Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan “Yil ayoli” milliy tanlovining Respublika bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva Yangi O‘zbekistonning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy hamda ma’naviy hayotida xotin-qizlarning ishtiroki tobora ortayotganini e’tirof etdi.
Ta’kidlanganidek, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini kengaytirishga, oilalar farovonligini ta’minlashga oid milliy tajriba - O‘zbekiston modeli amalga oshirilmoqda.
Sohaga doir xalqaro standartlarga mos milliy qonunchilik takomillashtirilib, yurtimizda xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoyalash yuzasidan 100ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
[gallery-21069]
Xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish bo‘yicha Milliy dastur, 2030 yilga qadar mo‘ljallangan gender tenglikka erishish Strategiyasi qabul qilindi.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida xotin-qizlarning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy faolligini oshirish, onalik va bolalikni himoya qilish, gender tenglikni qaror toptirish, ayollarning huquq va manfaatlarini ta’minlashga doir keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilib, ular o‘z natijasini bermoqda.
Xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, oila institutini har tomonlama mustahkamlash bo‘yicha eng quyi bo‘g‘in – mahalla va xonadongacha kirib boradigan vertikal tizim yaratildi.
Mahallalarda xotin-qizlar faoli lavozimi joriy etildi va unga davlat xizmatchisi maqomi berildi. Ayollar mehnati to‘liq yoki qisman qo‘llanilishi taqiqlanadigan mehnat sharoiti noqulay bo‘lgan ishlar ro‘yxati bekor qilindi.
Siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka ko‘rsatilayotgan nomzodlarning kamida 40 foizi yoki har 5 nafaridan 2 nafari ayol kishi bo‘lishi zarurligi qonunchilikda mustahkamlab qo‘yildi.
Rahbar xotin-qizlarni tayyorlash bo‘yicha “Rahbar ayollar maktabi” kurslari tashkil etildi.
Ayollar raqamli iqtisodiyot, informatsion texnologiyalar kabi ilg‘or sohalarga faol kirib keldi. Ixtirochi xotin-qizlar o‘rtasida “INNOWOMENWEEK” – ixtirochi xotin-qizlarning innovatsion haftaliklari joriy etildi.
Bugun xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ulushi 35 foizga, tadbirkorlik sohasida 37 foizga, siyosiy partiyalar tarkibida esa 49 foizga yetdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining 38 foizi (57 nafar), Senat a’zolarining 27 foizi (16 nafar), mahalliy kengashlar deputatlarining 25 foizini ayollar tashkil etmoqda.
Vazir va vazirga tenglashtirilgan lavozimlarda xotin-qizlar ulushi 2018 yilda qariyb 3 foizni tashkil etgan bo‘lsa, o‘tgan davrda ikki barobar oshib, 5,7 foizga yetdi.
Ayollarning ulushi tibbiyot tizimida 77 foizdan ko‘proqni, ta’lim sohasida salkam 74 foiz, savdoda 49 foiz, iqtisodiyot tarmoqlari, sanoat va ishlab chiqarishda qariyb 46 foiz, madaniyat va sportda 45 foiz, qishloq xo‘jaligida 42 foizdan ziyodni, moliya va sug‘urta faoliyatida 37 foizdan ortiqni, axborot va aloqa xizmatida 35 foiz, professional, ilmiy va texnik faoliyatda qariyb 34 foizni, davlat boshqaruvi va mudofaa tizimida 27 foizdan ko‘proqni tashkil etmoqda.
Joriy o‘quv yilida respublika oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan xotin-qizlar ulushi 52,2 foizni tashkil etmoqda.
Gender tenglik sohasidagi erishgan yutuqlarimiz xalqaro darajada munosib e’tirof etilmoqda. O‘zbekiston 2024 yilda gender tenglik va boshqaruv indeksi bo‘yicha 72,8 ball to‘pladi.
Natijada 2022 yil qayd etilgan 103-o‘rindan 51 pog‘onaga ko‘tarilib, 52-o‘rinni egalladi. Ushbu indeks 158 ta mamlakatni qamrab olib, gender tenglikka erishish yo‘lida muvaffaqiyat va kamchiliklarni aniqlash imkonini beradi.
Xotin-qizlarni IT va STEM sohalariga faol jalb etish; qizlar uchun raqamli ko‘nikmalar bo‘yicha ta’lim dasturlarining ishga tushirilishi; Ayollar huquqlarini himoyalash va gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar; Boshqaruv, ta’lim, IT, mehnat, tadbirkorlik va zo‘ravonlikning oldini olish sohalaridagi ijobiy natijalar O‘zbekistonning dunyo miqyosidagi nufuzini yanada mustahkamlamoqda.
Ayol rahbarlarning yangi avlodini shakllantirishda ta’limga birlamchi omil sifatida qaralib, xotin-qizlarga ta’lim, ilm-fan bilan shug‘ullanish uchun barcha sharoitlar yaratildi.
Tadbirkor ayollar soni ikki hissa ortib, 205 ming nafarndan oshdi. Ayollarni kasb-hunarga o‘qitish, ularga imtiyozli shartlar asosida kreditlar ajratish bo‘yicha ishlar jadal olib borilmoqda.
Tashabbuskor, boy hayotiy tajribaga ega faol va fidoyi ayollarni o‘ziga birlashtirgan “Oqila ayollar” harakati tashkil etildi.
“Mo‘’tabar ayol” ko‘krak nishoni ta’sis etildi. Yosh xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, rag‘batlantirish borasida Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlash tizimi takomillashtirib borildi.
17 nafar ayol eng oliy mukofot – “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlandi.
Bugun yurtimizda xotin-qizlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar va imtiyozlar natijasida faol va yuksak salohiyatli ayollar safi kengaymoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 7 martdagi Farmonining 2-ilovasi bilan tasdiqlangan Milliy dastur hamda Oliy Majlis Senati Kengashining 2022 yil 27 apreldagi tegishli qaroriga muvofiq, “Yil ayoli” milliy tanlovini o‘tkazish belgilangan.
Tanlov nizomiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan 35 yoshdan yuqori hamda o‘z yo‘nalishi bo‘yicha faoliyat bilan kamida 5 yilmobaynida uzluksiz shug‘ullanib kelayotgan ayollar, shuningdek, uy bekalari tanlovda ishtirok etishlari mumkin.
Joriy yilda “Yil ayoli” tanlovining tuman (shahar) bosqichlarida 3 ming 91 nafar ayol qatnashdi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosqichlarida 1 ming 146 nafar ayol qatnashib, ularning 150 nafari tanlovning respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
“Yil ayoli-2024” tanlovida ayollar faoliyati 12 ta nominatsiya bo‘yicha baholandi. Bular, “Yilning eng vatanparvar ayoli”, “Yilning eng faol olima ayoli”, “Yilning eng ilg‘or tadbirkor ayoli”, “Eng faol yashil makon targ‘ibotchisi”, “Yilning eng yaxshi ijodkor ayoli”, “O‘z kasbining ustasi bo‘lgan yil ayoli”, “Yilning eng kuchli ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibotchisi”, “Yilning eng yaxshi chilangar ayoli”, “Yilning eng yaxshi uy bekasi”, “Yilning eng jonkuyar ustozi”, “Yilning eng faol sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotchisi”, “Yilning eng yangi g‘oyalar tashabbuskori”.
1-o‘ringa Xorazm viloyati Gurlan tumani 36-maktabgacha ta’lim muassasasi mudirasi, 2021yildan "Gurlan export" mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Manzura Masharipova sazovor bo‘ldi.
2-o‘ringa Farg‘ona shahar “Tantana tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Zebiniso Xayrullayeva, 3-o‘ringa Surxondaryo viloyati IIB Jamoat xavfsizligi xizmati Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, xotin-qizlar va ijtimoiy masalalar bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik O‘raltosh Eshimova munosib topildi.
Olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha Nukus oliy mahorat maktabi murabbiy-o‘qituvchisi Nigora Polvonova Oliy o‘rin – gran pri sohibi bo‘lib, Prezident sovg‘asi – avtomobil bilan taqdirlandi.
Mukofotni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva topshirdi.
- O‘zining bor kuchi, salohiyati, bilimi, mehri va saxovatini xalqimizga baxshida etayotgan Prezidentimizga chin yurakdan minnatdorlik bildiraman, - dedi "Yil ayoli - 2024" tanlovining respublika bosqichi Oliy mukofoti sohibasi Nigora Polvonova. - Mamlakatimizda ko‘plab sport ob’ektlari qurilmoqda. Bu yurtda halol mehnat doim qadr va e’tibor topadi.
"Yil ayoli” milliy tanlovining Respublika bosqichining yakuniy jarayoni bayramona va baland ruhda o‘tdi.
Nazokat Usmonova,
Rustam Nazarmatov (surat), O‘zA