Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
«Yil ayoli” hamda “Eng namunali xotin-qizlar faoli” tanlovlarining g‘oliblari taqdirlandi
20:05 / 2025-12-23

Poytaxtimizdagi Kasaba uyushmalari saroyida Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan “Yil ayoli” milliy tanlovi hamda “Eng namunali xotin-qizlar faoli” tanlovining respublika bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda turli vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlarining vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, joylardagi oila va xotin-qizlar qo‘mitalarining mutasaddilari, faol ayollar ishtirok etdi. 

Tadbir avvalida mamlakatimizda ayollarga hurmat va ehtirom ko‘rsatish borasidagi ezgu ishlarga oid videofilm namoyish etildi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida mamlakatimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini o‘z vaqtida va ijobiy hal etish borasidagi tizimli ishlarning yuksak samaralari xususida batafsil so‘z yuritildi. O‘zbekistonda ayollar manfaatlarini ta’minlashga oid yaratilgan milliy tizim xalqaro miqyosda ham yuksak e’tirof etilayotgani alohida ta’kidlandi. 

Tadbirda mahalladan boshlangan ezgu tashabbuslarni respublika miqyosida amaliy va samarali harakatga aylantira olgan “Eng namunali xotin-qizlar faoli” tanlovi g‘oliblari taqdirlandi.

“Eng namunali xotin-qizlar faoli” tanlovi g‘oliblari sifatida el ishonchiga sazovor, tashabbuskor va mas’uliyatli 14 nafar xotin-qizlar faolining ibratli ishlari alohida e’tirof etildi. Ular o‘z faoliyati bilan mahallada ijobiy muhit yaratish, aholining ijtimoiy faolligini oshirish hamda yangi O‘zbekiston islohotlarini quyi bo‘g‘inda samarali amalga oshirishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

Mamlakatimizda bir necha yillardan buyon o‘tkazib kelinayotgan “Yil ayoli” respublika ko‘rik-tanlovi jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan, o‘zining bilim, tashabbuskorlik, fidoyilik va yetakchilik fazilatlari bilan boshqalarga ibrat bo‘layotgan xotin-qizlarni e’tirof etishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. 

Taqdirlash marosimi davomida har ikkala tanlovning respublika bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan xotin-qizlar faxriy diplomlar va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishi yaxshi an’anaga aylandi. Ushbu e’tirof nafaqat shaxsiy yutuqlarning yuksak bahosi, balki jamiyatda ayol faolligi, ijtimoiy mas’uliyati va yetakchilik salohiyatiga bo‘lgan yuksak ishonchning ifodasi sifatida namoyon bo‘ladi.

“Yil ayoli” respublika tanlovida Gran-pri – Oliy o‘ringa Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahridagi “Anvarjon biznes invest” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Gulmira Jumayeva munosib topildi. Unga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini – avtomobil topshirildi. 

– Mendek oddiy ayol bunday nufuzli tanlovlarda g‘olib bo‘lishi mamlakatimizda xotin-qizlarga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tiborning amaliy namunasidir, – dedi Gulmira Jumayeva. – Bugun yurtimiz ayol-qizlari ham o‘z mehnati, izlanishlari, faol tadbirkorlik harakati bilan mamlakatimizdagi yangilanish jarayonlariga faol hissa qo‘shmoqdalar.

“Yil ayoli” respublika tanlovida birinchi o‘ringa Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Axborot texnologiyalarining dasturiy ta’minot kafedrasi professori Dildora Muhamedova sazovor bo‘ldi. 

– Mamlakatimizda ayollarga qaratilayotgan bunday ehtiromdan cheksiz minnatdorman, – dedi Dildora Muhamedova. – Bunday e’tibor bizlarni yanada ko‘proq izlanishga, g‘ayrat bilan mehnat qilishga undaydi. 

Ona-Vatanimiz, istiqlolimiz, mamlakatimizda kechayotgan shiddatli yangilanish jarayonlari, ayollarga ko‘rsatilayotgan mehr va e’tiborni tarannum etuvchi katta konsert dasturi namoyish etildi. 

Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova ishtirok etdi.

Nazokat USMONOVA, O‘zA muxbiri