Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Yil o‘qituvchisi” tanlovining ikkinchi bosqichi qachon bo‘lib o‘tadi?
13:38 / 2026-02-04

Mamlakatimizda yoshlarni barkamol shaxs etib tarbiyalashga munosib hissa qo‘shayotgan, o‘quv-tarbiya jarayonida samarali natijalarga erishayotgan o‘qituvchilarni aniqlash hamda ularning mehnatini munosib rag‘batlantirish maqsadida “Yil o‘qituvchisi” tanlovini o‘tkazish tartibi belgilab qo‘yilgan.

Tanlovda ishtirok etish uchun nomzodlar oliy yoki birinchi malaka toifasiga, kamida besh yillik pedagogik ish stajiga ega bo‘lishi hamda o‘quv yili boshidan ta’lim muassasasida asosiy shtatda faoliyat yuritayotgan fan yoki boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bo‘lishi lozim.

“Yil o‘qituvchisi” tanlovining birinchi bosqichi 2025 yil avgust–dekabr oylarida o‘tkazilgan malaka sinovlari natijalariga integratsiya qilingan holda tashkil etildi. Ushbu sinovlarda jami 175 ming  738 nafar pedagog ishtirok etgan bo‘lib, shulardan 46 ming  703 nafari tanlovning tegishli Nizomi talablariga mos kelgani sababli birinchi bosqich jarayonlarida qatnashdi. Nizomga ko‘ra, har bir tuman (shahar)dan eng yuqori ball to‘plagan 3 nafar nomzod ikkinchi bosqichga o‘tkazildi. Shu tariqa, jami 624 nafar pedagog ikkinchi bosqich ishtirokchisiga aylandi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, birinchi bosqich natijalaridan norozi bo‘lgan pedagoglar uchun apellyatsiya berish imkoniyati yaratildi. Belgilangan muddatda 264 nafar pedagogdan apellyatsiya kelib tushdi. Ulardan 8 nafarining murojaati asosli deb topilib, mazkur nomzodlar ham ikkinchi bosqichga tavsiya etildi. Tanlov Tashkiliy qo‘mitasi qaroriga muvofiq, ikkinchi bosqich joriy yilning 10 fevral kuni mamlakatning barcha hududlarida belgilangan umumta’lim maktablarida boshlanadi.

Ikkinchi bosqichda nomzodlarning o‘z fani bo‘yicha dars o‘tish mahorati hakamlar hay’ati tomonidan — 60 ballik tizim asosida va hududda faoliyat yuritayotgan pedagoglar tomonidan ovoz berish orqali — 40 ballik tizim asosida baholanadi.

Ovoz berish uchun nomzodning 45 daqiqalik darsi uzluksiz, montajsiz holda videokameraga yozib olinadi va pedagog.uzedu.uz platformasiga joylashtiriladi.

Ikkinchi bosqich yakunlariga ko‘ra, har bir tuman (shahar)dan eng yuqori ball to‘plagan 2 nafar nomzod uchinchi bosqichga tavsiya etiladi. Agar balllar teng bo‘lib qolsa, maxsus platforma orqali qayta ovoz berish o‘tkaziladi. Tanlovning ikkinchi bosqich natijalari hamda uchinchi bosqichga o‘tgan nomzodlar haqidagi ma’lumotlar Tashkiliy qo‘mita tomonidan rasman e’lon qilinadi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA