Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Yil o‘qituvchisi” – pedagogik mahorat va salohiyat sinovi
20:09 / 2026-02-12

Ayni kunlarda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori asosida respublika bo‘ylab umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari pedagog xodimlari o‘rtasida “Yil o‘qituvchisi” tanlovi keng ko‘lamda o‘tkazilmoqda. Mazkur tanlov o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini oshirish, ilg‘or pedagogik tajribalarni aniqlash va ommalashtirish, ta’lim sifatini yuksaltirishga qaratilgan muhim tashabbus sifatida alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Buxoro viloyatida mazkur tanlovning ikkinchi bosqichi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan yuqori saviyada tashkil etilmoqda. Tanlov joriy yilning 10-17-fevral kunlari davomida viloyatning 4 ta hududida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ushbu bosqichda dastlabki saralash natijalariga ko‘ra tanlab olingan 39 nafar pedagog ishtirok etishi belgilangan.

Bugun Vobkent va Qorovulbozor tumanlaridan saralab olingan 3 nafardan jami 6 nafar nomzod ikki manzilda o‘tayotgan sinov jarayonlarida o‘z bilim va mahoratlarini namoyon etdi. Ishtirokchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, tanlovni tashkil etish jarayonining shaffofligi va adolatli baholash tizimi jarayon ishtirokchilari tomonidan ijobiy baholanmoqda.

[gallery-27633]

Tanlov ishtirokchilaridan biri – Buxoro tumanidagi 2-maktabning o‘zbek tili fani o‘qituvchisi Zilola Muhiddinova o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi:

– 2025-yilda kuzgi attestatsiya jarayonlarida ishtirok etib, 96 ballni qo‘lga kiritdim va shu orqali “Yil o‘qituvchisi” tanlovida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ldim. Bugun tanlovning ikkinchi bosqichi men uchun juda hayajonli va mas’uliyatli tarzda o‘tdi. Tasodifiy tanlangan sinfda, tasodifiy mavzu asosida dars o‘tish talab etildi. Notanish muhit va notanish o‘quvchilar davrasida dastlab biroz hayajonlandim. Ammo qisqa fursat ichida bor e’tiborimni pedagogik mahoratini namoyon etishga, mavzuni mazmunli, qiziqarli va tushunarli tarzda yetkazishga qaratdim. O‘ylaymanki, natijalarim yomon bo‘lmadi. Bunday tanlovlar o‘qituvchilarni yanada izlanishga, o‘z ustida ishlashga, pedagogik mahoratini muntazam oshirishga va kasbiy salohiyatini rivojlantirishga undaydi.

“Yil o‘qituvchisi” tanlovi pedagoglarning kasbiy salohiyatini xolisona baholash, ilg‘or tajribalarni aniqlash va ommalashtirish, ta’lim jarayoniga innovatsion yondashuvlarni joriy etish, shu orqali ta’lim sifati va samaradorligini oshirishga xizmat qilayotgan muhim maydon sifatida o‘z ahamiyatini namoyon etmoqda.

Qarorga asosan, tanlovda har bir tuman (shahar) bo‘yicha birinchi o‘rinni egallagan g‘olib pedagoglar pul mukofoti bilan taqdirlanadi.  

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari