Poytaxtimizda “Yil ayoli” milliy tanlovining Toshkent shahar bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Davlat va jamiyat hayotida faol ishtirok etayotgan xotin-qizlarni aniqlash, ularning yutuqlarini keng targ‘ib etish maqsadida Prezidentimiz farmoni asosida tashkil etilgan “Yil ayoli” milliy tanlovining Toshkent shahar bosqichida Toshkent shahar hokimligi, Toshkent shahar Oila va xotin-qizlar boshqarmasi rahbariyati hamda tuman Oila va xotin-qizlar bo‘limi vakillari, tanlovning shahar bosqichi g‘oliblari, shuningdek hamkor tashkilotlarning rahbar ayollari ishtirok etdi.

Tadbirda qayd etilganidek, bugungi kunda O‘zbekistonda yashayotgan har bir oila farovon turmush kechirishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilmoqda.
Xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini kengaytirishga, oilalar farovonligini ta’minlashga qaratilgan milliy tajriba – O‘zbekiston modeli amalga oshirilmoqda. Mazkur tanlov ham xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va ularni munosib taqdirlash uchun an’anaviy tarzda yo‘lga qo‘yilgan.

Tanlovning shahar bosqichida 35 yoshdan oshgan, o‘z yo‘nalishi bo‘yicha kamida 5 yil davomida uzluksiz mehnat qilib kelayotgan 85 nafar xotin-qiz o‘z salohiyati va tashabbuslari bilan qatnashdi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, 11 ta nominatsiya bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi.
Tadbir yakunida barcha nominatsiyalar bo‘yicha shahar bosqichi g‘oliblari taqdirlanib, ularga Respublika bosqichida ishtirok etish uchun yo‘llanmalar taqdim etildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA