5 kumush, 2 bronza medali qo‘lga kiritildi.   

Ha, bu raqamlar faqat sport olamining eng nufuzli musobaqalaridagi natijalardir. Agarda ushbu raqamlarga xalqaro va milliy turnirlardagi medallar soni qo‘shilsa, yutuqlar bundanda ko‘p bo‘lishi shubhasiz. Umid qilamizki, kelgusi yilda ham sport sohasida erishgan yutuqlar soni bu yilgidanda yuqori bo‘ladi.   

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA