English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yil boshida ko‘lga tashlangan baliq chavoqlari bir yarim kilo tosh bosmoqda
15:03 / 2017-11-13

Qashqadaryo viloyatida baliqchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish va sohaga intensiv texnologiyalarni keng tatbiq etish borasida istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. Buning samarasida o‘tgan yili aholi jon boshiga iste’mol qilinadigan baliq mahsuloti 1,8 kilogrammdan to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 2,2 kilogrammni tashkil etmoqda.

Qashqadaryo viloyatida baliqchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish va sohaga intensiv texnologiyalarni keng tatbiq etish borasida istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. Buning samarasida o‘tgan yili aholi jon boshiga iste’mol qilinadigan baliq mahsuloti 1,8 kilogrammdan to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 2,2 kilogrammni tashkil etmoqda.

– Ayni paytda viloyatda 318 baliqchilik xo‘jaligi mavjud, – deydi Qashqadaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi mas’ul xodimi Ergash Asadov. – O‘tgan yili ushbu xo‘jaliklarda 3 ming 952 tonna baliq ovlangan bo‘lsa, joriy yilda barcha tarmoqlarda 6 ming 175 tonna baliq ovlanishi ko‘zda tutilgan. Bugungi kunga qadar 3 ming tonnadan ziyod baliq mahsuloti el dasturxoniga yetkazib berildi. Bundan 3-4 yil avval bozorda bir kilosi 15-20 ming so‘mdan sotilgan baliq ayni paytda 6 ming so‘mdan xaridorlarga yetkazib berilayotgani tarmoq rivojining amaldagi ifodasidir. Albatta, bunday natijalarga o‘z-o‘zidan erishilayotgani yo‘q. Tabiiy va sun’iy suv havzalari kengaytirilib, baliqchilik xo‘jaliklari soni muntazam ortib borayotgani, yangi-yangi loyiha va texnologiyalar qo‘llanilayotgani aholining parhez mahsulotga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlashga xizmat qilmoqda. 

Hisorak, Chimqo‘rg‘on, Talimarjon, Pachkamar, Qamashi, Qalqama, Yangiqo‘rg‘on suv omborlarida 199 sadok moslamasi o‘rnatildi. Yil boshidan buyon Qarshi va Nishon tumanlarida 13 million dona lichinka tayyorlash quvvatiga ega yangi inkubatsiyalar tashkil etilib, ular soni 8 taga yetkazildi. E’tiborlisi, mazkur inkubatsiyalarda urchitilayotgan chavoq va lichinkalar viloyatdagi suv havzalarini to‘liq baliqlantirish barobarida, qo‘shni viloyatlarga ham shartnoma asosida yetkazib berilmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilda sun’iy va tabiiy suv havzalarida baliq ovlashning doimiyligini ta’minlash maqsadida yil boshida 8,8 million dona baliq chavog‘i tashlash, baliqchilik xo‘jaliklari uchun 7,8 ming tonna omixta yem va 1,3 ming tonna mineral o‘g‘it ajratish, 200 gektar sun’iy suv havzasi tubini chuqurlashtirish, 198 sadok moslamasi o‘rnatish, 33 yangi baliqchilik xo‘jaligi tashkil etish, 1 inkubatsiya sexi hamda 1 reproduktor tashkil etish ishlari ortig‘i bilan bajarildi. Ushbu maqsadlarga 10 milliard so‘m kredit mablag‘i ajratildi.

– Joriy yilda 400 million so‘m kredit mablag‘i evaziga 11 gektar maydonda sun’iy ko‘l qazdirib, yangi baliqchilik xo‘jaligi tashkil qildik, – deydi Nishon tumanidagi “Jayxun ko‘li saxovati” xususiy savdo ishlab chiqarish korxonasi rahbari Sayfullo Nazarov. – Yil boshida ko‘lga tashlangan 33 ming dona sazan, do‘ng peshona, oq amur kabi baliq chavoqlari hozirda 1,5 kilogrammgacha tosh bosmoqda. Bugungi kunga qadar 22 tonna baliq ovlanib, ichki bozorga chiqarildi. Aslida bu yo‘nalishda uzoq yillardan buyon faoliyat olib boramiz. Yangi xo‘jalikdan tashqari 15 gektar ko‘limiz ham bor. Baliq go‘shti pishiradigan umumiy ovqatlanish shoxobchasi tashkil qilganmiz. Kelgusida mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirib borish evaziga zamonaviy muzlatkichlar va baliq go‘shtini qayta ishlaydigan texnologiyalar keltirishni rejalashtirganmiz.

Ayni paytda viloyatda baliq sotishga mo‘ljallangan 22 savdo shoxobchasi faoliyat yuritmoqda. Baliqchilik xo‘jaliklari qoshida 50 tonnadan 200 tonnagacha baliq mahsulotlarini saqlashga mo‘ljallangan muzlatkichlar ishlab turibdi. Baliqni qayta ishlash bo‘yicha ham bir qator loyihalar amalga oshirilmoqda.