English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Yil o‘qituvchisi” tanlovining viloyat (ikkinchi) bosqichi o‘tkazilmoqda
11:39 / 2026-02-17

Ayni kunlarda maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tashabbusi bilan mamlakatimiz bo‘ylab “Yil o‘qituvchisi” tanlovining viloyat (ikkinchi) bosqichi yuqori saviyada tashkil etilmoqda.

Tanlov Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 28-apreldagi tegishli qarori asosida umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari pedagog xodimlari o‘rtasida o‘tkazilmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, tanlovning birinchi bosqich sinovlari 2025-yil avgust-dekabr oylarida o‘tkazilgan malaka sinovlari natijalariga integratsiya qilingan holda tashkil etildi. 

Tanlov Nizomiga muvofiq, birinchi bosqichda har bir tuman (shahar)dan eng yuqori ball to‘plagan 3 nafar nomzod saralab olindi va Navoiy viloyati miqyosida jami 33 nafar pedagog ikkinchi bosqichda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.

Navoiy shahridagi 3-umumta’lim maktabida Navoiy shahri, Karmana, Navbahor, Qiziltepa, Xatirchi va Konimex tumanlari pedagoglari, Zarafshon shahridagi 1-umumta’lim maktabida Zarafshon shahri, Uchquduq va Tomdi tumanlari pedagoglari, Nurota tumanidagi 27-umumiy o‘rta ta’lim maktabida esa G‘ozg‘on shahri va Nurota tumani pedagoglari ishtirok etmoqda.

– Ikkinchi bosqichda nomzodlarning o‘z fani bo‘yicha dars o‘tish mahorati belgilangan mezonlar asosida baholanmoqda, – deydi viloyat maktabgacha va maktab ta’lim boshqarmasi matbuot xizmat rahbari Nurali Hoshimov. – Xususan, hakamlar hay’ati tomonidan 60 ballik, tegishli tuman (shahar)da faoliyat yurituvchi pedagoglar tomonidan esa 40 ballik tizim asosida ovoz berish orqali baholash amalga oshiriladi. Pedagoglarning ovoz berishi uchun nomzodning 45 daqiqalik dars o‘tish jarayoni uzluksiz, to‘liq va montajsiz tarzda videoga olinib, maxsus platformaga joylashtiriladi. Hakamlar hay’ati va pedagoglar tomonidan berilgan ballar asosida umumiy natija shakllantiriladi.

Yakuniy natijaga ko‘ra, har bir tuman (shahar)dan eng yuqori ball to‘plagan 2 nafar nomzod tanlovning uchinchi bosqichida ishtirok etish uchun tavsiya etiladi. Agar ballar teng bo‘lib qolsa, maxsus platforma orqali qayta ovoz berish tashkil etiladi va ko‘proq ball to‘plagan nomzod keyingi bosqichga yo‘llanma oladi.

Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq, tanlovda har bir tuman (shahar) bo‘yicha birinchi o‘rinni egallagan g‘olib pedagog bazaviy hisoblash miqdorining 1400 baravari miqdoridagi pul mukofoti bilan taqdirlanadi. Mazkur tanlov pedagoglarning kasbiy mahoratini yanada oshirish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish hamda ta’lim sifati va samaradorligini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

A. Bo‘riyev, O‘zA muxbiri