French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
«Yil ayoli» tanlovining Gran-pri sohibasi ma’lum bo‘ldi
15:23 / 2022-12-26

Prezidentimiz «Ma’rifatli jamiyatni ma’rifatli onalarsiz qurib bo‘lmaydi!» g‘oyasini ilgari surar ekan, ayollarning nainki oila va jamiyatdagi, balki Vatan va millat taqdiridagi o‘rni beqiyos ekanini ham alohida ta’kidlaydi.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari saroyida «Ayoli e’zozlangan yurt!» mavzuidagi madaniy-ma’rifiy tadbirlar majmuasi bo‘lib o‘tdi. Uning doirasida «Yil ayoli» milliy tanlovi, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasining «Eng namunali boshlang‘ich tashkiloti», «Eng faol tadbirkor ayol» ko‘rik-tanlovlari g‘oliblarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi.  

Turli jabhalarda faollik ko‘rsatayotgan fidoyi xotin-qizlarni aniqlashda ko‘rik-tanlovlarning ahamiyati katta.  

Davlatimiz rahbarining 2022 yil 7 martdagi farmoni bilan tasdiqlangan Milliy dastur hamda Oliy Majlis Senati Kengashining qaroriga muvofiq, jamiyat hayotida faol qatnashayotgan, har jihatdan ibratli xotin-qizlarni aniqlash, ularning faoliyatini keng jamoatchilikka tanishtirish, ilg‘or ish tajribalarini ommalashtirish maqsadida «Yil ayoli» milliy tanlovini o‘tkazish belgilangan.  

Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasining «Eng namunali boshlang‘ich tashkiloti» ko‘rik-tanlovi ayollarning ahvolini yaxshilash, huquq va manfaatlarini himoyalashda fidoyilik bilan mehnat qilayotgan boshlang‘ich tashkilotlari raislarini aniqlash, ularning ilg‘or ish tajriba va uslublarini keng yoyish maqsadida uch bosqichda tashkil etildi. Uning tuman (shahar) bosqichlarida 4 ming 160 nafar nomzod boshlang‘ich tashkilotning faoliyati o‘rganildi.  

Tanlovning respublika bosqichi natijasiga ko‘ra, yigirma nafardan ortiq g‘olib boshlang‘ich tashkilotlari aniqlandi.  

Tanlovda 35 yoshdan yuqori hamda o‘z yo‘nalishi faoliyat bilan kamida 5 yil mobaynida uzluksiz shug‘ullanib kelayotgan ayollar, shuningdek, uy bekalari ishtirok etadi. Joriy yilda mazkur tanlovda 4 ming 600 nafardan ortiq xotin-qiz qatnashdi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bosqichida qatnashgan 147 nafar nomzod respublika bosqichiga tavsiya etildi.  

Hakamlar hay’ati qarori bilan «Yil ayoli» tanlovining respublika bosqichida «Yilning eng vatanparvar ayoli», «Yilning eng faol olima ayoli», «Yilning eng ilg‘or tadbirkor ayoli», «Yilning eng yaxshi ijodkor ayoli», «O‘zi kasbining ustasi bo‘lgan yil ayoli», «Yilning eng kuchli ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibotchisi», «Yilning eng yaxshi uy bekasi», «Yilning eng jonkuyar ustozi», «Yilning eng faol sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotchisi», «Yilning eng g‘oyalar tashabbuskori», «Yilning eng yaxshi IT - dasturchi ayoli» yo‘nalishlari bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi.  

«Yil ayoli» tanlovining respublika bosqichida Gran-priga O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining ingliz tili tarjima nazariyasi kafedrasi professori Guli Ergasheva loyiq topildi. Unga Prezident sovg‘asi – “Nexia-3» avtomashinasi, maxsus statuetka va diplom topshirildi.  

"Mamlakatimizda ayollarni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy himoyalash masalasi doimiy e’tiborda. O‘zbekistonda Yevropa ayollaridan farqli ravishda ayollar uy bekasi, kelin, mehribon ona, kasb egasi, ilm jabhasining fidoyisi sifatida faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘z faoliyatim davomida universitetimizda jamoatchilik asosidagi 8 ta ilmiy-tadqiqot institutini tashkil etdim. Bular nazariy va amaliy lingvistika, ekologiya, jurnalistika, siyosatshunoslik, tarjimashunoslik, chet tillarini o‘qitish, validatsiya kabi yo‘nalishlarni qamraydi. Bu yo‘nalishlar oliy ta’lim va tadqiqotlarni yanada yuqori pog‘onaga olib chiqishga qaratilgandir", dedi «Yil ayoli» tanlovining Gran-pri sohibasi,  O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti professori, 5 nafar farzandning onasi Guli Ergasheva.  

San’at ustalari va ijrochi yoshlar ishtirokidagi katta konsert dasturi namoyish etildi.  

Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova ishtirok etdi.  

 

Nazokat Usmonova, Nosirjon Haydarov (surat),  

O‘zA