Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yil davomida uy-joy savdosi 13 foizga kamaydi
14:18 / 2024-10-14

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozorida pasayish tendensiyasi kuzatildi. Sentyabr oyida ro‘yxatga olingan ko‘chmas mulk oldi-sotdi bitimlari soni avgust oyiga nisbatan 4,2 foizga kamayib, 21,2 mingtani tashkil etgan.

Yillik hisobda ko‘chmas mulk bozorida faollik sezilarli pasayib, o‘tgan yilning sentyabr oyiga solishtirganda uy-joy savdosi bilan bog‘liq shartnomalar soni 9 foizga kamaygan. 2024 yilning uchinchi choragida yil davomida uy-joy savdosi 13 foizga kamayib, 66,5 mingtani tashkil etdi.   

Sentyabr oyida hududlar kesimida ro‘yxatga olingan ko‘chmas mulk bitimlari sonida eng katta pasayish Jizzax, Toshkent va Samarqand viloyatlarida mos ravishda 20 foiz, 14 foiz va 13 foizga qayd etildi. Uchinchi chorak yakunlariga ko‘ra, ko‘chmas mulk bozoridagi faollik Toshkent (25,7 foiz), Buxoro (24,3 foiz) va Namangan viloyatlarida (18,7 foiz) nisbatan sezilarli darajada pasaygan.   

Joriy yilning sentyabr oyida respublika bo‘yicha ikkilamchi bozor uchun uy-joy narxlari deyarli o‘zgarmadi (0,1 foizga o‘sish). Yil davomida ikkilamchi bozorda 1 kvadrat metr uchun o‘rtacha uy-joy narxi 6,7 foizga oshdi. Hududlar kesimida ikkilamchi bozor uy-joy narxlari sezilarli darajada Xorazm (19,5%), Buxoro (12,5%) va Samarqand (10%) viloyatlarida ko‘tarilgan.   

Toshkent shahrida ikkilamchi uy-joy bozoridagi narxlar 1 foizga pasaydi. Eng katta pasayish Mirzo Ulug‘bek — 2,5 foiz va Yunusobod — 2,4 foiz tumanlarida kuzatildi. Poytaxtning yana ikkita tumanida narxlar oshdi — Yakkasaroyda — 1,1 foiz va Shayxontohurda — 0,3 foizni tashkil etdi. Yillik hisobda Toshkentda ikkilamchi uy-joylar narxining o‘rtacha o‘sishi 1,8 foizni tashkil etdi.   

Sentyabr oyida Toshkent shahrida uy-joy ijara narxlarining barqarorlashuvi davom etdi. Ijara o‘rtacha narxi o‘tgan oyga nisbatan o‘zgarmagan – 1 kvadrat metr uchun 8,3 dollar. Joriy yilning avgust-sentyabr oylarida ijara narxlarida o‘rtacha o‘sish qayd etilishi bozordagi vaziyatning barqarorlashuvidan dalolat beradi.   

Poytaxtning 14 ta markaziy tumanlaridan uchtasida uy-joy ijarasi narxi pasaydi. Ijara narxi Olmazorda — 14,6 foiz, Uchtepada — 7,4 foiz, Bektemir tumanida — 3,8 foizga pasaygan. Shuningdek, narxlarning eng katta o‘sishi Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida qayd etilib, tumanlarda ijara narxi o‘rtacha 7 foizga oshdi. Toshkent shahri tumanlari kesimida ijara narxidagi farqlar keskin o‘zgarmagan. Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida ijara narxi nisbatan yuqori bo‘lib, ijara narxi 10 dollar atrofida.   

Bektemir va Sergeli tumanlarida ijara narxlari nisbatan arzon shakllanib, kvadrat metr uchun o‘rtacha 6 dollarni tashkil etdi. O‘tgan yilning sentyabr oyida Toshkent shahrida ijara narxlari bugungi kunga nisbatan o‘rtacha 8,4 foizga yuqori. Bu esa bozorning ushbu segmentida umumiy pasayish tendensiyasi saqlanib qolinayotganini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, yil davomida ijara narxining sezilarli pasayishi Yashnobod (16,2 foiz), Olmazor (12,2 foiz) va Yakkasaroy (11 foiz) tumanlarida kuzatildi.   

Ma’lumot uchun: O‘zbekistondagi ko‘chmas mulk bozori Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining tadqiqot yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, unda birlamchi va ikkilamchi ko‘chmas mulk bozorlaridagi faollik dinamikasi taqdim etib boriladi.   

Sh.Mamaturopova, O‘zA