O‘qituvchilarning kasbiy mahoratini rag‘batlantirish va ilg‘or pedagoglarni aniqlash maqsadida mamlakatimizda har yili “Yil o‘qituvchisi” tanlovi o‘tkaziladi. Bu tanlov nafaqat pedagoglarning ijodiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydi, balki ta’lim sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Bugun 208 ta tuman va shaharda “Yil o‘qituvchisi” tanlovining ikkinchi bosqich sinovlari start oldi. Ushbu sinovda dastlabki bosqich natijalariga ko‘ra saralangan 624 nafar pedagog ishtirok etadi.
Sinov jarayonida ishtirokchilarning bilim va malakasi, pedagogik faoliyati va innovatsion yondashuvlari baholanadi. Tanlovning ikkinchi bosqichidan o‘tgan g‘oliblar mamlakatimizdagi ilg‘or pedagoglar qatoriga kirishi va moliyaviy rag‘batlantirishga erishishi mumkin.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 28 apreldagi tegishli qaroriga asosan, har bir tuman va shahar bo‘yicha birinchi o‘rinni egallagan g‘olib pedagoglar bazaviy hisoblash miqdorining 1 400 barobari, ya’ni hozirgi kunda 576 mln. 800 ming so‘mga teng pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
Bu mablag‘ pedagoglarning kasbiy faoliyatini rag‘batlantirish va ularning ijodiy tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyatga ega.
Shu tariqa, “Yil o‘qituvchisi” tanlovining ikkinchi bosqichi nafaqat pedagoglar uchun sinov, balki mamlakatimizda ta’lim sifatini yanada oshirishga qaratilgan muhim tadbir hisoblanadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA