Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yil sarhisobi: 2025 yil dunyo nimalarni boshdan kechirdi?
16:53 / 2026-01-04

O‘tgan yilda jahon siyosati va iqtisodiyotini, hukumatlar va jamiyatni shakllantiradigan ko‘plab muhim, ta’sirchan voqealarga guvoh bo‘ldik. Geosiyosiy yondashuvlar, o‘zaro tushunmovchiliklar, global iqtisodiy yoki ekologik muammolar har bir hududda aks-sado berdi.

2025 yil jumladan, tarixiy saylovlar va global tartibsizliklar bilan esda qoldi, deyish mumkin. Rossiya – Ukraina ziddiyatining to‘rtinchi yili davom etarkan, Yaqin Sharqdagi mojarolar, xususan Isroil – Hamas nizosi, Afrika mamlakatlarida davlat to‘ntarishlari va Nepalda “Z” avlod boshchiligidagi norozilik namoyishlari kutilmagan voqea bo‘ldi.

O‘tgan yilda AQSH, Kanada, Germaniya va Yaponiyada yangi milliy liderlar saylandi va ba’zi hokimiyat almashinuvlari bahsli kechdi. Leo XIV esa birinchi amerikalik Rim papasi sifatida tarixga kirdi.

Umuman, o‘tgan yil diplomatik yutuqlardan tortib, xalqaro tizimning tinchlikni saqlab qolishdagi muvaffaqiyatsizligigacha, tarixiy yuksalishlardan keskin depsinishlargacha, barini kuzatdik.

Yanvar

7 yanvar. Qo‘shma Shtatlarning Los-Anjeles hududida o‘rmon yong‘inlari boshlanib, qariyb bir oy davom etdi. Zarar miqdori 131 milliard dollar atrofida deb baholangan tabiiy ofat natijasida 30 kishi halok bo‘ldi. 

20 yanvar. Donald Tramp AQSHning 47-prezidenti sifatida qasamyod qabul qildi. 

29 yanvar. Hindistonning Uttar-Pradesh shtatidagi Prayagraj shahrida “Kumbx Mela” bayrami tantanalari paytida yuz bergan tiqilinchda kamida 30 kishi halok bo‘ldi. 

Fevral

2 fevral. Jahon estradasi yulduzi Beyonse uchta “Gremmi” mukofotini qo‘lga kiritib, o‘z rekordini yangiladi. U shuningdek, “Cowboy Carter” albomi uchun “Eng yaxshi albom” nominatsiyasida “Gremmi”ni qo‘lga kiritgan birinchi qora tanli ayol sifatida tarixga kirdi. 

Mart

2 mart. “Firefly Aerospace”ning “Blue Ghost” apparati Oyga muvaffaqiyatli qo‘nishni amalga oshirib, birinchi tijoriy modul sifatida e’tirof etildi.

14 mart.Liberal partiyadan Mark Karni Kanada bosh vaziri sifatida qasamyod qildi. 

21 mart. Netumbo Nandi-Ndetvah Namibiya prezidenti sifatida qasamyod qildi va mamlakat tarixida bu lavozimni egallagan birinchi ayol rahbar bo‘ldi.

28 mart. Myanmada yuz bergan 7,7 magnitudali zilzila 3600 dan ortiq kishining o‘limi va minglab odamlarning jarohatlanishiga sabab bo‘ldi. 

Aprel

21 aprel. Rim papasi Fransisk 88 yoshida vafot etdi.

May

6 may. Fridrix Mers Germaniya kansleri bo‘ldi. Huquqshunos va siyosatchi bo‘lgan Mers 2022 yildan buyon o‘lkadagi Xristian-demokratik ittifoqi partiyasiga rahbarlik qilib kelayotgan edi.

7 may. Hindiston Pokistondagi bir nechta bazalarga qator raketa zarbalarini berdi, bu esa ikki mamlakat o‘rtasidagi keskinlikning yanada kuchayishiga olib keldi. Mojaro 22 aprel kuni Hindistonning Jammu va Kashmir shtatidagi Paxalgam kurort shahri yaqinida qurolli shaxslarning sayyohlarga o‘t ochishi va 26 kishini o‘ldirishi natijasida kelib chiqqan edi. Bundan oldin ikki davlat “Hind suvlari shartnomasi” va “Shimla kelishuvi” kabi ikki tomonlama bitimlarni to‘xtatib qo‘ygan edi. 10 may kuni o‘t ochishni to‘xtatish e’lon qilindi. 

Iyun

12 iyun. Hindistonning Gujarat shtatidagi Ahmadobod shahrida “Air India” aviakompaniyasining 171-reysi havoga ko‘tarilganidan ko‘p o‘tmay halokatga uchradi. Bortdagi 242 yo‘lovchi va ekipaj a’zolaridan faqatgina bir kishi omon qoldi. 

22 iyun.Isroil – Eron mojarosi paytida AQSH harbiylari Eron yadroviy ob’ektlariga zarbalar berdi. Oradan ikki kun o‘tib Isroil va Eron o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib oldi. 

26 iyun.Moda olamining nufuzli shaxslaridan biri Anna Vintur 37 yillik faoliyatidan so‘ng “Vogue” jurnali bosh muharriri lavozimidan ketishini e’lon qildi. Biroq u nashrning global tahririyat direktori sifatida faoliyatini davom ettirdi.

Iyul

1 iyul. AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) prezident Donald Tramp va Hukumat samaradorligi departamenti nishoniga aylanganidan so‘ng yopildi. 1961 yilda asos solingan agentlik 100 dan ortiq mamlakatlarda global iqtisodiy farovonlikni rag‘batlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, demokratiyani mustahkamlash va gumanitar yordam ko‘rsatish kabi yo‘nalishlarda faoliyat yuritgan.

  • Janubiy Koreyaning mashhur “BTS” guruhi a’zolari majburiy harbiy xizmatni tugatgandan so‘ng yana birlashdi. 
  • NASA olimlari “3I/ATLAS” yulduzlararo ob’ektini aniqladi.

24 iyul.Tailand va Kambodja o‘rtasidagi nizo chegarada ochiq qurolli to‘qnashuvga aylandi. Otishmalar “Preaxvixea” deb nomlangan qadimiy ibodatxona yaqinida ro‘y berdi.

Avgust

7 avgust. “Open AI” kompaniyasi axborot texnologiyalarida yutuq sifatida ta’riflangan ChatGPT-5 ni chiqardi. 

15 avgust. Bollivudning mashhur kinolaridan biri sifatida e’tirof etilgan “Qasos va qonun” (“Sholay”) filmi namoyish etilganining 50 yilligi nishonlandi.

Sentyabr

2 sentyabr. AQSH harbiylari Venesuela suvlarida va uning yaqinida harakatlanayotgan kichik fuqarolik qayiqlariga qarshi bir qator halokatli zarbalarning birinchisini amalga oshirdi. Rasmiy Vashington bu hujumlarni nishonga olingan kemalar giyohvand moddalar kontrabandasi va terrorizm uchun ishlatilayotgani bilan oqladi.

8 sentyabr. Nepalda “Z” avlodining keskin norozilik namoyishlari boshlandi: minglab talabalar hukumatning ijtimoiy tarmoqlarga qo‘ygan keng qamrovli taqiqiga qarshi chiqdi. Bu qo‘zg‘olon siyosiy inqirozni keltirib chiqardi va oxir-oqibat mamlakat bosh vazirining iste’fosiga olib keldi.

22 sentyabr. Fransiyalik futbolchi Usmon Dembele “Eng yaxshi erkak o‘yinchi” sifatida o‘zining birinchi “Oltin to‘p”ini qo‘lga kiritdi. Ayollar o‘rtasida esa ispaniyalik Aytana Bonmati ketma-ket uchinchi yil g‘olib bo‘ldi.

Oktyabr

10 oktyabr. Isroil-HAMAS ziddiyatida o‘t ochishni to‘xtatish rejimi kuchga kirdi. Mojaro bundan taxminan uch yil avval HAMAS G‘azo sektoridan Isroilga hujum qilib, mingdan ortiq odamni o‘ldirib, bir necha yuz kishini garovga olganida boshlangan edi. Shundan so‘ng, Isroil ushbu qurolli guruhga qarshi urush e’lon qildi va janglar butun G‘azo sektorida keng ko‘lamli vayronagarchiliklarga hamda o‘n minglab g‘azoliklarning o‘limiga sabab bo‘ldi.

19 oktyabr. Bir guruh talonchilar Luvr muzeyiga bostirib kirib, 19-asrga oid to‘qqizta zargarlik buyumini o‘g‘irlab ketdi. Shundan so‘ng, Fransiya hukumati ko‘plab gumonlanuvchilarni qo‘lga olib, ularga ayblov e’lon qildi, biroq tarixiy qimmatbaho buyumlarni topa olmadi. 

21 oktyabr. Sanae Takaichi Yaponiyaning birinchi ayol bosh vaziri bo‘ldi. Qat’iy konservativ qarashlarga ega bo‘lgan bu siyosatchi Liberal-demokratik partiya rahbari hisoblanadi. 

Noyabr

1 noyabr. Misrda yirik muzeyning rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. U dunyodagi eng katta arxeologik majmuasi hisoblanib, fir’avn Tutanxamon maqbarasidan topilgan buyumlarning keng to‘plami bilan mashhur.

4 noyabr. Demokrat sotsialist siyosatchi Zohran Mamdani Nyu-York shahri meri etib saylandi. U 2024 yil oktyabr oyida o‘z nomzodini ilgari surganida shaharda yashashni arzonlashtirish va’dasi bilan saylovda mashhurroq raqiblarini dog‘da qoldirib, g‘alabani ilib ketdi.

10 noyabr. Dehli shahridagi “Red Fort” (Qizil qal’a) yaqinida avtomobil portlashi oqibatida 10 dan ortiq kishi halok bo‘ldi va 20 kishi jiddiy jarohatlandi. 

20 noyabr. Meksikalik rassom Frida Kaloning “El sueño” kartinasi kimoshdi savdosida 54,7 million dollarga sotildi.

24 noyabr. Hind kinosining afsonaviy siymosi, “Zita va Gita”, “Gul va tosh”, “Ali bobo va qirq qaroqchi” kabi filmlarda esda qolarli rollari bilan tanilgan aktyor Dharmendra 89 yoshida vafot etdi. 

26 noyabr. Gonkongdagi turar-joy majmuasida yong‘in chiqib, 40 soatdan ortiq davom etdi. Sifatsiz qurilish materiallari sabab bo‘lgani aytilgan yong‘in oqibatida 150 dan ortiq kishi halok bo‘ldi.

Dekabr

10 dekabr. Avstraliyada 16 yoshdan kichiklar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlash to‘g‘risidagi qonun kuchga kirdi. 

16 dekabr. Ingliz yozuvchisi Jeyn Ostin tavalludining 250 yilligi nishonlandi. Adib ijodiy faoliyati davomida “Sezgi va aql” (1811), “Andisha va g‘urur” (1813) va “Emma” (1815) kabi sevib o‘qiladigan romanlarni yozgan.

P/s: Maqolada yilning eng asosiy voqealarini sanab o‘tdik, xolos. Umuman, 2025 yil dunyo iqtisodiyoti, siyosiy va ijtimoiy hayotida ba’zan yorqin, gohi g‘amgin iz qoldirdi. Tilagimiz – ziddiyat, g‘alayon va ofatlar hech qachon ro‘y bermasin. 2026 yil tinchlik, totuvlik, sog‘lik-salomatlik va qut-barakali yil bo‘lsin!

O‘tkir Alimov, O‘zA