Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Yil ayoli” milliy tanlovi viloyat bosqichi g‘oliblari taqdirlandi
15:31 / 2025-12-09

Andijon davlat universitetida “Yil ayoli” milliy tanlovining viloyat bosqichi g‘oliblarini taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Keng jamoatchilik vakillari ishtirokida o‘tkazilgan tadbir ochilishida Andijon viloyati hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Feruzaxon Rustamova va boshqalar so‘zga chiqib, mamlakatimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirishga qaratilgan keng qamrovli islohotlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda bir qator tashkilotlar hamkorligida mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotgan, yuksak ma’naviyati va ibratli faoliyati bilan ajralib turgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda tashkil etilgan “Yil ayoli” tanlovining viloyat bosqichida tuman va shahar bosqichlarida g‘olib bo‘lgan 126 nafar ishtirokchining hujjatlari belgilangan tartibda ko‘rib chiqildi.

Ishtirokchilar orasidan zamonaviy o‘zbek ayoli timsolini o‘zida mujassam eta olgan, faol va o‘z sohasida namunali ish olib borayotgan ayollar  “Yilning eng vatanparvar ayoli”, “Yilning eng ilg‘or tadbirkor ayoli”, “Yilning eng yaxshi ijodkor ayoli”, “Yilning eng yaxshi IT – dasturchi ayoli”  singari 11 ta nominatsiya bo‘yicha g‘olib deb topildi. 

– Faoliyatim munosib baholanib, tanlovda “Yilning eng yaxshi IT – dasturchi ayoli”  deb e’tirof etilganligimdan xursandman, – deydi Izboskan tumanidagi 18-umumta’lim maktabi informatika va axborot texnologiyalari fani o‘qituvchisi Odinaxon Zahriddinova. – “Google Sertified Educator”, “Micrasoft Sertified Educator” xalqaro sertifikatlari sohibasiman.  IT sohasida qator loyihalarni amalga oshirdim. Jumladan, maktablarning IT infratuzilmasini yaxshilash maqsadida “Sun’iy intellektda SI chat-bot prompt dasturlari” doirasida tumandagi informatika fani o‘qituvchilariga trenerlik qilib kelaman. Bundan tashqari, tuman hokimligi matbuot xizmatining “Sun’iy intellekt muxbiri” dasturini ham yaratib, ishga tushirdim. 

[gallery-26639]

Tanlovda g‘olib sifatida e’tirof etilganim menga kuch, shijoat va rag‘bat berdi. Jamiyatimiz ijtimoiy hayotida yanada faol bo‘lishga, yurtdoshlarimiz, xususan, yoshlarning IT sohasidagi bilim va salohiyatini yanada boyitishga harakat qilaman. 

 Tanlovning g‘olib va sovrindorlariga viloyat hokimligining faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.

Tadbir yakunida namoyish etilgan badiiy dastur barchaga xush kayfiyat ulashdi. 

F.Ubaydullayev,

Z.Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari