French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
YIL SARHISOBI: 27 ta xalkaro brendga 1,2 milliard dollarlik toʻqimachilik mahsulotlari eksport qilindi
10:23 / 2023-12-27

Joriy yilda xalqaro standartlar asosida mahsulot ishlab chiqarish va eksport qilish maqsadida 60 ta korxonada 7 turdagi standartlar joriy etildi. Sertifikatlangan korxonalar soni esa 2 barobarga oshirilgan.

Shuningdek, dekabr oyida 11 ta korxonada AQSHning WRAP sertifikati tatbiq qilingan. Bu O‘zbekistonning MDH davlatlari orasida birinchilardan bo‘lib Amerika bozoriga to‘qimachilik mahsulotlarini yetkazib berish imkoniyatiga ega bo‘lganidan dalolatdir.  

“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi axborot xizmati rahbari Shahzoda Qo‘chqorova AOKAda o‘tkazilgan brifingda bu haqda ma’lum qildi.  

Qayd etilganidek, 2023 yilda soha korxonalari tomonidan 27 ta Yevropa va Osiyo brendlari ostida mahsulotlar ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilgan. Yil yakuni bilan brendlarga 1,2 milliard dollarlik to‘qimachilik mahsulotlari eksport qilindi.  

–O‘z bozoriga ega halqaro brendlar Cottonella (Italiya), TeamDress va Langheinrich (Germaniya) kompaniyalari O‘zbekistonga 12 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar evaziga “relokatsiya” qilinib, mahsulotlari eksportga yo‘naltirildi. Shu bilan birga, 2024 yilda Samarqand shahrida 700 dan ortiq brend va riteyl kompaniyalar rahbarlarini O‘zbekistonda birlashtirishga qaratilgan Xalqaro to‘qimachilik va tayyor kiyim ishlab chiqaruvchilari federatsiyalarining anjumanlari ilk bor o‘tkazildi. Hozirda soha korxonalari tomonidan AQSH, Yevropa davlatlari, Koreya va MDH davlatlarida 80 dan ortiq savdo uylari, vakolatxonalari va agentlik tizimlari faoliyat yuritmoqda. Ayni paytda yana16 ta korxonaning savdo uylarini ochish ishlari davom ettirilmoqda. Shuningdek, 16 ta yirik xalqaro ko‘rgazmada 150 dan ortiq korxona ishtiroki ta’minlandi. 180 million dollarlik eksport shartnomalari imzolandi. Qo‘shimcha ravishda elektron tijoratni rivojlantirish natijasida Wildberries, Ozon kabi marketpleyslar orqali 400 million dollarlik mahsulotlar eksport qilindi, – dedi Sh.Qo‘chqorova.  

Brifingda kadrlar tayyorlash, yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish xususida ham so‘z yuritildi.  Unga ko‘ra, joriy yilda 110 ming tonnadan ortiq sun’iy tola va aralash matolar qayta ishlandi. Dasturxon, parda va mebel uchun matolar, maxsus kiyimlar, qoplamalar kabi yangi mahsulotlar ishlab chiqilishi yo‘lga qo‘yildi. Muhimi, sohada bu kabi amalga oshirilayotgan ishlar natijasida yil yakuniga qadar 3,5 milliard dollar miqdorida eksport ta’minlanishi kutilmoqda.  

N.Ziyodullayeva, O‘zA