Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yil oxirigacha yurtimizda kamida 7 milliard kub metr suvni tejash choralari ko‘riladi
15:37 / 2022-08-13

2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi va uni «Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturida bu yil suv resurslaridan samarali foydalanish hisobiga kamida 7 milliard m3 suvni tejash ko‘zda tutilgan.

Bunda suvni tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va yerlarni lazer tekislash evaziga 3 mlrd. m3, irrigatsiya tarmoqlarida ta’mirlash-tiklash tadbirlari hisobidan 3,1 milliard m3, AKT va raqamli texnologiyalarni joriy etish, suv kam talab qiladigan ekinlar ulushini ko‘paytirish va qo‘shimcha agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish natijasida 0,9 milliard m3 suvni tejash ko‘zda tutilgan va albatta g‘alladan bo‘shagan maydonlarda takroriy ekinlarni sug‘orish uchun ham suv yetkazib berilishi ta’minlanadi.

SUG‘ORISH MAVSUMIDA...

Joriy yilgi sug‘orish mavsumida hududlarga qancha miqdorda suv yetkazib berilishi rejalashtirilgan?

Suv xo‘jaligi vazirligi Axborot xizmati boshlig‘i – vazirning axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Sh.Suyunov bu haqda quyidagilarni ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, joriy yilda kuzatilayotgan suv tanqisligining salbiy ta’sirini yumshatish maqsadida Vazirlar Mahkamasining

2022 yil 10 maydagi «2022 yilda kutilayotgan suv tanqisligi sharoitida qishloq xo‘jaligi ekinlarini suv bilan ishonchli ta’minlashga qaratilgan kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Ushbu qarorga muvofiq Suv xo‘jaligi vazirligi, yirik suv taqsimlash inshootlari hamda hududlarda 769 ta sug‘orish shtabi tashkil etildi. 1 ming 469 ta ko‘chma dizel va boshqa turdagi nasos agregatlari qo‘shimcha suv olish uchun kollektor-drenaj tarmoqlariga o‘rnatilib, foydalanish yo‘lga qo‘yildi. Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, respublikadagi qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarini sug‘orish uchun 2022 yilning 1 aprelidan 10 avgustigacha 21 milliard 419 million m3 suv olish limiti ajratilgan bo‘lib, amalda 22 milliard 269 million m3 suv olingan.

Respublika bo‘yicha kunlik sug‘orish ishlariga 2146 m3/sek suv olish limiti ajratilgan, amalda esa 2486 m3/sek suv yetkazib berilmoqda.

Kunlik olinayotgan suv bilan jami 105 ming gektar maydon, shundan, 47 ming gektar g‘o‘za, 24,3 ming gektar takroriy ekinlar hamda 33,4 ming gektar tomorqa va boshqa ekin maydonlari sug‘orilmoqda.

Suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha sa’y-harakatlar izchil davom ettirilmoqda. Joriy yil boshidan buyon 344 ming 08 gektar maydonda, jumladan, 77 ming 793 gektar maydonda – tomchilatib sug‘orish, 11 ming 431 gektar maydonda – yomg‘irlatib sug‘orish, 4 ming 478 gektar maydonda – diskret usulda sug‘orish texnologiyalari ishga tushirildi, 66 ming 483 gektar maydonda – ko‘chma egiluvchan quvurlar yordamida, 35 ming 35 gektar maydonda – egatga plyonka to‘shab sug‘orish yo‘lga qo‘yildi.148 ming 789 gektar maydon lazerli tekislandi.

Suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda.

Yil yakuniga qadar 478 ming gektar maydonda suvni tejaydigan texnologiyalar joriy qilinishini ta’minlash va suv tejovchi texnologiyalar bilan qamrab olingan maydonlarni 27 foizga yetkazish, suv resurslaridan samarali foydalanish hisobiga kamida 7 mlrd. m3 suvni tejash choralari ko‘rilmoqda.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA