Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yil sarhisobi: 2025 yil qurilish sohasida qanday natijaga erishildi?
09:15 / 2025-12-31

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasi davlat siyosatidagi ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylandi. Aholi turmush sifati va shahar hamda qishloq infratuzilmasini zamonaviy talablar asosida rivojlantirish, shuningdek sohaga raqamli yechimlarni joriy etish uchun izchil ishlar olib borilmoqda.

2025 yilda sohada erishilgan yutuqlar va galdagi rejalar xususida qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov bilan suhbatlashdik.

— Avvalgi yillardan farqli o‘laroq, 2025 yil qurilish sohasi uchun qanday bo‘ldi?

— 2025 yil qurilish sohasi uchun keng ko‘lamli islohotlar, aniq maqsadlar va sezilarli natijalar yili bo‘ldi. Asosiy e’tibor shaharsozlikni tizimli rivojlantirish, uy-joy qurilishini jadallashtirish, ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash hamda sohaga raqamli yechimlarni keng joriy etishga qaratildi. Joriy yilda 53 ta shahar va shaharchalar hamda 108 ta qishloq aholi punktlarining bosh rejalari ishlab chiqildi. Shuningdek, 11 ta shahar bosh rejasi va 22 ta turizm hududining master-rejalari yakunlanish arafasida. Bu hujjatlar hududlarning uzoq muddatli rivojlanishini ta’minlaydi. 2025 yil Davlat dasturi doirasida respublika bo‘yicha 135 ming xonadondan iborat uy-joylar qurilishi belgilandi. Xususan, 56 ta “Yangi O‘zbekiston” massivlarida 28 ming 219 ta xonadonli 543 ta uy barpo etilmoqda. Shu bilan birga, talab yuqori bo‘lgan hududlarda 106 ming 781 ta xonadondan iborat  2 ming 18 ta ko‘p qavatli uylarni qurib, foydalanishga topshirish ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda. 

— Uy-joy qurilishi sohasida qanday natijalarga erishildi?

Sifat va xavfsizlik masalasi biz uchun eng muhim yo‘nalishlardan biri. Shu bois qurilish ob’ektlari loyihalari “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi orqali ekspertizadan o‘tkazilmoqda. Joriy yilda qariyb 26 mingta ob’ekt loyihasi ko‘rib chiqilib, natijada 9,7 trillion so‘m mablag‘ tejaldi. Bu nafaqat iqtisodiy samara, balki loyihalar sifatini oshirishga ham xizmat qilmoqda. Qurilish sohasida elektron tender tizimini joriy etish orqali ochiqlik ta’minlanmoqda. “Shaffof qurilish” platformasi orqali 17 ming 759 ta ob’ekt bo‘yicha onlayn tenderlar o‘tkazilib, 823 milliard so‘m mablag‘ iqtisod qilindi. Bu davlat mablag‘laridan samarali foydalanish imkonini berdi. Investitsiya dasturi doirasida joriy yilda 352 ta maktab, 165 ta bog‘cha va 2 ta ijod hamda ixtisoslashgan maktablarda qurilish-ta’mirlash ishlari yakunlandi. 

Bu aholining ta’lim infratuzilmasiga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga qaratilgan muhim qadamdir. Qurilish sohasi iqtisodiyotning yirik ish beruvchilaridan biri hisoblanadi. 2025 yilda soha doirasida 168 mingta yangi ish o‘rinlari yaratildi. Shuningdek, loyiha va pudrat tashkilotlariga litsenziya va akkreditatsiya guvohnomalari berish orqali sog‘lom raqobat muhiti yaratilmoqda. Raqamlashtirish sohada tizimli boshqaruvni ta’minlaydi. Davlat shaharsozlik geoaxborot tizimi, “raqamli egizaklar”, “Shaffof qurilish”, “Ulush kiritish asosida uy-joy qurish 2.0” kabi platformalar qurilish jarayonlarini to‘liq nazorat qilish imkonini bermoqda. Oldimizdagi asosiy vazifa — sifatli, xavfsiz va zamonaviy qurilishni ta’minlash. Buning uchun shaharsozlik hujjatlarini takomillashtirish, uy-joy qurilishini izchil davom ettirish, raqamlashtirish va xalqaro standartlarga mos yondashuvlarni joriy etish ishlari davom ettiriladi.

Qayd etish joiz, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirlikning hududiy boshqarma va bo‘limlari tomonidan 6 turdagi davlat xizmatlari bo‘yicha jami 353 mingdan ortiq ob’ektga oid arizalar ko‘rib chiqildi. Shuningdek, texnik tartibga solish tizimini takomillashtirish maqsadida 160 ta texnik-normativ hujjatlar ishlab chiqildi.

— Ijtimoiy ob’ektlar qurilishida qanday ishlar amalga oshirildi?

– 2025 yilda 352 ta maktab, 165 ta bog‘cha va 2 ta ijod va ixtisoslashgan maktabda qurilish-ta’mirlash ishlari yakunlandi. Shu bilan birga, ta’lim muassasalarida 497 ta ob’ektga isitish tizimi, 464 ta ob’ektga oqova suv tizimi va 304 ta binoga nogiron shaxslar uchun lift qurilmalari o‘rnatildi.

— Kommunal infratuzilma va issiqlik ta’minoti sohasida qanday ishlar olib borildi?

–Joriy yil kommunal xo‘jalik sohasi uchun tizimli islohotlar, aniq rejalar va eng muhimi, amaliy natijalar yili bo‘ldi. Asosiy e’tibor aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish, infratuzilmani yangilash va barqaror ishlashni ta’minlashga qaratildi. Bu borada ichimlik suvi, oqova suv, issiqlik ta’minoti hamda ko‘p kvartirali uy-joy fondini saqlash yo‘nalishlarida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Toza ichimlik suvi va barqaror oqova suv tizimi aholi salomatligi va hayot sifati uchun juda muhim. 2025 yilda davlat ijtimoiy buyurtmalari asosida og‘ir sharoitdagi olis hududlarda 231 kilometr ichimlik suvi tarmoqlari tortildi, 14 ta inshootda qurilish-montaj ishlari yakunlandi. 

Shuningdek, 26 ta aholi punktlarida suvni chuchuklashtiruvchi uskunalar o‘rnatildi. Xalqaro hamkorlik doirasida, xususan Yaponiya kompaniyalari grant mablag‘lari hisobidan bir qator mahallalarda yangi ichimlik suvi inshootlari barpo etildi. Issiqlik ta’minotida barqarorlikni ta’minlash har doim ustuvor vazifamiz bo‘lib kelgan. Joriy yilda 60 ta loyiha doirasida 142 kilometr issiqlik tarmoqlari tortilib, 62 ta zamonaviy isitish qozonlari o‘rnatildi. Shu bilan birga, 2025–2026 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik maqsadida yuzlab qozonlar va minglab kilometr issiqlik tarmoqlarida mukammal hamda joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. 

Yoqilg‘i va ehtiyot materiallar zaxirasi to‘liq yaratildi. Bugungi kunda kommunal korxonalar huzurida tunu-kun ishlaydigan dispetcherlik xizmatlari faoliyati kuchaytirildi. Respublika bo‘yicha tezkor avariya-tiklash guruhlari tashkil etilib, minglab xodimlar va maxsus texnikalar jalb etildi. Bu aholidan kelib tushayotgan murojaatlarga o‘z vaqtida javob qaytarish va avariya holatlarini qisqa muddatda bartaraf etish imkonini bermoqda. Ko‘p kvartirali uylarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash doirasida minglab uylarda tom qismlari, kirish yo‘laklari, muhandislik tarmoqlari va fasadlar ta’mirlandi. 

Davlat dasturlari asosida ko‘p qavatli uylarda 400 dan ortiq lift yangilandi. Shu bilan birga, energiya tejamkor materiallar qo‘llanilib, uylarning tashqi ko‘rinishi va issiqlik saqlash qobiliyati yaxshilandi. Bugungi kunda kommunal xizmatlar uchun to‘lovlarni yagona shaxsiy hisob-varaq orqali amalga oshirish, “Mening hududim” platformasi orqali murojaat yuborish va nazorat qilish imkoniyati yaratildi. Bu nafaqat aholiga qulaylik, balki tizimda ochiqlik va hisobdorlikni ham ta’minlamoqda. Oldimizdagi asosiy maqsad kommunal xizmatlarni barqaror, sifatli va aholi uchun qulay qilish. Buning uchun infratuzilmani yangilash, energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish, raqamlashtirishni yanada chuqurlashtirish va kadrlar salohiyatini oshirish ishlari davom ettiriladi. Eng muhimi, har bir islohotimiz zamirida aholi manfaati turishi kerak.

“Yashil makon” dasturi doirasida esa ko‘p kvartirali uylar hududlarida 234 ming tup daraxt va buta hamda 213 ming uzum ko‘chatlari ekildi.

“Yashil makon” dasturi doirasida respublika bo‘yicha ko‘p kvartirali uylar hududlariga 234 ming daraxt va buta ko‘chatlari, shuningdek 213 ming uzum ko‘chatlari ekildi.

Umuman olganda, 2025 yil qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida raqamlashtirish, shaffoflik, ijtimoiy yo‘naltirilgan loyihalar va aholi manfaatlariga qaratilgan islohotlar yili bo‘ldi. Amalga oshirilgan ishlar hududlarni kompleks rivojlantirish va barqaror infratuzilmani shakllantirishga mustahkam zamin yaratmoqda.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA