Ma’lumki, har yili mamlakatimizda jamiyat hayotida faol ishtirok etayotgan, har jihatdan ibratli xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, olib borilayotgan islohotlarni keng targ‘ib qilish va jamoatchilikka yetkazish maqsadida “Yil ayoli” milliy tanlovi o‘tkazib kelinmoqda.
Tanlovda 35 yoshdan katta bo‘lgan, o‘z sohasida kamida 5 yil faoliyat yuritgan ayollar hamda o‘z nominatsiyasi bo‘yicha uy bekalari ham ishtirok etishlari mumkin.

Toshkent shahar saralash bosqichi ishtirokchilari orasida turli sohalarda faoliyat yuritayotgan mutaxassislardan tortib, mahalla va oilada faollik ko‘rsatayotgan uy bekalarigacha bo‘lgan turli toifadagi ayollar o‘rin oldi.

Jumladan, tuman bosqichi g‘oliblari bo‘lgan jami 85 nafar ishtirokchi Toshkent shahar bosqichida 11 ta nominatsiya bo‘yicha bellashdi.

Ishtirokchilar Nizomda belgilangan uchta asosiy shart – kasbiy tajribasi, ijtimoiy faolligi va shaxsiy yutuqlarini namoyish etdi. Shuningdek, jarayonlarda qatnashchilarning fidoyiligi, rahbarlik qobiliyati, ijtimoiy loyihalardagi faolligi hamda zamonaviy bilim va ko‘nikmalari alohida baholandi.
Komissiya tomonidan yuqori baholangan nomzodlar Respublika bosqichiga tavsiya etildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA